O‘zA O`zbek

22.02.2019 16:04 Chop etish versiyasi

Energiya tejamkor loyihalar davr talabi

Energiya tejamkor loyihalar davr talabi

Qashqadaryo viloyat iqtisodiyot va sanoat bosh boshqarmasi tashabbusi bilan “Sanoat korxonalarida energiya samaradorligini oshirish“ loyihasi – hududlarga xorijiy investitsiyalarni jalb etish boʻyicha maqbul imkoniyatlar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Unda yurtimizdagi iqtisodiyot va sanoat sohasi mutasaddilari, viloyatdagi yirik sanoat korxonalari, tijorat banklari, shuningdek, boshqa tegishli tashkilot va muassasalar xodimlari ishtirok etdi.

Aytish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Jahon banki guruhi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi doirasida Jahon banki Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Oʻzbekiston tijorat banklari tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlar hisobidan yurtimizdagi koʻplab sanoat korxonalariga xorijdan zamonaviy texnologiya va uskunalar keltirib oʻrnatilmoqda. Elektr energiyasi va tabiiy gaz isteʼmoli hajmini qisqartirishga erishilmoqda.

“Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi doirasida Qashqadaryo viloyatida ham salmoqli ishlar qilinmoqda. Xususan, “Muborakneftgaz” MCHJa energiya tejamkor qurilmalar oʻrnatilgani yaxshi samaralar bermoqda.

– Korxonamizda energiya samarador loyihalardan biri “Sardob” konida amalga oshirildi, – deydi “Muborakneftgaz” MCHJ bosh energetika xizmati muhandisi Zafar Roʻziyev. – U yerga yoʻldosh gazlardan foydalanib, 2 mVt. elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun qiymati 5,5 million dollarlik yangi turdagi mikroturbinali generator oʻrnatildi. Qurilma 2016 yil IV choragida ishga tushirilgan. Ushbu loyihani amalga oshirishning afzalliklari talaygina. Masalan, mazkur loyihaning amaliyotga tatbiq etilishi orqali obyektlar qisman elektr energiyasi bilan taʼminlandi, ekologik holat yaxshilandi, elektr taʼminotidagi avariyali oʻchish holatlarining oldi olindi, korxonaning moliyaviy resurslari tejaldi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, korxonada elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun foydalanilayotgan gazning oʻrtacha yillik hajmi 5,6 million metr kubni tashkil etmoqda. Qurilmaning yillik elektr energiya ishlab chiqarish quvvati 17 ming 500 MVt. Iqtisod qilingan mablagʻ esa yiliga 724 ming dollardan oshadi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda kichik ishlab chiqarish korxonalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida qoʻshimcha mablagʻlar ajratish yuzasidan ishlar olib borilmoqda. Xususan, 2018 yil 30 yanvarda Jahon banki direktorlar kengashi tomonidan loyiha doirasida qoʻshimcha 200 million dollar miqdorida mablagʻ ajratilishi maʼqullandi va 2018 yil 2 oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” (2-qoʻshimcha moliyalashtirish) loyihasini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Tadbirda ishtirokchilarga Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining mamlakatimizdagi tijorat banklari orqali kredit berish tartibi batafsil tushuntirildi.

Oʻlmas Barotov, OʻzA
545