Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

27.08.2018 17:36 Chop etish versiyasi

Er oʻz xotinining qotiliga aylandi

Er oʻz xotinining qotiliga aylandi

Jinoyatchilikka qarshi kurashish haqiqati va adolati

Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona viloyati sudida oʻz rafiqasining qotiliga aylangan fuqaroga nisbatan sud hukmi oʻqildi.

Oila – insoniyat tarixining hamma davrlarida jamiyatning asosiy boʻgʻini hisoblangan muqaddas dargoh. Oila – jamiyatni tutib turuvchi tirgak, mustahkamlab turuvchi asosiy qoʻrgʻon. Oilalar qanchalik mustahkam boʻlsa, jamiyat ham shuncha kuchli boʻladi. Zero, yosh avlod ana shu jamiyatda unib-oʻsadi, kamolga yetadi. Undagi har qanday qadriyatni oʻzida singdirib ulgʻayadi.

Afsuski, bugun oila degan muqaddas dargohning, undagi masʻullik tuygʻusining mohiyatini anglab yetmayotgan, arzimas sabab bilan parokanda boʻlayotgan, achinarlisi, oʻzaro janjallar tufayli jinoyatga qoʻl urayotganlar uchrab turibdi. Ushbu jinoyat ham janjal va kelishmovchiliklar oqibatidasodir boʻldi.

Fuqaro D.Sotvoldiyev D.Ortiqova bilan qonuniy nikohdan oʻtib, turmush qurgan. Ikki nafar farzandi bor. Oʻzaro oilaviy kelishmovchiliklar sabab ular keyingi yillarda alohida yashab kelgan.

2018-yil 11-aprel kuni soat 23:00 larda D.Ortiqova turmush oʻrtogʻi D.Sotvoldiyevning Rishton tumani Yoshlik mahallasi Yoshlik-3 koʻchasida joylashgan yashash xonadoniga kelib, oʻgʻli M.Ortiqovni oʻzi bilan olib ketishini aytadi. D.Sotvoldiyev tabiiyki, eʻtiroz bildiradi. Oʻgʻli hech qayerga bormasligini, shu yerda qolishini aytib, janjal koʻtaradi. Janjal davomida D.Sotvoldiyev oʻgʻliga xonasiga kirib uxlashini, ertaga maktabga borishini aytadi. Oʻzaro janjal davom etib, xotinining haqoratlaridan jahli chiqqan D.Sotvoldiyev D.Ortiqovani qasddan oʻldirish maqsadida oshxona pichogʻini olib chiqib, badanining turli joylariga uradi va ogʻir tan jarohati yetkazadi. Natijada D.Ortiqova olgan ogʻir tan jarohati sabab shifoxonada vafot etadi.

Mazkur jinoyat ishi Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona viloyati sudining raisi M.Mirzajonov tomonidanFuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Fargʻona shahar va Rishton tumani kengashlari, xotin-qizlar qoʻmitasi, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida ochiq sud majlisida koʻrib chiqildi.

Sud majlisi davomida sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlarning, sudlanuvchi va jabrlanuvchi istiqomat qilgan hududdagi mahalla fuqarolar yigʻinlari raislarining koʻrsatuvlari tinglanib, sudning 2018-yil 17-avgustdagi hukmi bilan D.Sotvoldiyevga Oʻzbekiston Respublikasi JK 97-moddasining 1-qismi bilan Jinoyat kodeksi 57-moddasi qoʻllanib, 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sud tomonidan D.Sotvoldiyevga jazo tayinlashda sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, jabrlanuvchi qonuniy vakilining talabini inobatga olish bilan birga, sudlanuvchining shaxsini, oilaviy sharoitini, muqaddam sudlanmaganini, qilmishidan chin koʻngildan pushaymonligini, jabrlanuvchining axloqqa zid hulq-atvori taʻsiri ostida jinoyat sodir etganini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb baholab, unga nisbatan u ayblanayotgan modda sanksiyasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum qilish jazosining eng kam qismidan ham kamroq miqdorda jazo tayinlandi.

Sud hukmi eʻlon qilinganidan soʻng raislik etuvchi tomonidan taraflarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddatlari, shikoyat qilish huquqiga ega boʻlgan shaxslar doirasi haqida tushuntirishlar berildi. Shu bilan birga, ushbu jinoyatning sodir etilish sabablari keng jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama qilindi.

Odatda, jinoyat tafsilotlari yakunida “mahalla-koʻy, qoʻni-qoʻshni, qarindosh-urugʻ qayoqqa qaradi? Muammoning shu darajada chuqurlashib ketishiga nega yoʻl qoʻyildi?” qabilida xulosa qilinadi. Bu bejiz emasligini bir oila fojiasi misolida koʻrish mumkin. Har bir oila – jamiyatning bir boʻlagi. Shunday ekan, uning ichki muammolari uchun jamiyat aʻzolari ham birday masʻul. Masʻuliyat unutilgan, atrofdagilar loqayd tomoshabinga aylangan joyda esa jinoyatlar tugʻilishi aniq.

Sud sodir etilgan jinoyatning sababini va uning sodir etilishiga imkon bergan sharoitlarni bartaraf qilish yuzasidan Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Fargʻona shahar va Rishton tumani kengashlariga xususiy ajrimlar chiqardi.

M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), OʻzA
1 659