O‘zA O`zbek

10.08.2018 19:32 Chop etish versiyasi

Eng ko‘p kitob o‘qigan va uqqanlar g‘olib bo‘ldi

Andijonda “Yosh kitobxon” tanlovining tuman va shahar bosqichlari bo‘lib o‘tdi.

Yoshlarning kitobga qiziqishini oshirish, ularda mutolaa madaniyatini yuksaltirish maqsadida o‘tkazilgan tanlovning saralash bosqichlarida 37,5 ming nafardan ziyod yoshlar ishtirok etdi. Ularning 564 nafari tuman va shahar bosqichlarida bahslashdi.

Ishtirokchilar 10-14, 15-19, 20-30 yosh toifasida “O‘zbek adabiyoti bilimdoni” va “Jahon adabiyoti bilimdoni” shartlari bo‘yicha bilim va salohiyatini sinovdan o‘tkazdi.

– Tanlovda katta qiziqish bilan ishtirok etdim, – deydi 10-14 yoshlilar toifasida Andijon tumani bosqichi g‘olibi Dildora Habibullayeva. – Tuman bosqichida g‘olib bo‘lganimdan xursandman. Endi tanlovning viloyat va mamlakat bosqichida ham g‘oliblar qatoridan joy olishga harakat qilaman. Bu bilan ota-onam va ustozlarimning, biz, yoshlarga barcha sharoit yaratib berayotgan Prezidentimizning ishonchini oqlagan bo‘laman.

Tuman va shahar bosqichlarida birinchi o‘rinni egallagan 47 nafar yosh kitobxon tanlovning viloyat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
2 514