O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

05.09.2018 14:46 Chop etish versiyasi

Endi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining manfaatlari sudyalar himoyasida boʻladi

Endi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining manfaatlari sudyalar himoyasida boʻladi
Margʻilondagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari huquq va manfaatlari himoyasini sudyalar oʻz zimmasiga oldi.

Yangi oʻquv yilining birinchi kuni har bir oʻquvchi uchun doim hayajonli boʻladi. Ular shu kuni yangi maqsadlar sari qadam qoʻyadi...

Bunday hayajonli lahzalarda ularga yangi oʻquv qurollari tuhfa etilsa, shodligining cheki boʻlmaydi. Margʻilon shahridagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining yangi oʻquv yili ana shunday xursandchilik bilan boshlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi hamda fuqarolik, jinoyat va maʼmuriy ishlar boʻyicha Fargʻona viloyati sudlari sudyalarining mazkur dargohdagi 152 tarbiyalanuvchiga kitoblar, yangi oʻquv qurollari tuhfa etgani ularni behad shod etdi.

Bolalar va sudyalarning oʻzaro ochiq muloqoti qizgʻin va samimiy suhbatga aylanib ketdi.

Samarali uchrashuvdan soʻng sudyalar Mehribonlik uyi maʼmuriyati bilan kelgusida doimiy hamkorlik qilishga kelishib oldi. Kelgusida bu dargohda sudyalar tomonidan ochiq darslar tashkil etish bilan birga, tarbiyalanuvchilarning huquq va manfaatlari himoyasi yoʻlida amaliy ishlar olib boriladigan boʻldi.

Tarbiyalanuvchilarning ota-onalari bilan suhbatlar tashkil etish orqali bolalarni oilasiga qaytarishga ham eʼtibor qaratiladi. Toki, har bir farzand yaqinlari, ayniqsa, ota-onasi mehridan bahramand boʻlib, hayotda oʻzini baxtli his etsin.

Muattar Roʻziboyeva, OʻzA