O‘zA O`zbek

09.11.2019 Chop etish versiyasi

Eng munosiblar mamlakat bosqichiga tavsiya etildi

Eng munosiblar mamlakat bosqichiga tavsiya etildi

Termizda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga nomzodlar koʻrik-tanlovining Surxondaryo viloyati bosqichi boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimizda isteʼdodli qizlarni qoʻllab-quvvatlab, oʻz iqtidorini keng namoyon etishi uchun yaratilgan imkoniyatlar ularning yanada koʻproq oʻqib, izlanishida muhim oʻrin tutmoqda.

– Ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilayotgan mazkur tanlovning soʻnggi yillarda avvalgidek besh yoʻnalishda emas, yetti yoʻnalishda oʻtkazilayotgani ham bunga yaqqol dalildir, – deydi viloyat hokimi oʻrinbosari, xotin-qizlar qoʻmitasi raisi M. Qobulova. – Bundan tashqari, tanlovda 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan qizlar ishtirok etayotgani jamiyatimizda xotin-qizlarga koʻrsatilayotgan etiborning yorqin ifodasidir.

Prezidentimizning 2018-yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal boʻlmoqda.

Joriy yilda vohada tanlov nomzodlarini saralash jarayonida taʼlim muassasalari, tuman va shahar bosqichlarida 1 ming 252 yosh isteʼdod sohibasi oʻz salohiyatini sinovdan oʻtkazgan boʻlsa, viloyat bosqichida adabiyot, sanʼat, fan, taʼlim, madaniyat, sport, jamoatchilik faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha 111 nafar qiz ishtirok etdi.

Viloyat komissiyasi eng yaxshi koʻrsatkichlarga erishgan iqtidorli qizlarni oʻz yoʻnalishi boʻyicha tanlovning mamlakat bosqichida qatnashishga tavsiya etdi.

Barcha ishtirokchilar viloyat xotin-qizlar qoʻmitasining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.

Tadbir doirasida tanlov qatnashchilarining ijodiy mahsulotlari koʻrgazmasi tashkil etildi.

384
Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, Jonibek QOʻZIMURODOV (surat), OʻzA