O‘zA O`zbek

27.09.2020 Chop etish versiyasi

Energetika obyektlarida kuz-qish mavsumi oldidan tayyorgarlik qay holatda?

Energetika obyektlarida kuz-qish mavsumi oldidan tayyorgarlik qay holatda?

“Oʻzenergoinspeksiya”ning maxsus ishchi guruhi Buxoro viloyatidagi energetika obyektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash jarayoni bilan tanishmoqda.

Ishchi guruh aʼzolari Buxoro viloyatidagi “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ “Buxoro magistral elektr tarmoqlari” filialida texnika xavfsizligi boʻyicha oʻrganishlar oʻtkazmoqda. Shuningdek, 220/110/35/6 kV li “Buxoro” podstansiyasida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yuzasidan amalga oshirilgan ishlar oʻrganildi. Bu haqda “Oʻzenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.

Buxoro shahridagi “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan viloyatda isteʼmolchilarning elektr energiyasi isteʼmoli hisoboti tizimini yaratish, elektr energiyasi isteʼmolining nazorati va hisobotining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan seminar oʻtkazdi. Unda “Oʻzenergoinspeksiya” boshligʻi va Buxoro hududiy boʻlimi xodimlari ishtirok etishdi.

Mazkur seminarda taʼkidlab oʻtilganidek, Buxoro viloyatida 437 046 dona ASKUE tizimiga mos elektron hisoblagichlar oʻrnatilishi belgilangan. Bugungi kunda bu reja 430 039 taga, yaʼni 98,4 foizga bajarilgan. Jumladan, aholi xonadonlariga 401 283 ta (99,2 foiz) hamda ulgurji isteʼmolchilar uchun 28 756 ta (88,7 foiz) hisoblagichlar oʻrnatilgan.

Joriy yil yakuniga qadar 7 305 ta uch fazali elektron hisoblagich (aholiga – 274 ta va ulgurji isteʼmolchilarga – 7 031 ta, transformator punktlariga balans hisoblagichlar – 1 975 ta) oʻrnatilishi taʼminlanadi.

Shuni taʼkidlash joizki, 2018-yilda viloyat boʻyicha texnologik yoʻqotishlar 10,8 foizni tashkil qilgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2019-yilda 10,5 foizga tushgan. Natijada bir yilda 10,1 mln.kVt*soat yoki 4,1 mlrd. soʻmlik texnologik yoʻqotishlarni kamaytirishga erishildi.

Seminarda ishtirok etgan viloyat masʼullarining bildirishicha, “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan isteʼmolchilarning fikrlari tahlil qilib borilmoqda. Ushbu tahlillar va aholi bilan uchrashuvlar natijalariga koʻra, mazkur elektr hisoblagichlar aholi tomonidan ijobiy kutib olinayotgani va uning qulayliklari maʼqul kelayotgani maʼlum boʻldi.

Seminarda masʼullarga kuz-qish mavsumini betalafot oʻtkazish hamda “Buxoro HETK” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan mukammal taʼmirlash ishlarini oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi boʻyicha “Oʻzenergoinspeksiya” boshligʻi tomonidan tegishli tavfsiyalar berildi.

Shuningdek, “Buxoro HETK” AJga qarashli Tezkor dispetchirlik xizmati faoliyati bilan yaqindan tanishilib, kuz-qish mavsumini betalafot oʻtkazish yuzasidan tegishli tavsiya va koʻrsatmalar berildi.

1 319
OʻzA