O‘zA O`zbek

29.08.2018 16:52 Chop etish versiyasi

Erishilgan yutuq va muammolar tahlili

Erishilgan yutuq va muammolar tahlili
Toshkent davlat agrar universitetida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamkorligida “Qishloq xoʻjaligi sohasidagi islohotlarning istiqbolli yoʻnalishlari” mavzusida konferensiya tashkil etildi.

Unda qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilingan qonunlar va qonunosti hujjatlar, shuningdek, sohaning istiqbolli yoʻnalishlari xususida soʻz bordi.

Taʼkidlanganidek, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirdagi maʼruzasi hamda Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida qishloq xoʻjaligi sohasini rivojlantirish, sohaga oid istiqbolli yoʻnalishlarni amalga oshirish boʻyicha qator muhim vazifalarni belgilab bergan edi.

Bugungi kunda agrar sohani tartibga solishga doir 20 ta toʻgʻridan-toʻgʻri hamda 12 ta bevosita aloqador qonun hujjatlari, 300 dan ortiq farmon va qarorlar, 50 dan ziyod xalqaro hujjatlar mavjud. Soʻnggi ikki yilda davlat dasturlarida belgilangan tadbirlar asosida bir qator qonunlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonunlar qabul qilindi. Qabul qilingan hujjatlar ijrosi yuzasidan oʻtgan 2017 yilning oʻzida yil yakuni bilan 67 trillion 2018 milliard soʻmlik yalpi qishloq xoʻjalik mahsuloti ishlab chiqarildi. Bunda don, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, meva va uzum yetishtirish hajmi tubdan oshirilgan.

Investitsiya dasturi doirasida 13 ta loyiha boʻyicha ishlar amalga oshirilgan. “Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash Davlat dasturi” boʻyicha oʻtgan yilda jami 455 milliard soʻmlik byudjet mablagʻlari oʻzlashtirilib, keng miqyosda melioratsiya tadbirlari amalga oshirilgan.

Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini diversifikatsiya qilish asosida mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va tarmoq eksport salohiyatini yuksaltirish boʻyicha 2016-yilda qabul qilingan dasturga muvofiq 2016-2018-yillarda jami 240 ming gektar past hosilli paxta va gʻalla maydonlari qisqartirildi. Ushbu maydonlarga joriy yilda yuqori daromadli, eksportbop oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, 73,5 ming gektar sabzavot, 19 ming gektar kartoshka, 15,1 ming gektar poliz, 37,5 ming gektar dukkakli ekinlar, 44,3 ming gektar ozuqa ekinlari ekildi. 23 ming gektar intensiv bogʻ, 8,3 ming gektar tokzor va 600 gektar zamonaviy issiqxona barpo etildi.

Respublikada noanʼanaviy, import oʻrnini bosuvchi va tashqi bozorda raqobatbardosh boʻlgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishni koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, keyingi yillarda mamlakat boʻyicha jami 22,5 ming gektar achchiq qalampir, 8,1 ming gektar qizilmiya plantatsiyalari barpo etildi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda innovatsion va intensiv texnologiyalarni joriy qilish hisobiga mahsulot hajmini oshirish yuqori natija bermoqda. Respublika boʻyicha 2011-2017 yillarda 36,6 ming gektar intensiv bogʻlar tashkil etilgan boʻlsa, shu yilning oʻzida 7,8 ming gektar zamonaviy intensiv bogʻlar barpo etildi.

Misol uchun, zamonaviy texnologiyalar asosida yaratilayotgan pakana va yarim pakana intensiv mevali bogʻlarning 1 gektaridan hosildorlik oʻrtacha 20-25 tonnani tashkil etmoqda. Bu esa anʼanaviy bogʻlarga nisbatan 2-3 barobar qoʻproq hosil deganidir.

Aholi talabidan kelib chiqib, chorvachilik tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar natijasida chorva mollari bosh soni va mahsulot ishlab chiqarish hajmi ortib bormoqda. Chorvachilikni diversifikatsiya qilish natijasida chetdan 85 ming boshdan ortiq naslli chorva mollari olib kelindi. 132 ming bosh naslli quyon, 10 ming bosh angor echkilari, baliqning noyob va serdaromad 10 dan ortiq turlarini boqish va koʻpaytirish yoʻlga qoʻyildi. Natijada, 2017 yilda 2 million 281 ming tonna tirik vaznda goʻsht, 10 million 83 ming tonna sut, 6 milliard 605 million dona tuxum, 82,3 ming tonna baliq ishlab chiqarildi.

Konferensiyada sohada erishilgan yutuqlar bilan birga, mavjud muammolar va ularni hal etish yoʻllari, buning uchun qonun hujjatlarida aks etishi lozim boʻlgan masalalar muhokama etildi. Yakunda mavzuga doir taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Nurillo Nasriyev,OʻzA
2 957