O‘zA O`zbek

15.02.2019 Chop etish versiyasi

Eng namunali davlat xizmatlari markazi

Eng namunali davlat xizmatlari markazi

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018 yilda Davlat xizmatlari markazlari xodimlari faoliyatining samaradorligi baholanganda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Shumanay tumani davlat xizmatlari markazi mamlakatimizdagi 201 markaz orasida eng namunalisi deb topildi.

Prezidentimizning 2017 yil 12 dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni aholiga davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtardi.

Ushbu hujjat bilan davlat xizmatlari koʻrsatishda juda katta ijobiy oʻzgarishlar roʻy berdi. Xususan, ilgari “yagona darcha” markazlari tomonidan faqat tadbirkorlik subyektlariga 38 turdagi davlat xizmati koʻrsatilgan boʻlsa, 2018 yil 1 apreldan boshlab nafaqat tadbirkorlik subyektlari, balki jismoniy shaxslarga ham davlat xizmatlari koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyildi. Davlat xizmatlari soni 38 tadan oʻtgan yil davomida 103 taga yetkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining maxsus buyrugʻiga asosan Davlat xizmatlari markazlari xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash mexanizmi joriy etildi.

– Unga koʻra, jismoniy va yuridik shaxslarga markazlar orqali koʻrsatilgan davlat xizmatlarining tezkorligi va qulayligi, Davlat xizmatlari markazlari xodimlarining xatti-harakati, jismoniy va yuridik shaxslardan ular faoliyatiga oid kelib tushgan murojaatlar oʻrganildi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi boshligʻi Kazbek Artikov. – Shuningdek, amalga oshirilgan ishlarning qonuniyligi va asoslanganligi, Davlat xizmatlari markazlari xodimlarining salohiyati va bilim darajasi baholanishi belgilangan. Ushbu mezonlar boʻyicha Shumanay tumani davlat xizmatlari markazi Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatayotgan shunday markazlar orasida eng namunalisi, deb topildi. Berilgan bu baho bizni yanada samarali ishlashga indaydi.

1 096
Yesimxon QANOATOV, OʻzA muxbiri