O‘zA O`zbek

06.04.2018 14:18 Chop etish versiyasi

Ezgu amallari hamisha barhayot

9-aprel – Amir Temur tavalludi kuni

“...azmu jazm bilan ish tutdim. Biron ishni qilishga qasd qilgan bo‘lsam, butun zehnim, vujudim bilan bog‘lanib, bitirmagunimcha undan qo‘limni tortmadim. Har neki degan bo‘lsam unga amal qildim”.

Oradan necha asr o‘tgan bo‘lsa-da, buyuk bobomizning “Temur tuzuklari”dagi ushbu so‘zlari o‘z qadr-qimmatini aslo yo‘qotgani yo‘q. Ayni kunlarda joylarda Amir Temur tavalludining 682 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan tadbirlarda ham bu jihatlar alohida ta’kidlanmoqda.

Farg‘ona davlat universitetida “Amir Temur – buyuk davlat arbobi va ulug‘ sarkarda” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Viloyat hokimligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi tomonidan tashkil etilgan tadbirda professor-o‘qituvchilar, xalq ta’limi xodimlari, talabalar ishtirok etdi.

Tadbirda milliy tariximizni chuqur tadqiq etish jarayonida Amir Temur shaxsi, uning jahon tarixida tutgan o‘rni, davlatchilik borasida qoldirgan boy amaliy-nazariy merosini o‘rganish va targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Sohibqiron bobomizning ma’naviy merosi, jumladan, “Temur tuzuklari” asari bugungi kunda ham ko‘plab davlatlardagi universitetlar, ilmiy markazlarda katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda. Mamlakatimizda Amir Temur va temuriylarning milliy davlatchiligimiz, madaniyatimiz, jahon ilm-ma’rifati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi yoshlarga chuqur o‘rgatilmoqda. Ayniqsa, “Kuch – adolatda” degan ezgu hikmati bugun ham davlatimizning asosiy shiorlaridan biriga aylangan.

Amir Temurning bunyodkorlik salohiyati, kuchli davlat, adolatli jamiyat barpo etish, tinchlik va osoyishtalikni, hamjihatlik, bag‘rikenglik, saxovat va mehr-oqibat muhitini asrab-avaylash, xalq farovonligini ta’minlashga oid qarashlari mustaqillik yillarida mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarda o‘z ifodasini topmoqda.

– Shunday buyuk ajdodlarning munosib vorisi bo‘lish bizga g‘urur-iftixor bag‘ishlash bilan birga, ulkan mas’uliyat ham yuklaydi, – deydi Farg‘ona davlat universiteti talabasi Mohinur Ibrohimova. – Biz hozir «Temur tuzuklari» asarini katta qiziqish bilan o‘rganmoqdamiz. Unda ilgari surilgan g‘oyalar insonda vatanparvarlik, halollik, adolat bilan ish yuritish, ilm o‘rganishga ishtiyoq kabi fazilatlarni qaror toptirishda alohida ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda buyuk davlat arbobining milliy o‘zligimizni anglashdagi o‘rni va ahamiyati, Amir Temurning milliy davlatchilikni shakllantirish borasida amalga oshirgan ishlari mavzularida ma’ruzalar tinglandi. Eng faol talabalar Amir Temur hayoti va ijodi aks etgan kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
4 782