O‘zA O`zbek

20.08.2019 Chop etish versiyasi

Eskirmaydigan gazeta

Eskirmaydigan gazeta

Eskirmaydigan gazeta qanday bo‘ladi? Nima qilsa va qanday yozsa sarg‘ayib, vaqt shamolida varvarak bo‘lib ketgan qog‘ozdagini o‘qib: qarang, eskirmabdi, deyish mumkin?

Rahmatli ustozimiz, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining navbatdagi soniga maqolalar qo‘yishni rejalashtirish paytida: “Gazeta bir kunlik bo‘lib qolmasligi kerak. Uni odamlar ertaga, indinga ham o‘qishsin”, degan gapni ko‘p aytardilar.

“Ma’rifat saodati” gazetasining birinchi sahifasidagi aylana muhr ichiga bitilgan “Eskirmaydigan gazeta” yozuvini ko‘rib, benazir yozuvchimizning yuqoridagi so‘zlarini esladim. Rostdan ham bir kunlik gazetaning umrboqiy qilish kim va kimlarning qo‘lida?

Gazeta taxlamlarini urintirmay-surintirmay bizgacha yetkazib bergan kutubxonachiga “rahmat” deylikmi yoki o‘sha gazetaning noshirigami? O‘sha topda esa birinchi bo‘lib, ko‘z o‘ngingizda maqola muallifi gavdalanadi va rahmat-ye, deb yuborganingizni bilmay qolasiz. Aslida bu rahmat muallifga qanchalik tegishli bo‘lsa, kutubxonachi-yu, noshirga ham shunchalik tegishli.

Xo‘sh, eskirmaydigan gazeta qanday tayyorlanadi? Bu borada ham Odil Yoqubovning aytgan gaplari hamon o‘z kuchida turibdi: gazeta so‘rab-surishtirib, qidirib o‘qiladigan bo‘lishi kerak. Buning uchun uzoqqa borib o‘tirishning hojati yo‘q. Rost gapni yozsangiz bo‘ldi. Ammo qistaloqning eng qiyini ham shu, degancha ba’zan o‘yga tolib qolardi...

Haqiqatan ham rost gapni yozish oson emas. Demakki, eskirmaydigan gazeta qilish har kimga ham nasib etavermaydi. Shu joyda taniqli publitsist Ahmadjon Meliboevning insoniyatning buyuk yozuvchisi Chingiz Aytmatovning maqolalari haqidagi tadqiqotlarida keltirgan misollar yodga tushadi. “Chingiz Aytmatov “Pravda” gazetasining O‘rta Osiyo bo‘yicha muxbiri bo‘lib ishlar ekan, mintaqa kengliklarini kezib yurib, yurtimizda turli kasb egalari — akademiklar G‘afur G‘ulom, Qori Niyoziy, o‘sha yillarning mashhur paxtakorlari Mannop Jalolov, Tursunoy Oxunova, Jo‘raboy G‘oyipov, O‘skanboy Sarimsoqov va boshqa ko‘plab dongdor kishilar bilan suhbatlashadi.

Mirzacho‘l va Andijondagi ilg‘or paxtachilik xo‘jaliklarida bo‘lib, paxtakorlarning hayoti bilan bevosita tanishadi. Toshkentdagi kinoxronika studiyasida Toshkent, Samarqand va Buxoro tarixiga oid noyob lentalarni tomosha qiladi, qo‘riq va bo‘z yerlarning o‘zlashtirishga oid tarixiy hujjatlarni o‘rganadi. Mirzacho‘lda yangi yer ochayotgan cho‘lquvarlar bilan suhbat quradi, yaydoq dasht izg‘irinlarini, tuproqni endigina yorib chiqqan nimjon paxta ko‘chatlari garmsel shamolida qanday nobud bo‘layotganini, odamlar qayta-qayta yerga urug‘ qadayotganlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Va shundan keyingina qo‘liga qalam oladi.

Natijada mashhur “Paxtaning oydin yo‘li” (“Lunnaya doroga iz xlopka”) sarlavhali publitsistik-tadqiqot maqolasi yuzaga keladi.

Publitsist maqola uchun ko‘pdan-ko‘p raqamlar, faktlar to‘plagan, paxta tolasini qayta ishlash jarayonini o‘rgangan, bu noyob ekin turidan ishlab chiqiladigan gazlama-yu, yog‘, sovun, kunjaragacha qiziqqan bo‘lsa-da, maqolada ularni qalashtirib tashlamaydi. Paxta o‘zbek xalqining milliy iftixori, degan baland parvoz so‘zlarni takrorlamaydi. Aksincha, o‘quvchi e’tiborini goh o‘tmishga, goh fazoda uchib borayotgan kosmik kemaga, paxta dalalariga qaratadi, mulohaza yuritishga chorlaydi.

Dastlabki “yuk”li satrlardayoq muallifning maqsadi aniqlashadi: “Qadimiy o‘zbek madaniyati o‘zining ajoyib yutuqlari bilan azaldan ham mashhur, - deb yozadi u. - O‘zbeklar O‘rta Osiyoda tengi yo‘q irrigator, dehqon sifatida tanilgan. O‘zbek me’morlari fusunkor Samarqand va Buxoroni bunyod etdilar. O‘zbek xalqi orasidan o‘rta asrning mashhur astronom olimi Ulug‘bek, abadiy barhayot Alisher Navoiy yetishib chiqdi. Keyinchalik demokrat shoir va yozuvchilarning butun bir avlodi yetishib chiqdiki, ular orasida Muqimiy, Furqat kabi ulkan adiblar bor. Bularning hammasi o‘zbeklarning madaniyati, fani, san’atiga taalluqlidir, bularning hammasi o‘zbek xalqining milliy xazinasidagi durdonalardir”.

Ana sizga eskirmaydigan bir maqolaning qanday yozilishi kerakligi haqida saboq. O‘sha maqola bizning muharrirlarimiz qo‘liga tushib qolganda bormi, bularning paxtaga nima aloqasi bor, deya qaychilab tashlagan bo‘lar edik.

Keling, yuragingiz siqilmasin, o‘sha maqoladan yana bir parchaga razm solaylik: “Ko‘z o‘ngingizga O‘rta Osiyo kuz tunini keltiring. Yulduzli tunda qorli tog‘lar, ulkan cho‘llar bag‘rida yam-yashil vodiylar, qishloqlar, yo‘l va daryolar yastanib yotibdi. Siz faqat samodagina emas, balki bu yerda, yo‘llarda, dalalarda harakat qilib yurgan charog‘on yulduzlarni ko‘rasiz. Bu – paxtakor tunining chiroqlaridir. Endi kosmosga qarab yo‘nalgan, Oy tomon turna qator tizilgan “oq oltin” ortilgan shafaqrang eshelonlarni tasavvur qiling. Shunda siz paxta ortilgan bu eshelonning uzunligi Oy bilan Yer o‘rtasiga to‘rt marta borib kelishga yetadi, deb xayolan qiyos qilasiz. Bu yerda hech qanday mubolag‘a yo‘q. Buni akademik Qori Niyoziy hisoblab chiqqan. Bu - start maydoni o‘zbek paxtakorlari dalasidan Oyga tomon uchirilgan ulkan oq raketa arifmetikasidir”.

Agar diqqat bilan e’tibor bersangiz, bular shunchaki, dehqonni ulug‘lash emasligini sezib qolasiz. Chunki har bir tup g‘o‘za atrofida parvona bo‘lib paxta yetishtirish nari tursin, bir etak momiqni tarozidan olib, telejkaga ortishning o‘zi qancha mashaqqat ekanini uni qilib ko‘rgan biladi. Bu yerda esa gap butun bir esholonlarning Oy bilan Yer o‘rtasichalik masofaga bir emas, to‘rt marta borib, kelishi haqida boryapti. Buning uchun esa dehqon tinimsiz, “kechayu kunduz, tunu kun” mehnat bilan mashg‘ul bo‘lishi maqolada ta’kid bilan keladi. Publitsist ana shu tariqa dehqon mehnatining naqadar mashaqqatli ekaniga e’tiborni qaratadi.

Ko‘rib turganingizdek, eskirmaydigan gazeta eskirmaydigan, rost so‘z bilan yo‘g‘rilgan maqolalardan tarkib topadi. O‘zbekiston jurnalistikasi tarixida bunday gazetalar mavjud bo‘lgani faxrlidir. Marhum professor Begali Qosimovning yozishicha, eng mashhur gazetalardan biri “Sadoyi Turkiston” bo‘lgan. Gazetaning birinchi soni 1914 yilning 4-aprelida chiqqan. Rasmiy muharriri Ubaydullaxo‘ja Asatillaxo‘jaev edi. Unda Munavvarqori, Miskin, Xislat, Tavallo kabi toshkentlik ijodkorlar qatori, Samarqanddan Vasliy, Hoji Muin, Farg‘ona vodiysidan So‘fizoda, Hamza, Cho‘lpon, Lutfulla Olimiy, Ibrohim Davron kabi o‘nlab qalam egalarining asarlari chop etilgan.

Gazeta bir yilcha chiqib, 66-sondan keyin moddiy tanglik tufayli to‘xtaydi. Keyinchalik “Sadoyi Farg‘ona”, “Najot”,”Sho‘roi islom”,”Turon”, “Xurriyat” va boshqa bir qator gazetalar paydo bo‘ldiki, ular Turkistonning ijtimoiy-ma’naviy hayotidagi yangilanishning o‘ziga xos bir ko‘rinishi sifatida namoyon bo‘ldi va millatning uyg‘onishida muhim rol o‘ynadi, deb yozgan edi taniqli adabiyotshunos olim B.Qosimov.

Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, “Tarjimon”, “Vaqt”,”Sho‘ro”, “Ong” kabi Kavkaz va Volga bo‘yida chiqib turgan, chor hukumatining mustamlakachilik tuzumiga qarshi kurashda katta tajribaga ega bo‘lgan gazetalar Turkiston matbuotchiligining oyoqqa turishida muhim ahamiyat kasb etdi. Ayniqsa, Ismoil Gaspralining “Tarjimon” gazetasi haqiqatan ham eskirmaydigan gazeta bo‘lib, uning dovrug‘i bugun ham aks-sado berib turibdi.

Xo‘sh, keyinchi?

Keyingi yetmish yilda eskirmaydigan gazeta chiqmadi, hisob. Ha, o‘tgan asrning 20-yillari oxirlarida “Mushtum” eskirmas choponini kiygan joyida uni qayta yechib, yangilashdi. Bu ulug‘ adibimiz Abdulla Qodiriyning 1926 yilning boshlarida “Mushtum” jurnalida chop etilgan “Yig‘indi gaplar” nomli hajviy maqolasi bilan bog‘liq. Unda, jumladan, shunday so‘zlar bor: “O‘quvchilar bilan dardlashmaganimga qariyb bir yarim oy bo‘ldi. Qaysi burchakda uxlab qolding?, deb so‘rama, jiyan. Bu o‘lkada nima ko‘p ekan - uxlaydirgan burchak va unda o‘mpayib, to‘mpayib uxlaguchi menga o‘xshash ovsarlar! Men senga aytsam, o‘zbekning ishchisi, dehqoni, maorifi, madaniyati, iqtisodi, shaltay-baltayi, xullas, barchasi ham uxlaydi. Ammo, o‘choqboshini xoli topgan olaqarg‘alar bo‘lsa, xo‘bam bilgan noma’qulchiligini qilyapti! Qilaversin, egasiga tovoq-qoshiq kerak bo‘lsa, axir bir kun qatron-patron qilib olarov, og‘ayni! Ishqilib, o‘lmasdan bahorga chiqib olsak bo‘pti... “o‘psa netar, yuvsa ketar”, degan ekan ota-bobo. Men shu dunyodagi odamzodning kuydi-pishdisini temirtakda qiynab o‘ldursam, deyman: - Yerlilashdirish! - o‘zbeklashdirish! - Falonchining vijdoniga kuydirgi chiqqanmi? - o‘lib bo‘ldik-ku! (to‘ng‘iz qo‘psang yo‘q, dedimmi!) - yaram yangilandi! - Ko‘rchinqonimni kimning oldida yoray?! - (buvingni oldida yor!) - mahallamdan munchasi ishsiz, falonchasi och! - (och bo‘lsa, kafanini hozirla!)
Ko‘chaga chiqsang ko‘ringan kishidan eshitadirgan so‘zing shu. Qulog‘ingga paxta tiqmasang, boshqa ilojing yo‘q! - Voy, o‘sha kuydi-pishtini yig‘ib-terib egam chaqirsin! Hali-ku bu og‘zaki g‘ishg‘isha. Ammo kechagi kun gazetada Oxunboboevdek bitta sarkoringdan ham fe’lim aynay yozdi. Hammadan ham buniki qiziq.

Madanglik maorif xodimlari quriltoyida ma’ruza o‘qib nima deydi, deng: - Jumhuriyatimizda har 200 murossa’ chaqirim yerga yoxud har 4909 odamga bitta maktab bor. Yoki o‘qish-yozishda bo‘lgan bolalarning har (emas, xo‘tuk) 979 tasiga bir maktab to‘g‘ri keladir!...”

Xullas, yuqoridagi kabi “Yig‘indi gaplar” uchun Abdulla Qodiriy qamaladi. “Mushtum”ga esa yangi to‘n kiygizishadi... O‘shandan buyon eskirmaydigan gazeta qolmadi. Hammasi har kuni yangilanadigan bo‘ldi. Darvoqe, Gorbachyovning oshkoralik davrida bir qator gazetalar, ayniqsa, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi eskirmaslikka ahd qilganlar orasida bayroqdor edi.

“Gazeta bir kunlik bo‘lib qolmasligi kerak. Uni odamlar ertaga, indinga ham o‘qishsin”, degan gapni Odil Yoqubov o‘sha paytlari aytgan. Rostdan ham mazkur nashrning 1980-1990 yillar oralig‘idagi sonlarida chop etilgan maqolalarning aksariyati gazetani eskirtmasdan shu kungacha olib kelyapti. Bu yillar orasida unga Asqad Muxtor, Odil Yoqubov, Ahmadjon Meliboev bosh muharrir bo‘lgan.

Endi maqolamizga mavzu topib bergan “Ma’rifat saodati” gazetasi haqida ikki og‘iz so‘z. Men mazkur gazeta xususida ko‘p gapirib o‘tirmay-da, uning bittagina sonida chop etilgan maqolalarning sarlavhalarini keltiray: “Investitsiyani tushunmaydigan muallimlar”, “Yozuvchi va senzor”, “Musofir onani ayblamang!”, “Pora berish kasalligi”,“To‘rtinchi hokimiyat nima?”, “PO‘PKO‘RN”, ”KAZINAKI”, ” XO‘BBI” va “ShOU”lar... “Farosatsizlikning chegarasi bormi?”, “Qizil bozor” qaerda?”, “Bahs va tortishuvlardagi ofat” va hokazo.

O‘zingiz ayting, yuqorida tilga olingan mavzular kimga yoqadi-yu, kimga yoqmaydi? Yoqqanlardan yoqmaganlar xavfda (ichida meni o‘sha sotgan, deydi). Yoqqanlarning chirog‘i yongan. Yoqmaganlarning dillari xufton va yana hokazo. Eskirmaydigan gazeta ana shunday bo‘ladi. Har qanday o‘quvchini alg‘ov-dalg‘ov qilib yuboradi.

Yoqubjon Xo‘jamberdiev

407
O‘zA