Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.01.2018 18:40 Chop etish versiyasi

Eng yaxshi dori

Dorixonalardagi narx ko‘zingizni "o‘ynatib" turgan bir paytda maqolaga tanlangan sarlavhadan ajablanayotgandirsiz. Binobarin, gap qayoqqa ketayotganini anglashingiz bilan undan darrov yuz o‘girmang. Matnni oxirigacha sabr bilan o‘qisangiz, anchadan buyon qidirayotgan doringizni topishingizga ishonchim komil. Faqat uni ishonch bilan o‘qisangiz bas.

Hech kimga sir emas, tibbiyot rivojlangani sari kasalliklar turi ham ko‘payib borayotir. Bu o‘z-o‘zidan dorilar turi ko‘payishiga ham sabab bo‘lmoqda. Ammo minglab dorilar ichida qaysi biri eng yaxshisi bo‘lishi mumkin? Tabiiyki, tishi og‘rib azob berayotgan kishi uchun og‘riq qoldiruvchi doridan boshqasi bekor. Yoki oshqozoni bezovta qilayotgan bemor uchun ham shunday – oshqozonga shifo bo‘ladigani eng ma’quli. Xalqimiz "odamning qayeri og‘risa, joni o‘sha yerda" deb bejiz aytmagan. Xullas, bir dori ikkinchisining o‘rnini bosolmaydi. Eng yaxshi dori esa hammasining o‘rnida qo‘llana oladigan bo‘lishi kerak.

Odamzot qadim zamonlardan beri mana shunday hammabop dorini qidiradi. Ma’lum ma’noda, bunday dori topilgan ham. Ne baxtki, u haqdagi dastlabki fikrlarni bizning ajdodlarimiz, xususan, jahon tibbiyotining asoschisi Abu Ali ibn Sino ilgari surgan ekan. Buyuk tabibning fikricha, dori-darmon bemor uchun foydali, albatta, ammo so‘zning o‘rni baribir bo‘lakcha. Chunki, so‘z – mo‘jiza.

Qiziq, ba’zan har qanday dori-darmonu, zamonaviy meditsina ojiz qolganda, ana shu bir og‘iz so‘z bemorga bemisl ruhiy dalda, jismoniy quvvat bag‘ishlaydi! Chunki so‘z xoh yaxshi, xoh yomon bo‘lsin, avvalo, bosh miyaga ta’sir qiladi. Bosh miya esa organizmdagi butun jarayonni boshqaradi va nazorat qilib turadi. Yomon so‘zdan odamning aft-angori o‘zgaradi, rangi o‘chadi, qo‘l-oyog‘i titraydi, og‘zi qaqraydi, ko‘zi tinadi, qulog‘iga so‘z kirmaydi, nafas olish va yurak urishi tezlashadi. Buning ustiga muvozanati buzilgan organizmning himoya vositalari ham zaiflashadi. Shunday chog‘da kishi o‘zini bosib olmasa, yomon kasallikka yo‘liqishi, hatto nojo‘ya harakat sodir etishi ham mumkin. Ayniqsa, xunuk so‘z shifokorning og‘zidan chiqsa, bundan ortiq fojia yo‘q.

Rivoyat qilishlaricha, bir kuni Luqmoni Hakim ko‘chada ketayotsa, oldinda borayotgan bir qiz dam-badam qon tupirarmish. Hakim qorama-qora boraveribdi. Qiz uyiga kirib ketgach, darvozani taqillatibdi. Bir mo‘ysafid chiqib, tabibni tanibdi va uyga taklif etibdi. Gap orasida Luqmoni Hakim “qizingiz bedavo dardga uchragan, afsuski, muolajaning iloji yo‘q”, debdi. Uning bu so‘zlarini eshik ortida eshitib turgan haligi qizning yuragi birdan duk-duk urib, qaltirab yiqilibdi va hushidan ketibdi. Xullas, shu bir og‘iz so‘z oqibatida qiz ruhiy dardga giriftor bo‘lib, olamdan o‘tibdi.

...Kunlarning birida qizning otasi Luqmoni Hakimni uchratib qolib, debdi:

– Taqsir, qizim bedavo dardga chalinganini qanday bilib edingiz?

– Qizingiz ko‘chada kelaturib, bot-bot qon tuflaganini ko‘rgan edim, – javob beribdi Luqmoni Hakim.

Buni eshitgan chol o‘z peshonasiga uribdi. Keyin sal o‘ziga kelgach:

– E, attang, qizim o‘sha kuni shotut yeb edi, siz ko‘rgan tufuk shotut sharbati-ku! Ey attang!.. – debdi.

Shunda Luqmoni Hakim chol oldida tiz cho‘kib, uzr so‘rabdi:

– Siz menga va bizdan so‘nggi avlodlarga unutilmas saboq berdingiz. Bir so‘z bilan soppa-sog‘ odamni o‘ldirish yoki bemorni oyoqqa turg‘izib yuborish mumkin ekan! “Dardni bilmasang, yaxshisi bemorni tinch qo‘y” deganlari bejiz emas ekan...

Bunday voqealar, afsuski, bizning kunlarda ham uchrab turibdi. Yaqinda bir shifoxonada quyidagi suhbat qulog‘imga chalinib qoldi: “Bir bemorni bilardim. Uncha-muncha dardni pisand qilmasdi, – deya so‘zlardi bemorlardan biri. – Har qanday operatsiyaga “g‘ing” demay chidagan. Uning biror marta noliganini hech qachon eshitmaganmiz. Doim kulib turardi. Bir kuni o‘sha bemorni ko‘rib qoldim. Rangi so‘lib, o‘zini butkul oldirib qo‘yibdi. Hayron bo‘lib hamshiralardan so‘radim: “Operatsiyadan yaxshi chiqdi, deyishgandi. Nima, yolg‘onmidi?”. “Yo‘q, – deyishdi qizlar. – Operatsiyadan keyin ancha yaxshi bo‘lib qolgandi. Shifokorlardan biri uning ahvoli biroz yomonlashganda "sizning organizmingiz bunday operatsiyani ko‘tarmasdi, nima qilardingiz joningizni qiynab, buning ustiga yoshingiz ham bir joyga borib qolgan bo‘lsa”, debdi. O‘sha kundan beri boshqacha bo‘lib qoldi”.

Bu gapni eshitib g‘alati bo‘lib ketdim. Demak, o‘sha shifokor bemehr, qahri qattiq inson. Undan hech qachon yaxshi shifokor chiqmaydi.

Ha, yaxshi shifokor bo‘lish oson emas. Buning uchun yaxshi mutaxassis bo‘lishning o‘zi kamlik qiladi. Shifoning ta’sirchanligi, eng avvalo, shifokorning odamiyligiga, bemor qalbiga yo‘l topa bilishiga bog‘liq. Zero, har qanday muolaja asosida shifokor va bemor o‘rtasidagi ishonch yotadi. Aks holda, muolaja besamar ketadi. Shuning uchun ham mashhur psixoterapevt Anatoliy Kashpirovskiy jurnalistlar bilan uchrashuvda o‘zida sehrgarlik qobiliyati yo‘qligi, lekin ko‘p yillik shifokorlik faoliyatida inson uchun eng yaxshi dori so‘z ekanini tushunganini ta’kidlab, shunday degandi: “Men erishgan natijalarga erishmoq uchun albatta shunga yarasha qobiliyatga ega bo‘lish kerak. Misol uchun, o‘zaro muloqotga tez kirisha oladigan bo‘lish lozim. Toki kishilar o‘zida Siz bilan suhbatlashishga ehtiyoj sezsin, sizga ishonsin. Shuning uchun ham so‘z qudrati orqali bemor ongiga ta’sir etib, uning umumahvolini, dardini yengillashtirish yoki butunlay sog‘aytirib yuborish jarayoni psixoterapiya yo‘li bilan davolash deb ataladi”.

Tibbiyotda so‘z kuchi doimo juda katta ahamiyat kasb etganini rus tilidagi “vrach” so‘zining kelib chiqish tarixida ham ko‘rish mumkin. Uning ildizlari XI asrdagi “vrat” so‘ziga borib taqaladi. U vaqtlar bu so‘z "yolg‘on" emas, balki umuman gapirish, ya’ni xastalikni so‘z kuchi bilan yengishni anglatgan.

“...Bemor uchun dori-darmondan ham avval shirin so‘z kerak ekan. Biz bunga ming karra amin bo‘ldik. Siz tanamizga malham bo‘lib, qalbimizga “Xafa bo‘lmang, sog‘ayib ketasiz. Kasalingiz esingizdan ham chiqib ketadi”, deya taskin bera oldingiz. Biz sizni unutolmaymiz...”.

Bu so‘zlar to‘qima emas, bemorlar shifoxona daftariga yozib qoldirgan minnatdor qalblar izhori.

Taassuflar bo‘lsinki, bemorning ruhiy ahvolini o‘rganish, qalbiga yo‘l topish, unga ruhiy ta’sir etish o‘rniga turli hujjatlarni bemor qalbidan ustun qo‘yayotgan, qo‘pol so‘zlari bilan billur ko‘ngillarni bir umrga yaralayotgan byurokrat va dilozor “vrach”lar ham yo‘q emas.

Ko‘p yillar o‘tgan bo‘lsa-da, bir voqea hech yodimdan chiqmaydi. O‘shanda sariq kasali bilan og‘rigan jiyanim va uni olib yotgan buvim holidan xabar olish uchun Rishtonda qo‘shimcha ravishda tashkil etilgan dala shifoxonasiga borganimda buvimning ko‘zlarida jiqqa yosh ko‘rib, qanday holatga tushganimni ta’riflash qiyin. Qo‘pol so‘zlari bilan keksa buvimning ko‘zlarini yoshlagan “vrach”ni o‘sha kuni shifoxonadan qidirib topolmadik. Bu kimsaning dilozorligidan yana ko‘p bemorlar zorlangan edi o‘shanda. Oliy ma’lumotli bunday “vrach”lar 6-7-yillik o‘qish jarayonida “Agar vrach suhbatidan keyin bemor yengil tortmasa, u vrach emas” qabilidagi shifokorlar uchun eng zarur gaplarni nahotki eshitmagan bo‘lsa?

Ba’zan shifoxona ostonasiga qadam qo‘yishingiz bilan, nazoratchi hamshiraning qo‘pol muomalasiga duch kelasiz: – Xalat chiqsin, keyin kirasiz! – deydi u ilk bor duch kelayotgan kishisi bilan salomlashishni ham unutib.

Begona ostonada noiloj xalat chiqishini kutib o‘tirasiz. Nihoyat, turli-tuman yelkalarga ilinaverganidanmi yo haftalab yuvilmaganidanmi, oqligi ham bilib bo‘lmas darajaga kelib qolgan “infeksiya qo‘riqchisi”ni yelkangizga ilib, bemor huzurida biroz o‘tirasizu shoshilinch chiqib ketasiz. Chunki xalatni yana birov kutyapti-da. Ayniqsa, tug‘ruqxonalardagi yo‘qlovlar juda o‘ziga xos. Umuman, bizda bemorlardan hol-ahvol so‘rash tartibini ham o‘ylab ko‘rish kerakka o‘xshaydi.

Kezi kelganda shuni ham aytish kerakki, shifokorlar tayyorlaydigan o‘rta va oliy o‘quv yurtlarida darslar endi o‘zbek tilida olib borilayotganiga qaramay, shifokorlarning o‘zbek tilini, ayniqsa, muomala madaniyatini yaxshi bilmasligi achinarli holdir. Kasallik varaqasini o‘z ona tilida – o‘zbek tilida to‘ldira olmaydigan shifokordan qanday shirin muomala kutish mumkin?!

Darvoqe, suhbatimiz muqaddimasida mushtariylarimizga eng yaxshi dorini topishda ko‘maklashishni va’da bergan edik. Ammo biz ularga yaxshi so‘zdan boshqa hech narsa tavsiya qila olmaymiz. Zero, ulug‘ bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino ta’kidlaganidek, shunday xastalar bo‘ladiki, ularni faqat so‘z bilan davolamoq zarur.

Siddiqjon Mo‘minov,
Farg‘ona davlat universiteti professori,
filologiya fanlari doktori.

O‘zA
2 071