O‘zA O`zbek

12.11.2019 Chop etish versiyasi

Energiya samaradorligiga erishish imkoniyatlari

Energiya samaradorligiga erishish imkoniyatlari

Toshkentda o‘tkazilgan davra suhbati energiya samaradorligiga erishish masalalariga bag‘ishlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika, Iqtisodiyot va sanoat vazirliklari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati va uning ijrosini ta’minlash qaratilgan chora-tadbirlar haqida keng tushunchalar berishdan iborat. 

Ta’kidlanganidek, energiya samaradorligini oshirish milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri. Shu bois, mamlakatimizdagi mavjud resurslardan samarali foydalanish, xonadonlarda va ishlab chiqarishda energiyadan oqilona foydalanish bugunning muhim vazifalaridan.

– Mazkur hujjat bilan 2030 yilga qadar qayta tiklanadigan energiya manbalarini yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ularning ulushini elektr energiyasining umumiy ishlab chiqarish hajmining 25 foizidan ko‘prog‘iga yetkazish belgilangan, – dedi Energetika vazirligi energiya samaradorligi departamenti direktori Muzaffar Hakimov. – Shuningdek, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi imtiyozlar va preferensiyalar hamda kelgusidagi asosiy ustuvorliklar, shu bilan birga, qayta tiklanadigan energiyani rivojlantirish, 2019-2022 yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish kompleks dasturini ijrosini ta’minlash yuzasidan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Ushbu qarorda kompleks dasturni moliyalashtirish manbalari aniq ko‘rsatib berilgani alohida e’tibor kasb etadi.

Davra suhbatida Iqtisodiyot va sanoat vazirligining “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi ham taqdim etildi. 2011 yildan buyon amalga oshirib kelinayotgan loyiha xalqaro va yurtimiz tijorat banklarining mablag‘lari hisobiga moliyalashtirilmoqda. Shuningdek, 2011 yildan buyon 30 dan ortiq sanoat korxonalariga imtiyozli kreditlar berildi. Bugungi kunga qadar 82 kichik loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirildi. 

Ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida yiliga 500 million kVt.dan ortiq tabiiy gaz va 187 million kub metr tabiiy gaz tejalishi ta’minlandi. Bundan tashqari, loyihada ishtirok etuvchi kompaniyalar atmosferaga zararli chiqindilarni yiliga 580 ming metrik tonna SO2 ga kamaytirdi.

Davra suhbati doirasida savdo yarmarkasi ham bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizdagi energiya tejamkor uskunalari ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘z imkoniyatini namoyish etdi.

– Bugun ishtirokchilarni korxonamiz faoliyati bilan yaqindan tanishtirishga muvaffaq bo‘ldik, – dedi “Solar power” MChJ direktori Jaloliddin Abdullaev. – Jamiyatimiz Turkiyadagi “Virnetsolar” kompaniyasining rasmiy dileri hisoblanadi. Kompaniya elektr texnika uskunalari, quyosh panellarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Bizning maqsadimiz ham yurtimizda aynan shu uskunalarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonani qurishdir. U qo‘shma korxona shaklida bo‘lib, loyihaga O‘zbekiston tomoni 5 million dollar ajratsa, Turkiya 25 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritadi.

1 006
Nasiba ZIYoDULLAEVA, O‘zA