Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.08.2017 20:18 Chop etish versiyasi

Endi soliqni elektron shaklda to‘lash mumkin

Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining davlat organlari faoliyatiga jadal integratsiyalashtirilayotgani aholi uchun qulay interfaol xizmatlar yaratish imkonini bermoqda. Fiskal tizimi iqtisodiyotimizni komputerlashtirish va axborotlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar davom ettirilayotgan muhim sohalaridan biridir.

"O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi "Soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti" degan 221-modda bilan to‘ldirildi. Ya’ni ushbu modda asosida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti tushunchasi kiritildi va soliq to‘lovchilar bilan munosabatlarni elektron shaklda amalga oshirish uchun huquqiy asos yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasidan ma’lum qilishlaricha, qo‘mita mutaxassislari soliq to‘lovchilarning shaxsiy kabinetini yanada takomillashtirish bo‘yicha izchil ishlar olib bormoqda. Soliq to‘lovchi fiskal organlarga yuboradigan soliq majburiyatlarini bajarish yoki uni rad etish bilan bog‘liq xat va ma’lumotlarni jo‘natish imkoniyati joriy qilinmoqda.

Bu boradagi ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 18-iyuldagi "Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida belgilangan talablarga to‘la mos keladi. Mazkur hujjatda davlat soliq xizmati organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga doir qator vazifalar belgilangan.

Shundan kelib chiqqan holda va soliq to‘lovchilarning shaxsiy kabinetini takomillashtirish maqsadida qo‘shimcha yangi vazifalarni tatbiq etish rejalashtirilgan. Shaxsiy kabinetga elektron raqamli imzo kalitisiz kirish va unda ishlash imkoniyati shular jumlasidandir. Endi soliq to‘lovchi shaxsiy kabinetini faollashtirgach, soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan huquq va majburiyatlarini bajarish bo‘yicha o‘zaro munosabatlar faqat elektron shaklda amalga oshiriladi.

Joriy etilayotgan texnologiyalar davlat xizmatlari ko‘rsatish tezkorligini oshirish hisobidan aholi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, axborot almashish va tarqatish tezligini oshirish hisobidan fiskal organlarning o‘z vazifalarini bajarish samaradorligini kengaytiradi, axborot almashish borasida zamonaviy mexanizmlarga o‘tishni osonlashtiradi.

2017-yilning birinchi yarmida my.soliq.uz portaliga murojaatlar soni 154,4 millionga yetdi. Shu davr mobaynida 66,2 mingta yakka tartibdagi tadbirkor shaxsiy kabinetdan foydalangan. Qiymati 4,8 trillion so‘mlik soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar masofadan turib to‘langan.

"Jismoniy shaxslar imtiyozlari to‘g‘risida ma’lumotnoma", "O‘z biznesingni tashkil et", "Soliq to‘lovchilarni ro‘yxatga olish" kabi boshqa interfaol xizmatlar ham rivojlanmoqda. Shu bilan birga, elektron davlat xizmatlaridan foydalanuvchilar uchun smartfon va planshetlar uchun mo‘ljallangan "Soliq" mobil ilova ishlab chiqilgan.

Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining fiskal tizimiga joriy etilishi tizim faoliyati yanada oshkora bo‘lishiga xizmat qiladi va soliq to‘lovchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Roman Bondarchuk, O‘zA
2 572






Все о погоде - Pogoda.uz