O‘zA O`zbek

05.09.2018 10:18 Chop etish versiyasi

“Eng yaxshi huquq targʻibotchisi” tanlovi gʻoliblari aniqlandi!

“Eng yaxshi huquq targʻibotchisi” tanlovi gʻoliblari aniqlandi!

Tanlovga ikki oy davomida 170 dan ortiq material kelib tushdi. Tanlov nizomiga muvofiq, hakamlar hayʼati ushbu materiallarni oʻrganib chiqib, yashirin ovoz berish yoʻli bilan gʻoliblarni aniqladi.

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan “Eng yaxshi huquq targʻibotchisi” tanlovi eʼlon qilingan edi. Oʻnta nominatsiya boʻyicha oʻtkazilgan ushbu tanlov oʻz nihoyasiga yetgani haqida vazirlikning “Huquqiy axborot” kanali maʼlum qilmoqda.

Tanlovga ikki oy davomida 170 dan ortiq material kelib tushdi. Tanlov nizomiga muvofiq, hakamlar hayʼati ushbu materiallarni oʻrganib chiqib, yashirin ovoz berish yoʻli bilan gʻoliblarni aniqladi.

Gʻoliblar bilan tanishing:

1. “Huquqiy targʻibotdagi fidoiyligi uchun” nominatsiyasi boʻyicha:

Muhiddinova Feruza Abdurashidovna – Toshkent davlat yuridik universiteti professori. Respublika miqyosidagi huquqiy targʻibot guruhlari faol aʼzosi. 100 ga yaqin ilmiy ishlar: monografiyalar, risolalar va ilmiy maqolalar muallifi. Huquqiy targʻibotdagi faolligi uchun qator davlat idoralari va tashkilotlarining tashakkurnoma hamda faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.

2. “Huquqiy madaniyatni targʻib qiluvchi eng yaxshi mutaxassis” nominatsiyasi boʻyicha:

Xudoyberdiyev Xushnudbek Gʻayratovich – Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi apparatining Yuridik boʻlimi mudiri oʻrinbosari. Telegram kanalida “Xushnudbek.uz” nomli kanalni yuritadi. Ushbu kanalda taʼlim, mehnat, isteʼmolchilik huquqi kabi masalalarda mazmunli va qiziqarli kontentlar muntazam ravishda berib boriladi.

3. “Huquqiy madaniyatni targʻib qiluvchi eng yaxshi jurnalist” nominatsiyasi boʻyicha:

Ergasheva Dilfuza Rustamovna – “Inson va qonun” gazetasi adabiy muharriri, jurnalist, bloger. Huquqiy targʻibot yoʻnalishidagi qator materiallari matbuotda va internet sahifalarida eʼlon qilingan.

4. “Huquqiy madaniyatni targʻib qiluvchi eng yaxshi OAV” nominatsiyasi boʻyicha:

“Oʻzbekiston 24” telekanali – huquqiy targʻibot, xususan, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini yetkazish yoʻnalishida eng faol telekanal.

5. “Huquqiy madaniyatni targʻib qiluvchi eng yaxshi bloger” nominatsiyasi boʻyicha:

Kalonov Bahrom Qosimjonovich – taniqli karikaturachi-rassom. U tomonidan chizilgan birgina #bizkorrupsiyagaqarshimiz” xeshtegi ostidagi turkum karikaturalar telegram, feysbuk va instagram ijtimoiy tarmoqlarida million martadan ortiq koʻrilgan.

6. “Huquqiy madaniyatni targʻib qiluvchi eng yaxshi sayt” nominatsiyasi boʻyicha:

“Xabar.uz” portali – axborot-tahliliy portal. Mazkur saytda fuqarolarning huquqiy va ijtimoiy faolligini yanada yuksaltirish, huquqiy savodxonligini oshirish boʻyicha muntazam ravishda huquqiy sohadagi axborot-tahliliy materiallar eʼlon qilingan.

7. “Huquqiy targʻibotdagi eng yaxshi innovatsion loyiha” nominatsiyasi boʻyicha:

Gafurov Umid Ilhomovich – Ijtimoiy tarmoqlarda “Troll.uz” nomi bilan mashhur bloger. Ijtimoiy tarmoqlar orqali “#bizkorrupsiyagaqarshimiz” xeshtegi ostida “Korrupsiyaga qarshimiz deb turib...” va “Bir gap bilan taʼlimdagi korrupsiya...” nomli seriyali postlari keng ommalashdi. Bu postlar hatto qogʻozga bosib chiqarilib masʼul idoralarda devorlarga osib qoʻyilgani haqida axborotlar tarqaldi.

8. “Mahallada huquqiy madaniyatni yuksaltirishdagi faolligi uchun” nominatsiyasi boʻyicha:

Ibragimov Farhod Baxodirovich – Jinoyat ishlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining katta mutaxassisi. Huquqiy targʻibot boʻyicha mahallalarda tizimli ravishda uchrashuv va davra suhbatlari tashkil qilgan.

9. “Huquqiy targʻibotdagi eng yaqin hamkor” nominatsiyasi boʻyicha:

“UzReport” telekanali – Huquqiy targʻibot tadbirlarini, xususan, “Adliya axboroti” nomli brifingni eng faol yorituvchi hamkor telekanal.

10. “Eng yosh huquq targʻibotchisi” nominatsiyasi boʻyicha:

Rubsov Yuriy Aleksandrovich – Fargʻona viloyati yuridik kolleji bitiruvchisi (18 yosh). Huquqiy targʻibotda faol, xususan infografikalar yaratishda yuksak mahoratga ega. Fuqarolik, jinoyat huquqi boʻyicha turli mazmundagi sifatli infografikalar tayyorlab ulardan targʻibot tadbirlarida samarali foydalangan.

Tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimi 12-sentyabr kuni boʻlib oʻtadi.

OʻzA
2 487