O‘zA O`zbek

04.07.2020 Chop etish versiyasi

Epidemiyaga qarshi kurash yana-da kuchaytirildi

Epidemiyaga qarshi kurash yana-da kuchaytirildi

Fargʻona viloyatida koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlar yoʻqligi bois Respublika maxsus komissiyasining qaroriga koʻra, yashil hudud sifatida belgilangan. Biroq bu bilan aholi xotirjamlik va loqaydlikka berilib qolmasligi zarur.

Respublikamizning boshqa viloyatlarida kasallanish holatlari soni koʻpayib borayotganini inobatga olib Fargʻona viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi va uning quyi tizimidagi barcha xodimlar ayni kunlarda epidemiyaga qarshi targʻibot tadbirlarini har qachonligidan ham kuchaytirmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli buyruq va koʻrsatmalariga amal qilgan holda shahar-tuman tibbiyot birlashmalarida targʻibot guruhlari shakllantirilib, aholiga keng qamrovli tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Targʻibot guruhlari tarkibiga kiritilgan shifokor va patronaj hamshiralari hududiy mahalla fuqarolar yigʻinlari bilan hamkorlikda uy sharoitida tibbiy kuzatuvga olingan bemorlarni karantin qoidalariga rioya etishi yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatib, xonadonlar, guzarlar, bozorlar, savdo komplekslari, aholi koʻp toʻplanadigan boshqa joylarda fuqarolarga shaxsiy gigiyena qoidalari boʻyicha zarur tavsiyalar bermoqda.

Masalan, Fargʻona shahridagi 7 ta oilaviy poliklinika tomonidan tuzilgan targʻibot guruhlari birgina 3-iyul kuni 1632 ta xonadonlarga kirib, aholi bilan koronavirus infeksiyasi va boshqa yuqumli kasalliklarning oldini olish yuzasidan suhbatlar oʻtkazdi va zarur tavsiyalar berdi.

Bundan tashqari, tibbiyot birlashmalari va sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari xodimlari tomonidan joylarda zararsizlantirish ishlari ham keng qamrovda olib borilmoqda. Fargʻona tuman sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi zararsizlantirish boʻlimining 11 nafar dezinfektorlari va shartnoma asosida ishlovchi 30 nafar dezinfektor xodimlar bir kunning oʻzida 13 kilo gipoxlorid kalsiy, 1 kilo bioxlor zararsizlantiruvchi vositalari bilan 8933 metr kvadrat maydonda zararsizlantirish ishlarini olib borishdi.

Xususan, “Vodil”, “Kaptarxona”, “Chimyon” dehqon bozorlarida, “Chimyon” “Konchilar” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan 12 ta koʻp qavatli uylarning 30 ta kirish qismlarida, “Shifokor” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan 5 ta koʻp qavatli uylarning 26 ta kirish qismlarida zararsizlantirish ishlari olib borildi.

Targʻibot va zararsizlantirish ishlari davom etmoqda.

1 843
M. Sulaymonov, OʻzA