O‘zA O`zbek

13.06.2019 12:35 Chop etish versiyasi

Eng ilg‘or tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi

Eng ilg‘or tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi

“Tashabbus – 2019” ko‘rik-tanlovining Andijon viloyati bosqichida 78 nafar tadbirkor, fermer va hunarmand ishtirok etdi.

Keyingi yillarda viloyatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining iqtisodiyotdagi salmog‘i, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hajmi, turi va sifati ortib bormoqda. Bu tanlov doirasida namoyish etilgan sanoat, qishloq xo‘jalik, oziq-ovqat, shuningdek, hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalarida ham yaqqol namoyon bo‘ldi.

Ulug‘nor tumanidagi "Ulu`gnor runo" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qo‘y junini qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan loyiha ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.

10.JPG

– Ishni klaster usulida tashkil etganmiz, – deydi korxona rahbari Ulug‘bek Abdurayimov. – Dastlabki bosqichda aholidan yig‘ib olingan junni yuvish, qadoqlash va eksport qilish yo‘lga qo‘yildi. Junni o‘zimizda qayta ishlash maqsadida zarur texnologiya olib kelindi, yil oxiriga qadar bo‘yash sexi ishga tushadi. Bundan tashqari, Ispaniyadan zotli qo‘ylar olib kelish borasida ham ishlar olib borilmoqda. Bu sifatli xom ashyoni o‘zimizda tayyorlash imkonini beradi.

Tadbirkor va fermer xo‘jaliklari tomonidan ishlab chiqarilayotgan xalq xo‘jaligi, oziq-ovqat, sut mahsulotlari, shuningdek, hunarmandlar tomonidan tayyorlangan bejirim, bir-biridan chiroyli liboslar, milliy do‘ppilar, duradgorlik mahsulotlari ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.

6.JPG

Qo‘rg‘ontepa tumanidagi "Inter agro star" ko‘p tarmoqli chorvachilik-naslchilik xo‘jaligida 450 bosh qoramol, 5 ming 600 bosh zotli qo‘y boqilmoqda. Shu bilan birga, poliz va sabzavot mahsulotlari ham yetishtirilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida 70 ming AQSh dollari miqdoridagi gilos va 65 tonna sarimsoqpiyoz Xitoy hamda Rossiya davlatlariga eksport qilindi.

Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, “Sanoat sohasidagi yilning eng yaxshi tadbirkori” deb Xonobod shahridagi “Ilhomjon Inomjon tekstil” MChJ rahbari Dostonbek Umaraliev, “Xizmat ko‘rsatish sohasidagi yilning eng yaxshi tadbirkori” deb Andijon shahridagi “Qobil ali luks” MChJ rahbari Kamolaxon Muhammedova, “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori” deb Andijon shahridagi “Sibus” MChJ rahbari Xosiyatxon Ziyaeva, “Yilining eng yaxshi fermeri” deb Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Inter agro star” fermer xo‘jaligi rahbari Nosirjon Madrahimov, “Yilning eng yaxshi hunarmandi” deb asakalik milliy qo‘g‘irchoqlar ustasi Yoqutoy O‘rinboeva topildi.

8.JPG

– Milliy qo‘g‘irchoqlar, sovg‘abop mahsulotlar tayyorlash bilan shug‘ullanaman, – deydi tanlovning “Yilning eng yaxshi hunarmandi” nominatsiyasi g‘olibi Yoqutoy O‘rinboeva. – Yurtimiz tarixi, xalqimizning milliy an’ana, qadriyat, san’atini aks ettiruvchi ushbu mahsulotlar ayniqsa, xorijlik sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Shu bois ham tayyorlagan mahsulotlarimning aksariyatini xorijliklar xarid qilmoqda.

9.JPG

G‘olib va sovrindorlar diplom va esdalik sovg‘lari bilan taqdirlandi.

Faxriddin UBAYDULLAEV, Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA
380