O‘zA O`zbek

22.02.2018 11:38 Chop etish versiyasi

Eski bino o‘rniga zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasi quriladi

Deputatlar tomonidan joylarga chiqib, haqiqiy ahvolni o‘rganish, to‘planib qolgan muammo va kamchiliklarni joyida hal etish ishlari davom etmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi rasmiy veb-saytida xabar berildi.

Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanidagi Zarangari qishlog‘ida sobiq shirkat xo‘jaligiga tegishli eski bino bor. Zarangarilik tadbirkor Farhod Karimov xalq vakillari bilan muloqotda o‘tgan asrda xom g‘ishtdan tiklangan va uzoq yillar xo‘jalik madaniyat klubi vazifasini o‘tagan mazkur ko‘rimsiz inshoot o‘rniga xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi qurib, aholiga qulaylik yaratish taklifini o‘rtaga tashladi.

— Biz shu masalada unga amaliy yordam berish choralarini ko‘rayapmiz, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nazir Sabirov. — Bundan tashqari, tumandagi ijtimoiy soha obyektlari holati, ulardagi shart-sharoit bilan tanishib, mavjud muammolar imkon qadar joyida hal etilishiga harakat qilinmoqda. Xususan, 26-umumta’lim maktabida sinfxonalar isitilmayotganiga guvoh bo‘ldik. Tuman gaz ta’minoti idorasi mutasaddilari ko‘magida 70 metr masofaga qo‘shimcha quvurlar tortilib, maktabda issiqlik ta’minoti yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur masala tezkor yechimini topdi. Aniqlanishicha, 1 ming 200 nafar o‘g‘il-qiz tahsil olayotgan ushbu maktab binosi avariya holatida. Ta’lim muassasasi uchun yangi bino qurish yuzasidan deputatlar tegishli tashkilotlarga murojaat qildi.

Aholi bilan muloqotlar chog‘ida hududda ishlab chiqarish korxonalarining kamligi, bandlik, ichki yo‘llarning yaroqsiz ahvoldaligi, elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar, jamoat transporti qatnovi yuzasidan ko‘plab murojaatlar tushmoqda. Deputatlar bu masalalarni atroflicha o‘rganib, ularni hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ga kiritmoqda.

O‘zA
6 080