O‘zA O`zbek

24.08.2018 09:33 Chop etish versiyasi

Ezgulikka esh muqaddas ayyom Navoiyda koʻtarinkilikda oʻtkazildi

Ezgulikka esh muqaddas ayyom Navoiyda koʻtarinkilikda oʻtkazildi
Qurbon hayiti munosabati bilan Navoiy viloyatida hokimliklar, masʻul idora va tashkilotlar hamda aholi tomonidan keksalar, nogironlar, yordamga muhtoj kishilar holidan xabar olinib, ularga mehr-muruvvat koʻrsatildi.

— Qurbon hayiti – musulmonlarning shod-xurramlik, koʻngil olish, mehr-oqibat, xayr-saxovat koʻrsatish, bir-birlari bilan diydorlashuv bayramidir, — deydi viloyat bosh imom-xatibi T.Roʻziyev. — Alloh taolo inʻom etgan tinchlik, osoyishtalik neʻmati ila bayram barokatli oʻtkazildi. Qurʻon tilovatidan soʻng, jannatmakon yurtimizga, xususan, butun dunyoga, tinchlik-omonlik soʻrab, xalqimiz farovonligi, yoshlarimiz baxtu iqbolini tilab duolar qilindi.

Bayram munosabati bilan Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha viloyat kengashi tomonidan bir guruh front orti mehnat faxriylari hamda nogironligi boʻlgan shaxslarga 8 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Jumladan, kengash mutasaddilari “Yangi ariq” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Sharofat aya Rustamova hamda Xayrulla bobo Mamatovlar xonadonlarida boʻlib, ularga sovgʻa-salomlar ulashishdi.

— Bugungi dorilomon kunlarga yetkazganiga shukr, — deydi 89 yoshli Xayrullo bobo. — 10 nafar farzandimni oʻqitib, birini shifokor, boshqasini tadbirkor sifatida jamiyatga kerakli shaxslar etib tarbiyaladim. 50 nafardan ortiq nevara-chevara bagʻrimni toʻldirib oʻtiribdi. Biz keksalar doimo ardoqda. Sanatoriylarda imtiyozli davolanyapmiz, bepul tibbiy jihozlar, dori-darmonlar tarqatilmoqda. Bularning barchasi, yurtimizda keksalarga boʻlgan hurmat-eʻtibor tufaylidir.

Nuriddin Rahimov, OʻzA
1 879