O‘zA O`zbek

24.08.2018 18:18 Chop etish versiyasi

Eng oson ish – maslahat berish

Eng oson ish – maslahat berish

Soʻnggi yillarda barcha rivojlangan davlatlarda boʻlgani kabi mamlakatimizda ham turizm infratuzilmasini yaxshilash, turistlarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish maqsadida sohaga ilgʻor innovatsiyalar joriy etilmoqda. Zero, turizm yurt qiyofasini, odamlarning turmush tarzini, muomala madaniyatini butkul oʻzgartirishga xizmat qiluvchi sohalardan biridir.

Har kim maʻnaviyatidan kelib chiqib soʻz aytadi!

Turistlar koʻp keladigan mamlakat rivojlanadi, davlatga valyuta tushumi ortadi. Buning uchun oʻsha davlatda har tomonlama osoyishtalik hukmron boʻlmogʻi, sayohat obyektlari ozoda boʻlishi, inson salomatligi uchun xavfli boʻlmasligi joiz. Bir soʻz bilan aytganda, sayohatga boradagan davlatingiz madaniyat va maʻnaviyatda yuksak rivojlangan boʻlishi kerak.

Shu haqda yozar ekanman, jurnalist Nikita Makarenkoning maqolasidagi shu jumlalarni oʻqib qoldim.

“Maʻnaviyat shaharning chinnidek toza va dono boʻlishini istaydi. Shahar u kutganidek boʻladi va oxir-oqibatda halokatga yuz tutadi. «Maʻnaviyat” soʻzidan shaharni dunyo darajasida raqobatbardosh qilishga qodir kishilar yuzini burishtiradigan darajaga kelib qoldi...» 

Aslida hamma illat maʻnaviyatsizlik, madaniyatsizlik natijasida kelib chiqmaydimi? Tongda oila aʻzolari bir-biriga salom bermasligi, koʻcha-koʻyda hol-ahvol soʻramaslik, duch kelgan joyga axlat uloqtirish kabi maʻnaviyatsizlikning kichik koʻrinishlari katta-katta maʻnaviy boʻshliqlarni olib kelmaydimi?

Maqolada yana shunday jumlalar bor: “Tungi hayotni chegaralashga qaratilgan hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun eʻlon qilindi ham. Shaharliklar va ularning ehtiyojlari hisobga olinmadi. Hech boʻlmasa sayyohlarni oʻylash kerak emasmidi?”

965740213.jpg

Ana, sizga maʻnaviyatga toʻla jumlalar.

Muallif oqlayotgan “tungi hayot” asl maʻnaviyatsizlikning boshlanishi emasmi? Bu kabi qarorda sayyohlarning Oʻzbekistonga kelishini cheklaydigan hech qanday toʻsiq yoʻq.

Oʻzbekiston sayyohlar uchun tinch, osoyishta, xavfsiz shahardir. Bu boradagi ishlar davlat nazoratida. Shunday ekan, xavotirga oʻrin yoʻq.

Dunyoning koʻplab mamlakatlarida spirtli ichimliklar bilan bogʻliq turli koʻrinishdagi cheklovlar yoʻlga qoʻyilgan. Bu tinchlik-osoyishtalikni taʻminlash maqsadida amalga oshirilayotgan choralardan biridir. 

Jumladan, Germaniyaning Baden-Vyurtemberg federal oʻlkasida doʻkonlar va avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalarida soat 23.00 dan 5.00 ga qadar alkogol mahsulotlarini sotish taqiqlangan. AQSHda spirtli ichimliklar savdosi boʻyicha qatʻiy cheklovlar oʻrnatilgan boʻlib, har bir shtatda bir-biridan farq qiladi. Alkogolli ichimliklar ular savdosi bilan shugʻullanish uchun litsenziyaga ega doʻkonlardagina sotiladi.

Italiyada ham barlar va klublarda tungi soat 03.00 dan 6.00 ga qadar, doʻkonlarda yarim tundan soat 6.00 ga qadar, yoʻllar boʻyida joylashgan maskanlarda esa soat 10.00 dan 6.00 gacha spirtli ichimliklar sotilmaydi.

081813-alcohol-600x400.jpg

Portugaliyaning alkogol mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanuvchi doʻkonlari dushanbadan jumaga qadar soat 9.00 dan 13.00 gacha va soat 15.00 dan 19.00 gacha ishlaydi, bayram kunlari yopiq boʻladi.

Rossiyada kechasi alkogol ichimligi sotuvini cheklash natijasida alkogol ichish koʻrsatkichi kishi boshiga 3 litrga kamaygan. Natijada tungi bezoriliklar 23 foizga, spirtli ichimlik taʻsiri oqibatida sodir etilgan jinoyatlar 40 foizga, umumiy jinoyat turlari esa 14 foizga kam sodir etilmoqda.

Ushbu mavzuga oid maʻlumotlarni juda koʻp keltirish mumkin.

Maʻlumotlarga koʻra, yurtimizda zoʻrlashlarning 25 foizi, qotilliklarning 16 foizi mast holda sodir etilgan.

Spirtli ichimlik ortidan janjal-toʻpolon kelib chiqishi tabiiy. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʻlumotiga koʻra, dunyoda oʻlimning 10 foizga yaqini mast holda shikastlanish tufayli roʻy beradi.

WHO.jpg

Bu kabi koʻngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida yurtimizda keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, alkogol mahsulotlari chakana savdosi soat 21.00 dan, kafe va restoranlarda soat 23.00 dan soʻng taqiqlanadi.

Toʻgʻri, bu holatga ayrimlar bir yoqlama yondashuv bilan qaramoqda. Ayniqsa, Toshkent shahrida tungi cheklovlarni joriy etish goʻyoki uning nufuzini tushirib yuboradi, inson erkinligini cheklaydi, turistlarni bezdiradi, degan fikrlar shakllanmoqda. Masalaning asl mohiyati esa butkul boshqacha.

Turistlar masalasini olaylik. Birinchidan, turistlar Toshkentga spirtli ichimlik isteʻmol qilish uchun kelmaydi. Ikkinchidan, ular sayohat uchun eng avvalo tinch va xavfsiz shaharlarni tanlaydi. Uchinchidan, tun yarmidan oqqan, aytaylik, kech soat 11.00 dan keyin kafelarda shu paytgacha turistlarni kam uchratganmiz. Ular bu vaqtda mehmonxonada dam olayotgan boʻladi.

turist.jpg

“Nega endi dam olarkan?”, deyishga shoshilmang. Siz ham qaysidir davlatga borsangiz, tungi oʻndan keyin koʻchada yurmaysiz. Axir siz oʻz Vataningizda emassiz. Qolaversa, poytaxtimizdagi mehmonxonalarning derazalaridan Toshkentning tungi manzaralari yanayam chiroyliroq koʻrinadi. Bu turistlar uchun yanada qulay.

Demak, turistlar oqimi kamayadi, degan qarash mutlaqo nooʻrin.

Inson erkinligini cheklash haqidagi fikrlar ham oʻrinsizdek. Oddiy misol keltiramiz. Ishdan keyin, aytaylik soat kechki sakkizlarda kafega bordik. Uzogʻi bilan 2-3 soat oʻtiramiz, bu paytda soat 10 boʻladi. Oʻziga hushyor, ertangi ishini, oilasini oʻylaydigan odam kafeda tungi vaqtda bekorga gap sotib oʻtirmaydi-ku. Bekorchi, ishining tayini yoʻq odamlar esa “tungi kliyentlar”ga aylangan. Koʻngilsiz hodisalar ham asosan ular tomonidan sodir etiladi. Buyogʻi tushunarli...

Shu bois, mamlakatimizda jamoat tartibini saqlash, avvalambor, voyaga yetmagan va yoshlar oʻrtasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalarning buzgʻunchi tahdidlarni barvaqt aniqlash boʻyicha yakdil harakatlarini qoʻllab-quvvatlash va taʻminlashga alohida eʻtibor qaratilmoqda. Bu borada Prezidentimizning 2018-yil 14-fevraldagi “Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etadi.

Tashkent.original.31922.jpg

Ushbu yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida ilk tahrirdagi “Xavfsiz shahar” yagona apparat-dasturiy majmuasini yaratish va uni yanada rivojlantirishga doir konsepsiya ishlab chiqildi. Bu kabi saʻy-harakatlarning barchasi, avvalo, aholi farovonligi va xorijlik sayyohlarga yanada qulayliklarni yaratish maqsadida amalga oshirlmoqda. Poytaxtimizda bu kabi amaliy ishlarga har bir shaxs oʻz hissasini qoʻshishga harakat qilsa toʻgʻri boʻlardi. Bu ona Vatanni sevish, masʻuliyat va fuqarolik burchi degan boʻlardim.

“Oqni oq, qorani qora”, degan maʻqul albatta. Ammo eng yomoni tirnoq orasidan kir qidirishdir. Bugungi kun islohotlari, ijobiy oʻzgarishlarni koʻrib turib koʻrmaslikka, anglab anglamaslikka olish, yoki undan faqat kamchilik qidirish farzandlik burchi emas.

Bugungi oʻzgarishlarga har kim turlicha munosabat bildirishi mumkin. Biroq soʻz aytishdan oldin uni oʻylash, mushohada qilish insonga xos. Shunday ekan, avvalo har birimiz boqimandalik kayfiyatidan butkul chiqib, rivojlanish yoʻlini tanlayotgan ilgʻor insonlar qatorida turib, ildam odimlayotgan davlatimiz ravnaqi uchun harakat qilmogʻimiz zurur.

Yunus Karimov, 
xalq deputatlari Toshkent shahar 
Kengashidagi Oʻzbekiston “Milliy tiklanish”
demokratik partiyasi guruhi aʻzosi


2 281