O‘zA O`zbek

04.12.2019 Chop etish versiyasi

“Endi men ham saylovda ovoz bera olaman!“

“Endi men ham saylovda ovoz bera olaman!“

Andijonda Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan 20 yurtdoshimizga fuqarolik pasportlari tantanali topshirildi.

Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, inson manfaatlarini ulugʻlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak samaralar berayotgani taʼkidlandi.

Joriy yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qator farmonlari bilan fuqaroligi boʻlmagan yuzlab hamyurtimizga Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi berildi. Bu ularga mamlakatimiz Konstitutsiyasi va qonunlarida belgilangan huquqlardan toʻla foydalanish imkonini yaratadi.

– 1993-yilda Qirgʻizistondan Andijonga kelin boʻlib tushganman, – dedi Jalaquduq tumanidagi Qalambek mahallasida yashovchi Ominaxon Safoyeva. – Uch farzandim bor. Bir qiz chiqarib, oʻgʻlimni uylantirdim, kenjam maktab oʻquvchisi, oilamdan koʻnglim toʻq. Men koʻp yillardan buyon fermer xoʻjaligida ishchi boʻlib ishlab, shu yurtda yashab kelsam-da, qalbimda bir armon bor edi. Oʻzbekiston fuqarosi emas edim. Bugun ana shu armonim ushaldi. Oʻzbekiston fuqarosi boʻldim, shu yurt fuqarosi sifatida yashash baxti nasib etganidan behad xursandman. Koʻp yillar davomida saylovlarda ovoz bera olmas edim. Shukrki, bu yil boʻladigan saylovlarda qatnashish, saylash huquqiga ega boʻldim. Buning uchun Prezidentimizdan minnatdorman.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, 2007-2016-yillar davomida Andijon viloyatidan faqat bir nafar shaxs Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan boʻlsa, soʻnggi uch yilda esa davlatimiz rahbarining farmoni bilan Andijon viloyatida yashayotgan 1 ming 915 yurtdoshimizga Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi va pasporti berildi. Bu inson huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlarning yorqin namunasidir.

1 494
Faxriddin UBAYDULLAYEV, OʻzA