O‘zA O`zbek

13.11.2019 Chop etish versiyasi

Eng munosiblar g‘olib bo‘ldi

Eng munosiblar g‘olib bo‘ldi

Namanganda “Yilning eng yaxshi to‘garak rahbari” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi

Tanlov Xalq ta’limi bilan Madaniyat vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, “Hunarmand” uyushmasi, Toshkent Turin politexnika universiteti hamkorligida “Barkamol avlod” bolalar maktablarining to‘garak rahbarlari o‘rtasida tashkil etildi.

– Mazkur tanlov o‘quvchilarni to‘garaklarga jalb qilish va ularga maktabdan tashqari ta’lim berishda to‘garak rahbarlarining ijodiy tashabbuskorligi va izlanishlarini yanada oshirish hamda iqtidorli, izlanuvchan, tajribali to‘garak rahbarlarini aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirishning muhim omillaridan biri bo‘lib xizmat qiladi, – deydi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari D.Kenjaev. – Undan ko‘zlangan asosiy maqsad “Barkamol avlod” bolalar maktablarida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ularning ijodiy faolligini oshirish, samarali natijalarga erishayotgan to‘garak rahbarlari ish tajribalarini ommalashtirishdan iborat. 

Viloyatlarda tanlovning tuman, shahar va hududiy bosqichlarida 1200 nafardan ziyod to‘garak rahbarlari ishtirok etdi. Ular orasidan viloyat bosqichida 1-o‘rinni egallagan 42 nafar to‘garak rahbari test topshiriqlari, amaliy mashg‘ulot, “Barkamol avlod” bolalar maktablarida to‘garak mashg‘ulotlarini rivojlantirish konsepsiyasini himoya qilish, hududiy hamda respublika tanlovlarida erishgan yutuqlarini namoyon etish kabi shartlar asosida bilim va iste’dodini to‘rtta shart bo‘yicha sinovdan o‘tkazdi.

Hakamlar hay’ati tomonidan Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanidan Sh.Mo‘minovaning texnik ijodiyot, Namangan shahridan Sh. Berdimuratovaning badiiy ijod, Namangan viloyatining Uychi tumanidan N.Valievaning o‘lkashunoslik va ekologiya kabi yo‘nalishlardagi ishtiroki 1-o‘ringa munosib topildi.

G‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

514
Akromjon SATTOROV, O‘zA