O‘zA O`zbek

05.03.2018 07:07 Chop etish versiyasi

Eng namunali tayanch punkti

Eng namunali tayanch punkti “Namunali ichki ishlar organlari tayanch punktlari” ko‘rik tanlovining Jizzax viloyati bosqichida “Jizzaxlik” mahalla fuqarolar yig‘iniga xizmat ko‘rsatuvchi 6-ichki ishlar organlari tayanch punkti eng namunali deb topildi va tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilgan tub islohotlarda jamoat xavfsizligini saqlashning asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan ichki ishlar organlari tayanch punktlariga alohida e’tibor qaratilib, profilaktika inspektorlarining xizmat va yashash sharoitlari yaxshilandi. Ayniqsa, proflaktika inspektorlari turar joy, xizmat mashinalari bilan ta’minlanishi huquqbuzarliklarning oldini olish, aholi osoyishtaligini saqlashda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Ayni paytda viloyatda ichki ishlar organlarining 145 tayanch punkti faoliyat ko‘rsatmoqda. Tayanch punktlarida profilaktika inspektorlari tomonidan hududlarda osoyishtalikni ta’minlash, turli noxush holatlarning oldini olishda mahalla fuqarolar yig‘ini faollari, mahalla posboni jamoat tuzilmasi bilan hamkorlikda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 

6.JPG

Navbatdagi ko‘rik-tanlov tayanch punktlari profilaktika inspektorlarining keyingi bir yilda jamoat tartibini saqlashda erishgan ishlarining o‘ziga xos sarhisobi bo‘ldi. Tanlovda mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni saqlab, aholining og‘irini yengil qilayotgan, mavjud muammolarni bartaraf etayotgan, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda yuqori ko‘rsatkichlarga erishayotgan namunali ichki ishlar organlari tayanch punktlari faoliyati hakamlar hay’ati tomonidan baholandi.

Birinchi o‘ringa Jizzax shahridagi “Jizzaxlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi profilaktika inspektori katta leytenant Murodjon Nizomov faoliyat ko‘rsatayotgan 6-tayanch punkti munosib topildi.

Ikkinchi o‘rinni Mirzacho‘l tumani “G‘alaba” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi mayor Jamshid Norqulov profilaktika inspektori bo‘lgan 135-, uchinchi o‘rinni Forish tumani “O‘zbekiston” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi leytenant Begzod Rasulov profilaktika inspektori bo‘lgan 141-tayanch punkti egalladi.

Tanlovda “Eng faol profilaktika inspektori”, “Eng faol mahalla posboni”, “Ibratli xotin-qizlar qo‘mitasi raisi”, “Adolatli yarashtirish komissiyasi raisi”, “Ichki ishlar organlari boshliqlarining eng faol yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari”, “Eng fidoyi sektor rahbari” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib taqdirlandi.

Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat) O‘zA
10 428