Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.01.2018 13:11 Chop etish versiyasi

Energiya resurslaridan qarzini o‘z vaqtida to‘lamagan 10 ming 631 iste’molchi tarmoqdan uzib qo‘yildi

Jizzax viloyatida 2017- yilning ikkinchi yarmida aholidan energiya resurslari uchun jami 239 milliard so‘m to‘lov undirildi. Bu 2016- yilning shu davriga nisbatan qariyb 100 milliard so‘m ko‘p.

Prezidentimizning 2017- yil 29 -maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida tashkil etilgan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi tuman va shahar bo‘limlari iste’mol qilingan energiya resursi to‘lovidagi kamchiliklarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratmoqda. Mazkur yangi tuzilma ish boshlagandan buyon o‘tgan qisqa vaqtda viloyatda 1 ming 600 dan ziyod huquqbuzarlik holati aniqlanib, aybdorlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rildi.

Byuro tomonidan energiya ta’minotidagi qarzdorlikni o‘rganish va undirish davomida uning sabablari ham aniqlanmoqda. Tekshirishlar sarflangan elektr energiyasi, tabiiy gazdan qarzdorlikning oshishiga faqat iste’molchining to‘lovni o‘z vaqtida to‘lamasligidan tashqari, energiya ta’minoti idoralaridagi hisob-kitob to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani, ayrim rahbarlarning mas’uliyatsizligi, xizmat vakolatini suiiste’mol qilishi ham sabab bo‘layotganini ko‘rsatmoqda. Majburiy ijro byurosi tomonidan qarzlarni undirish bo‘yicha olib borilayotgan amaliy tadbirlar davomida bunday qonunbuzilishlar o‘rganilib, tegishli tartibda chora ko‘rilmoqda.

Masalan, Majburiy ijro byurosi Zomin tumani bo‘limi tomonidan tuman elektr ta’minoti korxonasida o‘tkazilgan tekshirish davomida qarzdorlikni yashirish orqali jiddiy qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. 2017 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, iste’molchilarning elektr energiyasidan qarzdorligi 19 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etgan. Ammo korxonaning mansabdor shaxslari elektr energiyasi hisob-kitobini tartibga soluvchi dasturga bu qarzdorlikni 14 milliard so‘mdan sal ortiq qilib kiritgan. Natijada 4 milliard 480 million 738 ming so‘m qarzdorlik dasturga kiritilmasdan qolgan.

Bundan tashqari, iste’mol qilinmagan elektr energiyasi uchun asossiz ravishda 11 milliard 666 million so‘mlik noreal qarzdorlik dasturga kiritilishi natijasida davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan.

Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Xuddi shunday hisobotlarni buzib ko‘rsatish, noreal qarzdorlikni yuzaga keltirish gaz ta’minoti korxonalarida ham sodir etilgan. Masalan, MIB tomonidan Sharof Rashidov tumani gaz ta’minoti korxonasi rahbarlari tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan hududlarga 557 ming 350 kubmetr tabiiy gaz iste’molini hisobot dasturiga kiritgani aniqlandi. O‘z mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, davlat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yetkazgan tuman gaz ta’minoti korxonasi rahbarlariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Xalqimizda “olmoqning bermog‘i bor”, degan naql bejiz aytilmagan. Bu hayot haqiqatiga rioya qilmasdan, foydalanilgan elektr yoki gaz haqini to‘lamayotganlar turmushimiz yanada farovon bo‘lishiga xalaqit bermoqda. Shuning uchun, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, ularga nisbatan qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rilmoqda. Viloyat bo‘yicha o‘tgan yili energiya resurslaridan bo‘lgan qarzdorligini o‘z vaqtida amalga oshirmagan 10 ming 631 iste’molchi tarmoqdan uzib qo‘yilgani fikrimiz tasdig‘idir.

– Majburiy ijro byurosining qisqa muddatdagi faoliyati ushbu yangi tizimni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsadga erishilganini ko‘rsatib turibdi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Jizzax viloyati boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi katta inspektori D.Ergashev. – Byuroning tuman-shahar bo‘limlari foydalanilgan energiya resurslari uchun qarzdorlikni kamaytirish, iste’mol to‘lovini o‘z vaqtida amalga oshirish, elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish, talon-taroj qilishning oldini olish bilan birga, sud va boshqa organlar hujjatlari ijrosini ta’minlash bo‘yicha ham samarali faoliyat olib bormoqda. O‘tgan yili sud va boshqa organlarning 85 ming 322 hujjati ijrosi ta’minlanib, 378 milliard 112 million so‘mlik turli to‘lovlar undirildi. Bu 2016 yilga taqqoslaganda, deyarli ikki barobar ko‘pdir.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
5 587