O‘zA O`zbek

12.09.2018 18:47 Chop etish versiyasi

“Eng noyob”, “Eng shirin” va “Eng bozorbop” nominatsiyasi gʻoliblari aniqlandi

“Eng noyob”, “Eng shirin” va “Eng bozorbop” nominatsiyasi gʻoliblari aniqlandi Ular Toshkent davlat agrar universitetida oʻtkazilayotgan “Uzum-2018” koʻrik-tanlovida aniqlandi.

Tanlov koʻrgazma shaklida tashkil etilgan boʻlib, yurtimizdagi uzum yetishtirish boʻyicha eng ilgʻor fermerlar oʻzlari yaratgan va yetishtirgan uzum navlari bilan ishtirok etdi.

– Oʻzbekiston mevalari, ayniqsa, poliz mahsulotlari va uzum butun dunyoga mashhur, – deydi USAIDning “Oʻzbekistonda Qishloq xoʻjaligida qiymat zanjiri” loyihasi rahbari Brain Kiger. – Haqiqatdan ham Oʻzbekiston mevalari jahon bozorlarida “Premium-klass” mevalar sirasiga kiradi va xaridorgir. Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi ijobiy hamkorlik aloqalari ikki davlat savdo-sotiq aloqalari uchun juda foydali.

Koʻrik-tanlov gʻoliblari besh kishidan – ulardan ikkitasi xorijlik mehmonlardan iborat hayʼat aʼzolari va koʻrgazma mehmonlari tomonidan xolis ovoz berish yoʻli bilan aniqlandi.

“Eng shirin” nominatsiyasida Parkent tumanidagi “Vazira Gulbogʻ“ fermer xoʻjaligida yetishtirilgan “Qora kishmish”, “Eng bozorbop” nominatsiyasi Quvasoy tumanidagi “Azizbek AXA“ fermer xoʻjaligida parvarishlangan “Kelin barmoq” va “Eng noyob” nominatsiyasi Buloqboshi tumanidagi “Abdurashid Muchurin“ fermer xoʻjaligi olib kelgan “Charos” naviga nasib etdi.

Gʻoliblarga sertifikat va esdalik sovgʻalari topshirildi.

OʻzA
997