O‘zA O`zbek

03.07.2018 15:54 Chop etish versiyasi

Endi Jomda suv muammosi bo‘lmaydi

Endi Jomda suv muammosi bo‘lmaydi
Yurtimizda boshlangan xayrli tashabbus – “Obod qishloq” dasturi bugun juda katta ko‘lam va ahamiyat kasb etgan holda davom etmoqda. Olis qishloqlarda boshlangan obodonlashtirish ishlari samarasi hududlarning kun sayin o‘zgarib borayotgan qiyofasi, odamlarning turmush tarzida o‘z aksini topmoqda.

Dastur asosidagi ishlar Samarqand viloyati Nurobod tumanida ham joriy yil fevral oyining oxirgi kunlarida boshlangan edi. Viloyat hokimligining ishchi guruhi mazkur hududning infratuzilmasi, ijtimoiy soha obyektlari va aholi xonadonlari holatini o‘rganib, xalq bilan muloqot qildi. Qishloqda mavjud muammolarni o‘rganib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilandi. Jom va Girdiqo‘rg‘on mahallalarini obod maskanga aylantirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilib, amaliy ishlar boshlab yuborildi.

O‘tgan to‘rt oy davomida qishloqda rejalashtirilgan ishlarning 80 foizi bajarildi. Ta’mirlanishi kerak bo‘lgan 663 ta uy-joyning 469 tasida qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlandi. Namunaviy loyihalar asosida bunyod etilayotgan 75 ta uy-joyning 25 tasi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan moliyalashtirilib, kam ta’minlangan va sharoiti og‘ir oilalarga bepul ajratildi. Hududdagi 10 ta maktab ta’mirlanib, mebel va o‘quv jihozlari bilan ta’minlandi. Qishloq oilaviy poliklinikasi va 3 ta maktabgacha ta’lim muassasasi yangidan qurildi. Jom dehqon bozori, masjid, hammom, 3 ta avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 4 ta oziq-ovqat do‘koni va 2 ta avtobekat barpo etildi.

e1e3edbd-554a-4bbf-b71e-e129c295267a.jpg

Hudud yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlar davomida uzunligi 16 metr bo‘lgan yangi ko‘prik qurildi. 22 kilometrlik ichki yo‘llarga qum-shag‘al, 5,65 kilometrlik markaziy, 2,32 kilometr ichki ko‘chalarga asfalt yotqizildi. Yo‘l chetlariga zamonaviy tungi yoritish ustunlari o‘rnatildi. Shuningdek, 16-17-may kunlaridagi sel oqibatida yaroqsiz holga kelib qolgan 3 ta ko‘prik rekonstruksiya qilindi. Jomsoy kollektorining 3,1 kilometr o‘zani to‘g‘rilandi va qirg‘oqlari mustahkamlandi. Sel oqimida joylashgan 4 ta uy-joy buzilib, uy egalariga qishloqning boshqa hududidan homiylar yordamida yangi uy-joy qurib berilmoqda.

Jom qishlog‘i aholisini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida 11 ta yangi transformator, 1060 dona temir-beton ustun o‘rnatildi, 41 kilometr uzunlikdagi havo liniyasi tortildi. Aholiga 2100 dona suyultirilgan gaz balloni yetkazib berilib, ayni paytda Jom va Girdiqo‘rg‘on mahallalaridagi xonadonlarning barchasi maishiy gaz balloni bilan ta’minlandi. Gaz ballonlarini aholiga o‘z vaqtida yetkazib berish uchun qo‘shimcha 1 dona “Isuzu” rusumli avtomashina ajratildi.

Hududdagi eng og‘ir muammolardan biri ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq. Shu paytgacha aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 27 foizni tashkil etgan.
– Qishlog‘imizda so‘nggi marta 1973-yilda suv inshooti qurilgan edi, – deydi qishloq faoli Erali Namozov. – Afsuski, o‘sha suv inshooti va quvurlari ham bugun eskirib, ko‘pi ishdan chiqqan. “Obod qishloq” dasturi asosida bu muammolarga barham berilayotgani butun qishlog‘imiz ahlini xursand qildi.

6.jpg

Dasturga ko‘ra, hududdagi “Omondara” suv inshooti kapital ta’mirlandi va suv chiqarish quvvati 2 barobar oshirildi. 3 ta suv inshooti rekonstruksiya qilinib, 4 tasi yangidan qurildi. 2 ta inshootda qurilish ishlari olib borilmoqda. 0,5 kilometr suv tarmog‘i yangilandi, 2 kilometri joriy ta’mirlandi. Yana 6 kilometr masofaga yangi tarmoq tortildi. 40 dona klapanli ko‘cha kranlari o‘rnatildi. Aholining chorva mollarini sug‘orish uchun 12 ta suv hovuzi qazildi. Markazlashgan suv tarmog‘i yetib bormagan 8600 dan ziyod aholini ichimlik suv bilan ta’minlash uchun 2 ta maxsus suv tashuvchi avtomashina ajratildi. Bu ishlar natijasida aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 62 foizga yetdi.

Jomda to‘rtta yangi suv inshootini foydalanishga topshirish marosimi katta tantanaga aylanib ketdi. Tadbirda Samarqand viloyati hokimi T.Jo‘rayev qishloq aholisi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan bu kabi ishlar izchil davom ettirilishini ta’kidladi.

G‘olib Hasanov, O‘zA

Alisher Isroilov olgan suratlar
5 901