Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.12.2017 19:16 Chop etish versiyasi

“Eng namunali oila” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichida kimlar g‘olib bo‘ldi?

“Eng namunali oila” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichida kimlar g‘olib bo‘ldi? Milliy akademik drama teatrida bo‘lib o‘tgan “Eng namunali oila” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichida asosiy e’tibor namunali oilalar targ‘iboti, uning jamiyatdagi o‘rni, oilaviy munosabatlar, ahillik, milliy rasm-rusumlar ifodasiga qaratildi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tanlovda viloyat bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 14 oila qatnashdi.

4.JPG

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari G.Ma’rufova va boshqalar mamlakatimizda oila institutini yanada takomillashtirish, oilalarning har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat taraqqiyotida o‘rnini oshirishga qaratilgan islohotlar ijrosi oilalar ahil va totuvligini ta’minlash, farzandlarimiz porloq kelajagi, baxtu saodatini yaratishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.

17.JPG

– Bosh qomusimiz qabul qilinganining 25 yilligini keng nishonladik, – deydi O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi bosh mutaxassisi D.Qo‘ziyeva. – Uning 63-moddasida oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega ekani belgilab berilgan. Bunday imkoniyatlar oilalar ahilligi va huquqlari himoyalanganidan dalolat beradi. Bugungi tanlovning mazmun-mohiyati ham oilalarda barchaga ibrat bo‘ladigan an’analarni davom ettirishga qaratilgan. Uning hududiy saralash bosqichlarida 15 ming 624 oila ishtirok etdi. Unda oilalarning hayotiy tajribasi, oilada ota-onaning o‘rni, farzandlar munosabati, kitobxonlik darajasi, farzandlarni mehnatga o‘rgatish ko‘nikmasi, milliy qadriyatlarni bilishi, sog‘lom hayot tarziga rioya etish, oila a’zolarining mahalla va jamoat ishlaridagi ishtiroki kabi jihatlar inobatga olindi. “Mehribon qaynona”, “Kitobsevar oila” nominatsiyalari bo‘yicha ham ibratli oilalarni barchaga namuna qilib ko‘rsatishga harakat qilindi.

18 (1).JPG

Ishtirokchilar “Oilalarning tanishtiruv chiqishlari”, “Biz kitobxon oilamiz” va “Oila mustahkamligi – yurt tinchligi” shartlari bo‘yicha o‘zaro bahslashdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Buxoro viloyatidan Sa’dievlar oilasi birinchi o‘ringa loyiq, deb topildi. Ikkinchi o‘rin Toshkent shahridan Qodirovlar oilasiga, uchinchi o‘rin Samarqand viloyatidan Rajabovlar oilasiga nasib etdi.

19.JPG

– Bugungi shiddatli hayot har bir oila a’zosidan ma’naviy komillikni talab etmoqda, – deydi tanlov g‘olibi Nigora Latipova. – Ma’rifiy yuksak oilaning jamiyatda o‘rni baland va obro‘li bo‘ladi. Oilamiz bilan tanlov shartlarini bajarishda aynan shu jihatlarga e’tibor qaratdik. Turmush o‘rtog‘im Hikmatulla Sa’diev harbiylikdan nafaqaga chiqqan. Besh farzand tarbiyalab, voyaga yetkazdik. O‘zim ayni paytda Romiton tumanidagi 3-umumta’lim maktabida mehnat qilaman. Uchinchi shart bo‘yicha oila a’zolarimiz bilan “Gumroh” deb nomlangan videorolikni tayyorlab, unda oiladagi mehrsizlik, farzand tarbiyasiga e’tiborsizlik, mafkuraviy illatlar kabi muammolarni olib chiqdik va barchani ogohlikka undadik.

G‘oliblar va tanlovning faol ishtirokchilari “Kitobsevar oila”, “Sportchi oila”, “Ishbilarmon oila”, “Mehribon qaynona”, “Ahil oila”, “Saxovatli oila”, “Ibratli kelin”, “Fayzli oila” nominatsiyalari bo‘yicha hamkor tashkilotlar tomonidan taqdirlandi.

Nasiba Ziyodullayeva, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA
2 357