Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.02.2018 10:50 Chop etish versiyasi

Endi Toshkentga mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanish uchun kelgan fuqarolardan vaqtinchalik propiska talab qilinmaydi

Endi Toshkentga mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanish uchun kelgan fuqarolardan vaqtinchalik propiska talab qilinmaydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan qabul qilingan “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturida Toshkent shahri va viloyatida propiska bilan bog‘liq yangicha yondashuvlarni amalga tatbiq etish belgilangan edi.

Shundan kelib chiqib O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan qarorlar loyihalarida mazkur masalalarning huquqiy yechimi keltirilgani xabar qilingandi.

Adliya vazirligining Telegramdagi «Huquqiy axborot» kanalida e’lon qilingan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida, xususan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga mavsumiy ishlarga keladigan fuqarolarni ro‘yxatga olishda yangi tartibni joriy qilish ko‘zda tutilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-fevraldagi 41-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2012 y., 5-son, 32-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibi to‘g‘risida nizomning 211 band bilan to‘ldirish ko‘zda tutilmoqda.

“211 . Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga mavsumiy ishlar (qurilish, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda) (keyingi o‘rinlarda mavsumiy ishlar deb ataladi) bilan shug‘ullanish uchun yetib kelgan fuqarodan, uning profilaktika inspektori tomonidan qayd qilinishi sharti bilan, vaqtinchalik yashash joyi bo‘yicha hisobga turishi talab qilinmaydi.

Mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanish uchun yetib kelgan fuqaro mavsumiy ishlar olib borilayotgan joyning profilaktika inspektori tomonidan, maxsus qaydlar kitobiga tegishli yozuv va mavsumiy ishlarni amalga oshirish bo‘yicha shartnomaga sanani ko‘rsatib belgi qo‘ygan holda, inspektor imzosi bilan tasdiqlanib quyidagi hujjatlar asosida ro‘yxatga olinadi:

fuqaro pasporti (taqdim etiladi);
pasport nusxasi;
mavsumiy ishni taqdim etayotgan shaxs va fuqaro o‘rtasidagi shartnoma.

Qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, mavsumiy ishlarni amalga oshirish bo‘yicha shartnoma oddiy yozma shaklda tuziladi”.


O‘zA
6 898