O‘zA O`zbek

25.08.2018 11:27 Chop etish versiyasi

Endi advokatlar tergov hibsxonalarida mobil telefondan foydalanadi

Endi advokatlar tergov hibsxonalarida mobil telefondan foydalanadi
Advokatning himoya ostidagi shaxs bilan uchrashish jarayonida elektron vositalardan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tergov hibsxonalarining ichki tartib qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi buyruq Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Bu haqida vazirlik “Huquqiy axborot” kanali orqali maʻlum qildi.

Kiritilgan oʻzgartirishlarga muvofiq, endilikda advokatning himoya ostidagi shaxs bilan audio va video kuzatuv qurilmalari boʻlmagan maxsus xonada hamda begona shaxslarning ishtirokisiz oʻz vaqtida va hech qanday toʻsiqlarsiz uchrashishi taʻminlanadi, bunda advokat va himoya ostidagi shaxsning suhbatini uchinchi shaxslar eshitishini istisno etgan holda ularni vizual koʻrib turish imkoniyati saqlab qolinadi.

Shuningdek, advokatning himoya ostidagi shaxs bilan uchrashish jarayonida elektron vositalardan (mobil telefon, fotoapparat va diktofon) foydalanish imkoniyati yaratiladi. Bunda advokat tomonidan elektron vositalardan maʻlumotlarni qayd etish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.

O`zA
1 883