O‘zA O`zbek

08.08.2018 18:00 Chop etish versiyasi

Ezgu tashabbusning bir yili


Prezidentimiz tomonidan Bekobod va Olmaliq shaharlari o‘rtasida rivojlanish musobaqasi e’lon qilinganiga bir yil bo‘ldi.

Odatda, musobaqa deganda ko‘z o‘ngimizda sport bellashuvlari gavdalanadi. Shuningdek, madaniyat, san’at va ilm-fan sohalarida o‘ziga xos turli xalqaro musobaqalar o‘tkazilishini ham bilamiz. Albatta, musobaqadan maqsad o‘z sohasi yoki yo‘nalishida eng kuchli, eng mohir, eng zo‘r va hokazolarni aniqlash ekani ma’lum.

Aholi uchun har tomonlama munosib turmush sharoiti yaratish, ularni hayotdan, bugungi kunidan rozi qilish borasidagi shaharlararo musobaqa esa biz bilgan musobaqalar orasida eng olijanob maqsadlarni ko‘zlashi bilan keskin ajralib turadi. Boisi, unda kim g‘olib yo kim mag‘lub bo‘lishidan qat’i nazar, bellashuv bahona amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari qoladi. Minglab insonlarning turmush farovonligiga erishiladi. 

IMG_9156.JPG

Xabaringiz bor, 2017-yil 18-avgust kuni Prezidentimiz Toshkent viloyatining Bekobod shahriga tashrifi chog‘ida Bekobod va Olmaliq shaharlari o‘rtasida rivojlanish bo‘yicha musobaqa o‘tkazish taklifini ilgari surgan edi. Davlatimiz rahbari odamlarning turmushini yaxshilashdek olijanob maqsadlarga xizmat qiladigan ushbu o‘ziga xos musobaqa shartlari haqida gapirar ekan, “2017 - yilning 1 - sentyabridan 2018 - yilning shu davrigacha ikkala shaharning rivojlanish tendensiyalarini kuzatib boramiz. Bu ikki metallurgiya kombinati o‘rtasida emas, shaharlar o‘rtasidagi sog‘lom raqobat bo‘ladi. Bozordagi narx-navodan tortib, aholi turmushi uchun yaratilayotgan barcha sharoitlar inobatga olinadi. Yangi korxona ishga tushadimi, yangi ish o‘rni yaratiladimi, barchasini e’tiborga olib boramiz“, degan edi. Musobaqa sharti ma’lum – yangi ish o‘rinlari yaratish orqali aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy va kommunal xizmatlar sifatini oshirish, madaniy xordiq chiqarishi uchun munosib sharoit yaratish, ta’lim va tibbiyot sifatini yaxshilash.

Yirik sanoat shaharlari aholisini bugungi kunidan rozi qilish borasidagi musobaqa e’lon qilinganiga ham bir yil to‘ldi. Xo‘sh, shu vaqt mobaynida musobaqa shartlariga ko‘ra nima ishlar qilindi, aholi turmushida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?

Asrga tatigulik yil

Qariyb 93 ming aholi istiqomat qiladigan Bekobod shahrida so‘nggi bir yilda salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, Prezidentimiz tashrifidan so‘ng 2017-2018 - yillarda shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqildi. Unda yangi ish o‘rinlari yaratish, “Mustaqillikning 27 yilligi massivi”ni tashkil etish, ko‘p qavatli uylarning isitish tizimini yaxshilash kabi aholi turmushining birlamchi ehtiyojini qanoatlantirish bo‘yicha zarur choralar qamrab olindi.

IMG_9168.JPG

Ma’lumotlarga ko‘ra, musobaqa davrida shaharda sanoat, tibbiyot, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida 137 loyiha amalga oshirilgan. Natijada 2 ming 248 yangi ish o‘rni yaratilgan. Prezidentimiz taklifiga binoan “Mustaqillikning 27 yilligi massivi“ nomini olgan yangi mavzeda 210 xonadonga mo‘ljallangan 5 ta ko‘p qavatli turar joy qad rostlagan. Yana shuncha xonadonga mo‘ljallangan 5 ta ko‘p qavatli turar joyni qurish ishlari boshlanish arafasida.

IMG_1118.JPG

– Munosib turmush sharoiti yaratish borasida shahar aholisi oldida qarzimiz ko‘p, – deydi shahar hokimi Zafar Fayzullayev. – Yillar mobaynida aholining ichimlik suvi, yo‘l, uylarni isitish, tomini ta’mirlash, muxtasar aytganda, kundalik hayot uchun zarur bo‘lgan asosiy yo‘nalishlar izdan chiqqan. Aholi bandligini ta’minlash, tibbiy xizmat sifatini oshirish, madaniy hordiq chiqarishi uchun sharoit yaratish, bolalarni bog‘chaga qamrab olish kabi yo‘nalishlar ham e’tibordan chetda qolgan edi. Prezidentimiz tashabbusi bilan “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” kabi dasturlar qabul qilingani ushbu muammolarni bartaraf etishda ayni muddao bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbari taklifi va tashabbusi asosida shaharda kichik sanoat zonasi tashkil etildi. Mazkur sanoat zonasini rivojlantirish bo‘yicha rejalashtirilgan 17,7 milliard so‘mlik 11 loyihadan hozirga qadar 3,4 milliard so‘mlik 3 loyiha hayotga tatbiq etildi. Bu 128 kishining bandligini ta’minlash imkonini berdi.

IMG_1100.JPG

Shahar silga qarshi kurashish dispanseri va 1-oilaviy poliklinikada qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Mazkur tibbiyot muassasalari eng ulug‘, eng aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining 27 yillik bayrami arafasida foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, “Bekobod dehqon bozori“ mas’uliyati cheklangan jamiyati hududida gipermarket, Yangihayot mahallasi hududida 216 o‘ringa mo‘ljallangan maktab binosi qurilishi yakunlanish arafasida. “Bekobod – Xovos – Yangiyer – Toshkent” yo‘nalishida poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilgani ham aholining uzog‘ini yaqin qilmoqda.

Prezidentimizning maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirishga doir farmon va qarorlari ijrosi yuzasidan shaharda 3 xususiy bog‘cha faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 3 tasida muddatli guruhlar tashkil etildi. Natijada bog‘cha yoshidagi 200 nafardan ortiq bola maktabgacha ta’limga jalb etilib, ularni bog‘chaga qamrab olish o‘tgan yilgiga nisbatan 4,4 foizga oshdi.

IMG_9094.JPG

Shahar aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashga ixtisoslashgan 3-suv olish inshooti 1980-yilda qurilgan bo‘lib, suv nasoslari ma’nan eskirgan. Boz ustiga, inshootdan shahargacha bo‘lgan 9,5 kilometr uzunlikdagi quvur qo‘shni Tojikiston Respublikasi hududidan o‘tgani bois, so‘nggi chorak asrda biror marta ta’mirlanmagan. Natijada shahar aholisini muntazam toza ichimlik suvi bilan ta’minlash imkonsiz vazifaga aylangan.

– Mahallamizdagi 21 ko‘p qavatli uyda 3 ming 400 dan ortiq aholi yashaydi, – deydi “Paxtakor" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Qo‘zimurod To‘raboyev. – Odamlar uchun ichimlik suvi va qish kunlari uyni isitish muammo edi. Suv ma’lum vaqtlardagina berilar, bosim kamligidan 4- va 5-qavatlarga umuman suv chiqmas edi. Prezidentimiz bir yil avval mahallamizga tashrif buyurib, ushbu muammolarni hal etish bo‘yicha zarur topshiriqlar berdi. Hozir bu masalalarda hech qanday muammo yo‘q.

IMG_9099.JPG

Davlatimiz rahbarining tashrifidan so‘ng qisqa fursat ichida 3-suv olish inshooti jahondagi yetakchi firmalarning zamonaviy suv olish texnologiyalari bilan jihozlandi. 9,5 kilometrga yangidan quvur yotqizildi. Natijada nafaqat shahar aholisining toza ichimlik suvi bilan bog‘liq muammosiga barham berildi, balki oyiga 300-350 ming kilovatt elektr energiyasini tejash imkoniyati yaratildi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, elektr energiyasi, suv va boshqa barcha yo‘qotishlar bilan qo‘shib hisoblaganda, bir oyda o‘rtacha 85 million so‘m tejalayotir. Demak, loyihaga sarflangan 12 milliard so‘m mablag‘ 11 yilga yetmasdan faqat tejamkorlik hisobiga to‘liq qoplanadi. Tejalayotgan elektr energiyasi esa yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etishga zamin yaratishi, zimiston ko‘chalar, o‘chib-yonishi odat bo‘lib qolgan minglab xonadonlarga nur olib kirishi shubhasiz.

Shahardagi 349 ta ko‘p qavatli uyda 13 ming 752 xonadon bo‘lib, ushbu uylardagi isitish tizimining yaxshi ishlamasligi odamlarni ko‘p yillardan buyon qiynab kelayotgan asosiy muammolardan edi. So‘nggi bir yilda 2 ming 376 xonadonga imtiyozli kredit asosida ikki konturli isitish qozonlari o‘rnatildi. Joriy yil yakuniga qadar yana 3 ming 400 ta ana shunday isitish qozoni o‘rnatish rejalashtirilgan.

– Ilgari qishning sovug‘idan yurak oldirib qo‘ygan edik, – deydi Paxtakor mahallasi 66-uy 26-xonadonda istiqomat qiluvchi fuqaro Usmon Shodiyev. – Biz kattalar-ku mayli, chopon yopinib, bir amalimizni qilardik, bolalarga qiyin edi. Kechasi bilan qarab chiqolmaysan, usti ochilib, shamollaydi. Davlatimiz rahbaridan behad minnatdormiz, yillar davomida bizni qiynab kelgan muammoni hal etib berdi. Imtiyozli kreditga ikki konturli isitish qozoni oldik. Endi nafaqat uyimiz issiq, balki istalgan vaqtda issiq suvimiz ham bor.

ef2fe454-6809-48e1-b9ba-6e65c24ed582.jpg
(rekonstruksiyadan avval)

IMG_9320.JPG
(rekonstruksiyadan keyin)

Shahar aholisining ishdan va o‘qishdan bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishini ta’minlash maqsadida 22 gektar tashlandiq maydonda zamonaviy bog‘ tashkil etilgan. “Yoshlar bog‘i“ nomini olgan mazkur ko‘ngilochar maskanga 15 zamonaviy attraksion o‘rnatilgan. Ikkita musiqali favvora, ikkita sun’iy ko‘l, piyoda va velosipedchilar uchun bog‘ bo‘ylab alohida yo‘lakcha, mini-futbol, tennis va basketbol maydonchalari tashkil etilgan. Qariyb 5 ming tup manzarali daraxt ko‘chati ekilish bilan birga, avvaldan mavjud bo‘lgan 1 ming tupi saqlab qolingan. Bog‘ning 7 gektar quyi qismida sokin hudud barpo qilinib, 1,5 ming kitob fondiga ega kutubxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Biz borgan kuni bu yerda shahar yoshlarining bir guruhi adabiyot va san’atning turli yo‘nalishlari bo‘yicha ijod bilan mashg‘ul bo‘lsa, boshqalari zo‘r berib, davlat test imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda edi. Kishini to‘lqinlantirib yuboradigan nihoyatda ajib manzara, diling yayraydi, beixtiyor mutolaaga o‘tirging keladi. 

IMG_9254.JPG

Aholi uchun yaratilgan qulayliklardan yana biri – asosiy temir yo‘l ustidan Farhod, Istiqlol va Sementchi mahallalarini shahar bilan bog‘lovchi yangi yo‘l ochilganidir. Ilgari ushbu mahallalarga o‘tish yoki qaytish uchun 8 kilometr masofani aylanib kelish talab etilar edi. Yangi yo‘l ochilishi bilan bu masofa endi bor-yo‘g‘i 200 metr, hu desang, eshitiladigan darajada yaqin. 

Mahalliy aholining aytishicha, eski aylanma yo‘ldan kuniga o‘rtacha 300-350 avtomobil o‘tgan. Ularning aksariyati borib-qaytishi inobatga olinsa, bu taxminan 5000 kilometr degani. Bu esa, Toshkentdan Qo‘ng‘irotga ikki marta borib-kelish bilan barobar. Endi buni oddiy arifmetikaga soladigan bo‘lsak, kuniga qariyb 500 litr yoqilg‘i tajalayotgani ayon bo‘ladi. Shuningdek, mingga yaqin aholining kuniga qariyb 170 soat vaqti tejalayotgani, ayniqsa, avtomobillardan atmosferaga ko‘plab zaharli gazlar chiqishining oldi olinayotganini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi.

Bir yil shiddati

Olmaliq mamlakatimizda rangli metall ishlab chiqarish bo‘yicha yirik sanoatlashgan shahar hisoblanadi. 130 mingdan ziyod aholi istiqomat qiluvchi shaharda so‘nggi bir yilda ulkan bunyodkorlik, qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Jumladan, shahar investitsiya dasturiga muvofiq, 2017-2019 - yillarda sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari bo‘yicha umumiy qiymati 253 milliard 457 million so‘mlik 89 loyihani amalga oshirish va 985 yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan edi. Ayni paytga qadar dastur doirasidagi 53 loyiha hayotga tatbiq etilgan va 607 yangi ish o‘rni yaratilgan.

– 11 avgust kuni Prezidentimiz shahrimizga tashrif buyurganiga roppa-rosa bir yil to‘ladi, – deydi shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Nurlaxon Quddusov. – Davlatimiz rahbari tashrifi chog‘ida aholi turmush farovonligini yuksaltirish bilan bog‘liq muhim vazifalar haqida to‘xtalar ekan, yangi uy-joylar bunyod etish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha zarur topshiriq va ko‘rsatmalar bergan edi. O‘tgan vaqt davomida ana shu asosda amalga oshirilgan ishlar ko‘lami va ahamiyatini shahrimiz o‘z tarixida hech qachon ko‘rmagan. 

Prezident tashrifidan so‘ng shaharda umumiy qiymati qariyb 92 milliard so‘mlik 25 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi. Bugungi kunga qadar 31 milliard 143 million so‘mlik 10 loyiha amalga oshirilib, 205 yangi ish o‘rni yaratildi. “HE-CHUANG TECHNOLOGY“ korxonasi ana shulardan biri. Xitoylik sarmoyadorlarning 1 million dollarlik mablag‘i evaziga foydalanishga topshirilgan mazkur korxonada qizilmiya o‘simligi tomiridan konsentrat ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. 

“Chevar“ mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘tgan yil sentyabr oyida faoliyat boshlagan. 1 million dollarlik ushbu loyihaning amalga oshirilishi natijasida 180 kishining doimiy bandligi ta’minlandi. Ayni paytda bu yerda 15 turdagi bolalar kiyimi tayyorlanib, mahsulotning asosiy qismi Rossiyaga eksport qilinayotir.

Olmaliq shahrining Ibn Sino ko‘chasida ham Prezidentimiz tashabbusi bilan “Mustaqillikning 27 yilligi massivi” qad rostlamoqda. Bu yerda har biri 42 xonadonga mo‘ljallangan 7 qavatli 10 ta uy foydalanishga topshirilish arafasida. Yangi massivda aholi farovonligini yuksaltirish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida gipermarket, maktabgacha ta’lim muassasasi, madaniyat va istirohat bog‘i ham barpo etilayotir.

IMG_0023.JPG

Shaharning Bo‘ston mahallasi hududida kichik sanoat zonasi tashkil etilgan. Ayni paytda “Olmaliq kichik sanoat zonasini boshqarish direksiyasi“ davlat unitar korxonasi tomonidan 6 loyihani amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy choralar ko‘rilmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 1-dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida shahardagi sobiq yotoqxona binosi qayta ta’mirlanib, nogironligi bo‘lgan 53 oila, jumladan, shahardagi 15 shunday oila uy-joy bilan ta’minlandi.
– Bir oyog‘im yaxshi ishlamaydi, I guruh nogironiman, – deydi Abdulla Avloniy nomidagi mahallada yashovchi Eldor Mardonov. – Turmush o‘rtog‘im Layloxon ham II guruh nogironi. Nolimaymiz, o‘g‘limiz Bahodir voyaga yetib qoldi. Undan umidlarimiz katta. Lekin, o‘z uying bo‘lgani yaxshi-da. Yaratganga shukur, mana, ko‘p yillik orzuimiz ushaldi. To‘g‘risi, armon bo‘lib qoladimi, degan xavotirda yurardik. Chunki, hech kim holingdan xabar olmasa, ishonch ham, hayotga qiziqish ham bo‘lmaydi-da. Bir yildan buyon hammasi boshqacha. Prezidentimizning o‘sha tashriflaridan so‘ng hayotimizda ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi, barchasi yaxshi tomonga. Bunday g‘amxo‘rlikdan keyin yashaging, yashaganda ham yaxshi yashaging kelaverar ekan. Atrofingdagi hamma narsa chiroyli ko‘rinar va odamda beixtiyor mehr-oqibat yuksalar ekan.

Shaharda bog‘cha yoshidagi bolalar 8 ming 200 nafardan ziyod. So‘nggi bir yilda hududda 125 o‘rinli 3 xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada bolalarni bog‘chaga qamrab olish darajasi 80 foizga yetdi.

Aholini toza ichimlik suvi, elektr energiyasi, gaz bilan ta’minlash, ichki yo‘llarni asfaltlash va ta’mirlash borasida ham qator ishlar bajarilgan. Jumladan, 5,6 kilometr uzunlikdagi suv quvuri mukammal, 33 kilometrlik qismi esa joriy ta’mirdan chiqarilgan. 2 yangi transformator o‘rnatilib, 18 tasi mukammal ta’mirlangan. 43 eski yog‘och ustunlar yangi temir-betonlisiga almashtirilgan. Aholiga tabiiy gaz yetkazib berishni yaxshilash maqsadida 3 ming 700 metr o‘rta bosimli gaz quvuri rekonstruksiya qilingan. 1 gaz taqsimlagich yangidan o‘rnatilib, 4 tasi mukammal ta’mirlangan. 45 ming 500 metr masofadagi ichki yo‘llar mukammal va joriy ta’mirdan chiqarilgan. Shaharning markaziy ko‘chasiga qariyb 600 dona energiya tejovchi zamonaviy yoritish moslamalari o‘rnatilgan.

Tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish maqsadida shahar bolalar shifoxonasi rekonstruksiya qilinib, binoning “A“ blokidan ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, oilaviy poliklinika filiali, tez tibbiy yordam va qon quyish bo‘limi, “V“ blokidan 90 o‘rinli bolalar shifoxonasi o‘rin olgan.

– Shahardagi bunyodkorlik ishlarini ko‘rib, ko‘zing quvnaydi, ertaga hayoting yanada yaxshi bo‘lishiga ishonching ortadi, – deydi Sh.Rashidov ko‘chasi 18-uy 5-xonadonda yashovchi Rustem Usenov. – Bu o‘zgarishlar oilamizni ham chetlab o‘tmadi. Mutasaddilar uyimizni ta’mirlab, mebel jihozlari berdi. Davlatni rivojlantirishdek g‘oyat muhim ishidan ortib, biz kabi imkoniyati cheklangan insonlarga alohida e’tibor qaratayotgan Prezidentimizdan juda-juda minnatdormiz. 

Shaharga kiraverishdagi Hamza nomli mahalla fuqarolar yig‘inida 2 ming 400 dan ziyod aholi istiqomat qiladi. 10 ko‘p qavatli uy oralig‘ida joylashgan qariyb 1 gektar maydon bundan bir yil avval tashlandiq holda edi. Prezidentimiz tashrifidan so‘ng ushbu hudud obodonlashtirilib, bolalar uchun turli attraksionlar o‘rnatildi. Zamonaviy mini-futbol stadioni barpo etildi. Tadbirkor Abduvahob Qoraboyev tomonidan salqin ichimliklar va muzqaymoq do‘koni qurildi. Endilikda bu joy nafaqat bolalar, balki kattalarning ham sevimli maskaniga aylangan.

3.1.JPG

– Katta bo‘lsam, futbolchi bo‘laman, – deydi 6-sinf o‘quvchisi Shohrux Abdusodiqov. – Har kuni mahallamizdagi stadionda bolalar bilan maza qilib futbol o‘ynaymiz. Avvallari chang-tuproq yoki anavi beton yo‘l ustida o‘ynar edik. Eh-he, necha marta yiqilib, ko‘p joyimiz shilinib ketardi. Shuning uchun oyimdan rosa gap eshitardim. Hozir oyim ham futbolchi bo‘lishimga qarshi emas. Chunki, hech qayerim shilinmaydi-da. 

Shahar hokimligidan ma’lum qilishlaricha, shaharda 20 zamonaviy mini-futbol stadioni qurilib, bolalar ixtiyoriga topshirilgan. E’tiborli jihati, ulardan foydalanish mutlaqo bepul.

Prezidentimiz shaharga tashriflari davomida Hamza nomidagi mahalla bilan shundoqqina yonma-yon joylashgan “Oydin dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham bo‘lib, sotuvchi va xaridorlar uchun har tomonlama qulay sharoit yaratish, zamonaviy infratuzilma barpo etish bo‘yicha tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar bergan edi. Ayni paytda bu yerda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Barcha qulayliklarga ega ushbu zamonaviy bozor shu oy oxiriga qadar foydalanishga topshirilishi mo‘ljallanmoqda.

Haqiqiy g‘olib – aholi

Har ikki shahar odamlarining hayotdan rozilik, bugungi kunidan shukronalik ufurib turgan yuz-ko‘zlaridagi mamnunlik bizga ham ko‘chdi shekilli, asosiy maqsad – kim g‘olib, degan savolga javob topishda ochig‘i, qiynaldik. Boisi, so‘nggi bir yilda aholi turmush darajasi va sifatini yuksaltirish yo‘lida mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha bir o‘rinda Bekobod, boshqasida Olmaliq shahri ustun ko‘rinadi. Fikrimiz asossiz bo‘lmasligi uchun birgina misol. Aholiga yangi ko‘p qavatli turar joylar qurish bo‘yicha Bekobodda 5 ta, Olmaliqda 10 ta ko‘p qavatli uy barpo etilmoqda. Bu o‘rinda Olmaliq shahri g‘olib! Yaratilgan ish o‘rinlari hisobiga Bekobod shahrida ishsizlik darajasi 12,1 foizdan 8,7 foizga tushgan. Olmaliq shahrida esa bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgi 4,3 foizligicha, o‘zgarmay qolgan. Demak, bu borada Bekobod shahri oldinda!

Maqola avvalida musobaqada kim g‘olib bo‘lishidan qat’i nazar, bunda hech bir tomon yutqazmasligini aytgan edik. Lekin teranroq nazar solsak, aslida musobaqaning mutlaq g‘olibi bor ekan – bu HAR IKKI SHAHAR AHOLISI, ya’ni, u yerda yashayotgan yurtdoshlarimiz!

Avazbek Xudoyqulov, O‘zA
3 274