O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

Eng koʻp paxta tergan oilalarga — “Spark” avtomashinasi berildi

Eng koʻp paxta tergan oilalarga — “Spark” avtomashinasi berildi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus tumanidagi “Baqanshaqli” ovul fuqarolar yigʻini hududidagi “Rustam” fermer xoʻjaligida “Oʻn kunda eng koʻp paxta tergan oila” tanlovining hududiy bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda oʻn kun davomida 7 tonna 146 kilogramm paxta tergan “Kerder” ovul fuqarolar yigʻini hududidan Atashovlar oilasiga “Spark” avtomashinasi tantanali tarzda topshirildi. Ular tergan paxtasi uchun 7 million soʻmga yaqin pul olib, oilasiga qoʻshimcha daromad ham kiritgan.

Bundan tashqari, oʻn kun davomida 5 tonna 599 kilogramm paxta tergan “Oqmangʻit” posyolka fuqarolar yigʻinidan Toʻreboyevalar oilasi muzlatkich, 4 tonna 803 kilogramm paxta tergan mazkur posyolka fuqarolar yigʻinidan Yusupovalar oilasi gaz plitasi, 2 tonna 571 kilogramm paxta tergan “Oqterak” ovul fuqarolar yigʻinidan Genjabayevalar hamda 2 tonna 445 kilogramm paxta tergan “Baqanshaqli” ovul fuqarolar yigʻinidan Uzoqbergenovlar oilasi zamonaviy televizor bilan taqdirlandi.

Taʼkidlanganidek, joriy yilgi paxta yigʻim-terimi mavsumini uyushqoqlik bilan oʻtkazish hamda faol terimchilarni ragʻbatlantirish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan shu yilning 27-sentyabrdan 7-oktyabr oraligʻida “Oʻn kunda eng koʻp paxta tergan oila” tanlovi uchta hudud boʻyicha eʼlon qilingan edi. Birinchi hududda Toʻrtkoʻl, Beruniy, Ellikqalʼa, Amudaryo tumanlari, ikkinchi hududda Taxiatosh, Xoʻjayli, Shumanay, Qonlikoʻl, Qoʻngʻirot tumanlari, uchinchi hududda Nukus, Kegeyli, Chimboy, Taxtakoʻpir, Qoraoʻzak tumanlaridan 172 oiladan 504 terimchi qatnashdi. Ular tomonidan 500 tonnaga yaqin paxta terildi. Ishchi guruh aʼzolari tomonidan eng koʻp paxta tergan oilalar aniqlandi.

Shunday qilib, birinchi hududdan Beruniy tumani “Doʻstlik” ovul fuqarolar yigʻinidan oʻn kunda oila aʼzolari bilan 8 tonnaga yaqin paxta tergan Gulhumor Roʻzimova, ikkinchi hududdan Qonlikoʻl tumani “Madaniyat” mahalla fuqarolar yigʻinidan 8 tonnadan ortiq paxta tergan Jiyengul Yeshanova oilasi, uchinchi hududdan Nukus tumani “Kerder” ovul fuqarolar yigʻini hududidan 7 tonna 146 kilogramm paxta tergan Ikrambay Atashovlar oilasi gʻolib boʻlib, har biri “Spark” avtomashinasi bilan taqdirlandi.

Tashkilotchilar tomonidan keyingi oʻn kunlik uchun ham mana shunday tanlov tashkil etilishi rejalashtirilib, gʻayratli terimchilarni, faol oilalarni qimmatbaho sovgʻalar kutmoqda.

Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M. Yerniyazov soʻzga chiqdi.

648
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA