O‘zA O`zbek

19.03.2020 Chop etish versiyasi

Erkak raqsga tushsa...

Erkak raqsga tushsa...
Erkak raqqoslarga baʼzi hamyurtlarimiz boshqacha nazar bilan qaraydi. Xususan, “Yigitlarga xos kasb emas”, “Ayollarning kasbi” qabilidagi fikrlar shakllangan. Bu qanchalik toʻgʻri?

Shuhrat Toʻxtasimov, Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi rektori:

– Tarixdan maʼlumki, oʻzbek raqs sanʼatini dastlab erkaklar ijro etgan. XIX asr oxiri – XX asrga kelib milliy raqs sanʼatimizda ayollar ijrosi yetakchilik qila boshladi. Oʻrta asrlarda saroy sozandalari ichida raqqoslar koʻp boʻlgan. Erkak raqqos nima uchun kerak degan savolga toʻxtaladigan boʻlsak, “Dilxiroj”, “Andijon polkasi”, “Xorazm lazgisi” kabi oʻnlab milliy raqslarimizni erkak raqqoslarsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Sababi, mazkur raqslarni ijro etishda oʻzbek yigitlarining shahdi, jasurligi, mardligi, bir soʻzligi, oriyati ifodalanadi. Qolaversa, tarixiy shaxslar, turli jang sahnalarini faqat raqqoslargina keskin, shaxdam harakatlar bilan gavdalantirishi mumkin. Raqqosalar buni uddalay olmaydi.

Oʻzbek raqs sanʼati tarixiga nazar solsak, uning asoslarini oddiy, mehnatkash xalqimiz yaratganiga guvoh boʻlamiz. Ilk raqslar xalqning mehnat jarayoni, gʻam-qaygʻularidan shakllangan, orzu-umidlarini ifoda etgan.

Tarixdan bizgacha “Katta oʻyin” nomi bilan maʼlum doira usullariga mos harakatlar asosiga qurilgan raqs sanʼati, “Xona bazm oʻyin” nomi bilan maishiy raqslar, Xorazmda olov bilan raqsga tushiladigan “Otash oʻyin”, Buxoroda tizzada oʻtirgan holda oʻrnidan turmasdan oʻynaladigan ayollar raqslari, Samarqand viloyatining togʻli tumanlarida erkaklarning qarsak bilan ijro etiladigan “Beshqarsak” raqslari yetib kelgan.

Professional oʻzbek xalq sahna raqs sanʼati vujudga kelishi va rivojlanishida Muhiddin Qoriyoqubov, Usta Olim Komilov, Tamaraxonim, Mukarrama Turgʻunboyeva, Isohor Oqilov, Gavhar Rahimovalarning ijodiy faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi. Fidoyi ustozlarning ijodiy mehnati, saʼy-harakati, ular tarbiyalagan raqqos va raqqosalarning faoliyati tufayli xalq raqsi merosi sahnaviy shaklda bugungi kungacha yetib keldi.

Bu ijodkorlarning har biri oʻzgacha yoʻnalish va uslubga ega. Yu.Shakarjonov oʻzining beqiyos mahorati bilan oʻzbek raqs sanʼatining yoʻqolib borayotgan “Katta oʻyin” raqsining oxirgi ijrochisi boʻlib tarixda qolgan.

Bu raqsni U.Komilov va Tamaraxonim birgalikda harakatlar ketma-ketligini oʻrganib chiqib, shu kungacha ijro etilayotgan raqslarning barchasida kuzatiladigan “Doira zarbiga mashgʻulotlar” qoʻllanmasini yaratdi. Keyinchalik R.Karimova tashabbusi bilan bu harakatlar kitobga koʻchirildi. Tamaraxonim ijodida milliy raqslar bilan bir qatorda laparlarni, yallani ham koʻrishimiz mumkin. Bu xalqchil ijodga yondashuvdir, chunki xalq yallani juda qadrlaydi. M.Turgʻunboyeva boʻlsa oʻzining sahnaviy Fargʻona maktabiga xos boʻlgan raqslari bilan sanʼat olamiga kirib keldi.

M.Turgʻunboyeva ijodida biz uchta raqs maktabiga aloqador barcha raqslarni koʻrishimiz mumkin. Faqat biz har bir maktabning oʻz ustalari haqida gapiradigan boʻlsak, I.Oqilov va Oqilovlar sulolasi Buxoro maktabi, G.Rahimova Xorazm maktabi hamda Ye.Petrosyans Qoraqalpoq raqs maktablari asoschilari hisoblanadi. Ular haqiqiy oʻzbek milliy raqslarining ilk namoyondalari.

Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi raqs sanʼatini sir-asrorlarini oʻrgatadigan mamlakatimizdagi yagona oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi.

Mazkur taʼlim dargohi dunyo madaniyatida oʻz oʻrni va nufuzi bilan eʼtirof etiluvchi “Lazgi”, “Andijon polkasi”, “Tanovar”, “Dilxiroj” kabi oʻzbek raqslari umrboqiyligini taʼminlash, oʻzbek milliy raqs sanʼatini yana-da rivojlantirishga zamin yaratadi.

Bugungi kunda muassasadagi ilmiy darajasi boʻlgan professor-oʻqituvchilar bor-yoʻgʻi 43 foizni tashkil qiladi. Raqs sanʼatining ilmiy-nazariy asoslarini oʻrganish va tatbiq etish masalasi deyarli hech kimni qiziqtirmagan.

Bugun mamlakatimizda yigitlar raqsini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2018-yil 28-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yana-da rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, yigitlar raqsini yana-da rivojlantirish hamda oʻzbek yigitlarining yuksak maʼnaviy fazilatlarini targʻib etish maqsadida Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi tarkibida “Dilxiroj” yigitlar raqs ansamblini tashkil etish vazifasi belgilandi.

Ayni vaqtda Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasida xoreografiya jamoalari rahbari, xoreograf-pedagog, xoreograf-sanʼatshunoslik yoʻnalishlari boʻyicha 400 yigit-qiz puxta tahsil olmoqda.

Yangidan tashkil etiladigan raqs sanʼati akademiyasida doktorantura bosqichining ochilishi sanʼatni chuqur oʻrganish, mavjud muammolarga yechim topishga zamin yaratishiga shubha yoʻq.

2019-2020 oʻquv yili boshida Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi kapital rekonstruksiya qilinib, 6 qavatli yangi inshootda 16 ta keng, shinam raqs zaliga ega boʻldi.

Oliy maktabda taʼlim sifatini zamon talabi darajasiga koʻtarish maqsadida Germaniya, Moskva, Belarusdagi turdosh xorijiy taʼlim muassasalar tajribasi oʻrganib chiqildi. Natijada tashkil etilishi rejalashtirilgan Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasida yangi taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻqishni tashkil etish, akademik mobillikni yoʻlga qoʻyish masalalari belgilandi.

“Ustoz-shogird” tizimini yana-da takomillashtirish yoʻlga qoʻyildi. “Sarvinoz” raqs ansambli oʻz faoliyatini boshladi. Raqs jamoasi raxbarlari G.Usmanova, E.Saitova, A.Magdiyeva iqtidorli yoshlarni respublika va xalqaro tanlovlarga tayyorlash boʻyicha samarali faoliyat yuritmoqda.

Oʻzbek milliy raqsiga butun dunyo katta qiziqish bildirayotgani sir emas. Koʻplab xorijliklar turli raqslarimizni oʻrganib, yurtimizda va oʻz yurtida ijro etgani haqida xabar eshitganimizda koʻksimiz faxru iftixorga toʻladi. Bu nafaqat sanʼatga boʻlgan eʼtibor, balki oʻzbek eliga boʻlgan hurmat va ehtirom ramzidir.

Akademiya talabalari respublikamizda yil mobaynida keng nishonlanadigan bayram, xalqaro festival va koʻrik-tanlovlarda, davlat darajasidagi tadbirlarda muntazam ishtirok etib, oʻzbek sanʼatini keng targʻib qilayotir.

Davlat tasarrufidagi barcha raqs ansambllari, jumladan, “Oʻzbekiston”, “Lazgi”, “Toshkent zebolari”, “Tumor”, “Navbahor”, “Navroʻz” kabi ansambllar raqqos va raqqosalar bilan toʻliq taʼminlanmagani sababli konsert dasturlariga muntazam ravishda akademiya talabalari darsdan boʻsh vaqtlarida jamoatchilik asosida jalb etilmoqda.

5 435
OʻzA muxbiri Sh.Mamaturopova yozib oldi.