O‘zA O`zbek

26.03.2020 Chop etish versiyasi

Energetika vaziri oʻrinbosari isteʼmolchi savoliga javob beradi

Energetika vaziri oʻrinbosari isteʼmolchi savoliga javob beradi


Energetika vaziri oʻrinbosari Sherzod Xoʻjayev isteʼmolchi savoliga javob beradi.

SAVOL: — Nima sababdan kvartiralarga elektr energiyasini uzatishda uzilishlar kuzatilmoqda va energiya taʼminotini barqarorlashtirish uchun qanday ishlar qilinmoqda?

JAVOB: — Aksariyat hollarda butun mamlakatda kuzatiladigan elektr energiyasidagi uzilishlar energiya isteʼmoli hajmining oʻsishiga bogʻliq. Koʻp kvartirali uy-joylarning asosiy qismi sobiq sovet ittifoqi davrida qurilgan. Oʻsha paytda qoʻllanilgan 0,4 kilovoltli elektr taʼminoti tarmogʻi qurilgan uy-joy fondini tezkorlik bilan elektr bilan taʼminlashga moʻljallangan boʻlib, bugungi kundagi yuklamalarni koʻtara olmaydi. Bundan tashqari, har bir xonadonda televizor, sovutgich, changyutgich, kir yuvish mashinalari, kompyuter, konditsioner va ventilyatorlar bor.

Koʻp uylarda foydalaniladigan provodka va transformatorlar ham energiya isteʼmolining bunday katta hajmiga moʻljallanmagan. Shu tarzda energiya taʼminotini barqarorlashtirish muammosi faqat Energetika vazirligiga bogʻliq emas. Bunda koʻp ishlar kommunal xizmat xodimlari masʼuliyatiga kiradi. Uylarning shaxtalarida butun provodkani yangilash zarur.

Shu tarzda, elektr energiyasi ishlab chiqarish va yetkazib berishni koʻpaytirilsa ham, amaliyot shuni koʻrsatadiki, mavjud energiyani uzatish tarmoqlari ortiqcha yuklamaga javob berib, uzilib qolmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi.

Keyingi yillarda vaziyat ommaviy ravishda yangi uy-joylar qurilayotgani tufayli yana-da murakkablashib ketdi. Bu jarayonda Qurilish vazirligi bilan ham hamkorlikda muammoning yechimini izlash maqsadga muvofiqdir.

Yangi qurilayotgan uy-joylar eski transformatorga ulanmasligi kerak. Ammo qurilish kompaniyalari qozonxonalar uchun joy yetishmasligini bahona qilib yangi transformatorlarni oʻrnatmaydi. Bu muammoning yechimi bor – yangi uylar podvallariga “quruq” transformatorlarni oʻrnatish kerak. Albatta, bunga mablagʻ zarur , ammo bu mavjud yuklamalarni orttirmaslik uchun ushbu masalani hal etish lozim. Shu bilan birga, bu transformatorlar ekologik sof va tejamkor hisoblanadi, turli mamlakatlarda olib borilayotgan qurilishlarda keng qoʻllaniladi.

Bundan tashqari, poytaxtimizda ommaviy ravishda 14-16 qavatli monolit uylar qurilmoqda. Qurilish meʼyorlariga koʻra, bunday uylarga gaz oʻtkazish mumkin emas. Ushbu uy-joy komplekslari xususiy qozonlar hisobiga isitiladi, ammo ular ham elektr tizimiga ulanib, tarmoqqa yuklamani orttirib yuboradi. Shu sababli, Qurilish vazirligi ushbu masalani hal qilishi mumkin. Buning uchun qurilish kompaniyalari zimmasiga bir joyda bir nechta koʻp kvartirali uylar yoki 48 kvartiradan ortiq bitta uy qurilganda kogeneratsion turdagi kichik qozonxonalar qoʻyish majburiyatini yuklash zarur. Ular nafaqat issiqlik bera oladi, balki aholi ehtiyojlari uchun elektr energiyani ham ishlab chiqarishi mumkin.

Hozirgi paytda Oʻzbekistonda ishlab chiqariladigan elektr energiyaning 90 foizi tabiiy gaz hisobidan ishlovchi issiqlik elektr stansiyalari tomonidan yetkazib berilmoqda. Tabiiy gazni sarflash evaziga elektr energiyani sarflab, xonadonlarni isitish juda xavfli va notoʻgʻri.

Energiya xavfsizligini taʼminlash maqsadida hozirgi paytda Energetika vazirligi tomonidan yangi podstansiyalarni qurish dasturi ishlab chiqilmoqda. Ushbu dasturni moliyalashning ikkita yoʻli bor. Bu – kreditlardan foydalanish va uzoq vaqt davomida ularni toʻlab borish kerak boʻladi (taxminan 25 yil), yoki 3-4 yil davomida tariflarni oshirish hisobidan dasturni amalga oshirish mumkin. Bunda tariflar sekin va uncha katta boʻlmagan hajmda oʻsib boradi, elektr energiyaning barqarorligi uchun hissa qoʻshish imkoniyati paydo boʻladi.

Bu oʻrinda davlat xususiy sheriklik asosidagi loyihalar yangilik kiritishi lozim. Investorlar oʻrtasidagi raqobat xarajatlarni maqbullashtirishning yangi yoʻllarini yaratadi va bu tariflarni oshirmasdan bunday loyihani amalga oshirish imkonini beradi.

Ushbu ishlar Energetika vazirligi tomonidan mamlakat iqtisodiyoti va aholining xavfsizligini taʼminlash yoʻlida olib borilayotgan ishlarning bir qismi, xolos.

Eslatib oʻtamiz, Toshkentda hududlarga nisbatan energiya taʼminotidagi uzilishlar kam uchraydi. Buning sababi shundaki, shahar aholisi tomonidan elektr energiyasi isteʼmoli haddan ziyod oshib ketgan va hozirgi paytda ishlab chiqarishlarni moʻljallab yaratilgan podstansiyalar ham aholiga xizmat koʻrsatmoqda. Ushbu qatʼiy chorasiz, shuningdek, faoliyat koʻrsatayotgan quvvatlarni doimiy modernizatsiya qilmasdan turib, Toshkentda energiya taʼminotini barqarorlashtirishga erishish mushkul. Zero, hozirgi paytda poytaxtda elektr energiyasi isteʼmolining yuqori nuqtasi 1200 MVt ni tashkil etadi.

666
OʻzA