O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

05.09.2018 10:30 Chop etish versiyasi

Erkin Vohidov nomidagi maktab-internat ochildi

Erkin Vohidov nomidagi maktab-internat ochildi

Margʻilon shahrida Erkin Vohidov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur oʻqitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda taniqli ijodkorlar, keng jamoatchilik vakillari, ota-onalar ishtirok etdi.

45fdda27-5954-436a-9d18-43b55d98a8ca.jpg

Oʻzbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqova va boshqalar mamlakatimizda yozuvchi va shoirlarimizning nomlarini abadiylashtirish borasida olib borilayotgan ishlar, yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi saʼy-harakatlar adabiyot, madaniyat va sanʼatimizga boʻlgan yuksak eʼtibor namunasi ekanligini taʼkidlashdi.

50a0797c-1358-42cd-ac49-504b04f9e208.jpg

Atoqli shoir va adib, taniqli davlat va jamoat arbobi, Oʻzbekiston Qahramoni Erkin Vohidov oʻzbek adabiyoti va madaniyati rivojiga katta hissa qoʻshgan. Yurtimizda inson qalbidagi nozik tuygʻularni, xalqimizga xos oriyat va gʻururni, ozodlik hamda istiqlolni oʻzining goʻzal sheʼr va dostonlarida yuksak mahorat bilan ifodalagan Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning kitoblari kirib bormagan xonadon boʻlmasa kerak. Zero, shoir oʻzlikni anglash, milliy gʻurur-iftixor tuygʻularini yuksak pardalarda tarannum etadi, har birimizni baxt va shodlik, tinchlik-xotirjamlikni qadrlashga, chin insoniy fazilatlar sohibi boʻlishga undaydi.

96e6b044-2a88-4ddc-9248-b3df404579c7.jpg

E.Vohidov “Tong nafasi”, “Qoʻshigʻim sizga”, “Aql va yurak”, “Mening yulduzim”, “Yoshlik devoni”, “Tirik sayyoralar”, “Sharqiy qirgʻoq”, “Kelajakka maktub” kabi sheʼriy toʻplamlari, “Nido”, “Quyosh maskani”, “Ruhlar isyoni”, “Koʻhinur” kabi dostonlari, “Oltin devor”, “Istanbul fojiasi” singari sahna asarlari, “Soʻz latofati” badiiy risolasi, jahon adabiyotining mumtoz namoyandalari merosidan qilgan tarjimalari bilan oʻziga xos ijodiy maktab yaratgan shoirlardan biridir.

f866e63f-575c-4308-b890-cc5468957f32.jpg

Davlatimiz rahbarining 2016-yil 7-dekabrdagi “Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori asosida oʻzbek adabiyoti rivojiga ulkan hissa qoʻshgan adib ijodiy merosini oʻrganish va uni yoshlarga yetkazish yoʻlida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning tashabbusi bilan Margʻilon shahrida ijodkorlar bogʻi tashkil etilib, Erkin Vohidovning haykali oʻrnatildi va memorial muzeyi bunyod etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-maydagi qarori bilan Margʻilon shahrida Erkin Vohidov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur oʻqitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil etildi. Mazkur maktabda oʻquvchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Muassasaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida uni yotoqxona, oshxona, kutubxona, faollar zali va oʻquv-laboratoriya jihozlari hamda kompyuter texnikasi, oʻquv-metodik majmualar, oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanmalar va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash choralari koʻrildi.

– Mazkur maktab-internatni tashkil etishdan maqsad Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Qahramoni Erkin Vohidov nomini abadiylashtirish, shoir izdoshlarini kashf etish va ularning oʻz isteʼdodlarini keng namoyon qilishlari uchun sharoitlar yaratishdir, –deydi maktab – internat direktori Nigora Mannopova. – 2018-2019-oʻquv yilida 5-8-sinflarga 150 nafar isteʼdodli oʻquvchilarni qabul qildik. Albatta bu maskan Erkin Vohidov kabi buyuk ijodkorlarni kamol topishiga xizmat qiladi.

Maktab-internat oʻquvchilari tomonidan taniqli shoirlarning rus, ingliz va boshqa tillarga tarjima qilingan sheʼrlari aytildi. Bu yerdagi ilk saboq “Aziz va yagonamsan, jonajon Oʻzbekistonim!” shiori ostida oʻtkazilib, istiqlolimizning mazmun-mohiyati haqida soʻz yuritildi.

Maktab-internatning ochilishida Fargʻona viloyati hokimi Sh.Gʻaniyev soʻzga chiqdi.

M.Sulaymonov, OʻzA