Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.03.2017 13:07 Chop etish versiyasi

Ezgu niyat, savob ishlar ifodasi

Ezgu niyat, savob ishlar ifodasi Bugun erta tongdan Jizzax viloyati shaharu qishloqlari, mahalla va ko‘chalari ham Navro‘zi olam oldidan o‘tkazilayotgan umumxalq hasharida ishtirok etish, yurtimizni yanada obod va ko‘rkam, hayotimizni farovon qilishga hissa qo‘shishni niyat qilgan yurtdoshlarimiz bilan gavjum bo‘ldi.

Bunday ko‘tarinki ruhni viloyat markazining Jizzaxlik mahallasidagi Sharof Rashidov nomidagi xiyobonda o‘tayotgan umumxalq hasharida ham kuzatish mumkin. 

Shaharning markaziy qismidagi shoh ko‘chalar chorrahasida barpo etilayotgan xiyobonda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bois bu yerda quruvchilardan tashqari 3 mingga yaqin kishi hasharga chiqqan. Xiyobonni qurilish chiqindilaridan tozalash, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirishda hasharchilar faol ishtirok etayotir.

– Hasharda muayyan hududni, guzar, ko‘cha yo muqaddas qadamjo va ziyoratgohni tartibga keltirish, yolg‘iz qariyalar, nogironlar, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalarga moddiy va ma’naviy yordam berishdek olijanob qadriyatlarimiz bo‘y ko‘rsatishi bilan birga, jamiyatimiz yangilanayotgani, odamlarning hayotga munosabati o‘zgarib, tafakkuri yuksalayotgani yaqqol namoyon bo‘lmoqda, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Norqul No‘sharov. 

Hashar kunlari viloyatda 2 ming 300 gektardan ziyod maydon obodonlashtiriladi. 2 ming kilometrlik ariq-zovurlar tozalanib, 138 ziyoratgoh va 488 qabriston tartibga keltiriladi. 2 million tupga yaqin mevali va manzarali daraxt, 1 million 200 mingdan ortiq gul ko‘chati ekiladi. 1 million 300 ming tup daraxtga shakl berilib, oqlanadi.

An’anaga ko‘ra, bu galgi xayriya hasharida ham urush va mehnat fronti faxriylari, keksa va nogironlar, yolg‘iz qariyalar, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalarga alohida mehr-muruvvat ko‘rsatilib, ularning holidan xabar olinmoqda.

Hashar kunlarida viloyat bo‘yicha 968 nafar urush va mehnat fronti faxriysi, keksa va nogiron, yolg‘iz qariya, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalarning turar joylari ta’mirlab beriladi. Ko‘makka muhtoj oilalar, nogiron va yolg‘iz keksalarga 33 million so‘mdan ziyod moddiy yordam ko‘rsatiladi.

Sharof Rashidov tumanidagi “Qo‘shbarmoq”, Jizzax shahridagi “Nurliobod” mahalla fuqarolar yig‘inlarining mebel, komputer jamlamalari bilan jihozlangan yangi tipdagi zamonaviy binolari foydalanishga topshirildi.

Toshqul Beknazarov, Sherzod Nazarov (surat), O‘zA
451






Все о погоде - Pogoda.uz