O‘zA O`zbek

13.10.2019 Chop etish versiyasi

Endi shunchaki nomigagina huquqiy targʻibot tadbirlari oʻtkazib boʻlmaydi...

Endi shunchaki nomigagina huquqiy targʻibot tadbirlari oʻtkazib boʻlmaydi...

Kim nima desa desinu, ammo endi shunchaki nomigagina huquqiy targʻibot tadbirlari oʻtkazib boʻlmaydi. Chunki, odamlarning dunyoqarashi oʻzgardi, yoshlar fikrlashi boshqacha. Vaqtni behuda oʻtkazmaslik va kulgiga qolmaslik uchun har bir oʻtkazilayotgan ommaviy tadbirlar xalqning koʻngliga kirib borishi zarur. Maʼrifiy-maʼnaviy tadbirlarning odamlarga nafi tegsin.

Navoiy viloyati markazidagi Yoshlar xiyoboni. Bu manzil nafaqat yoshlarning, balki katta-yu kichikning sevimli maskaniga aylangan. Har kuni oʻtkazilayotgan turli madaniy tadbirlar bois bu xiyobon fayzli. Bugun ham Navoiyda katta bayram. Navoiy viloyati Adliya boshqarmasi hamda Davlat xizmatlari Agentligining Navoiy viloyati boshqarmalari hamkorligida “Huquqiy bilimlar kuni“doirasida maʼrifiy, maʼnaviy, madaniy tadbir uyushtirildi. Maqsad aniq - aholining, ayniqsa yoshlarning huquqiy madaniyati va huquqiy savodxonlik darajasini oshirish, ularni yurtdagi islohotlardan xabardor etish.

Aslida tadbir natijadorligi, foydali tomoni bilan jamoatchilik uchun ahamiyatli boʻladi. Taʼkidlash joizki, madaniy tadbirlar insonning maʼnaviy zavq olishiga koʻmak beradi. “Huquqiy bilimlar kuni“ ommaviy tadbiri unda tashkil etilgan mehnat yarmarkasi bilan, oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻyishni istagan yoshlar uchun esa huquqiy maslahat burchaklarining borligi, kitob yarmarkalari bilan farqlanadi. Bu tadbir ishsiz yoshlar uchun juda muhim. Kim yangi ish oʻrniga ega boʻldi. Kim tadbirkorlik qilish uchun biznes reja tuzib, huquqiy maslahat oldi. Xullas, tadbirning foydali jihati koʻp boʻldi.

Darvoqe, ishbilarmon yoshlar tadbirning oʻzida davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani ham oldilar. Eʼtiborli tomoni, notariuslar, FXDYO boʻlimlari xodimlari, advokatlar ham bu tadbirda faol ishtirok etdilar. Navoiy shahar davlat xizmatlari markazlari mutaxassislari tomonidan aholiga oilaviy korxonalar ochish, markaz xizmatlaridan foydalanish boʻyicha flayer va bukletlar ham tarqatildi. Tadbir doirasida fleshmob ham tashkil etildi.

DXA Navoiy viloyati boshqarmasi Matbuot xizmati.

2 223
O'zA