Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.10.2017 18:13 Chop etish versiyasi

Elni ardoqlaganning o‘zi ham ardoqli bo‘ladi

Elni ardoqlaganning o‘zi ham ardoqli bo‘ladi Shunday insonlar bo‘ladiki, ular qachon va qanday zamonda yashamasin, vatanparvarligi, fidoyiligi, el-yurt farovonligi yo‘lida amalga oshirgan ezgu ishlari bilan nafaqat zamondoshlari xotirasida yashaydi, balki keyingi avlodlar qalbida ham mangu qoladi. Mashhur davlat arbobi va taniqli yozuvchi Sharof Rashidov xalqimizning ana shunday ardoqli farzandlaridan biri edi.

Prezidentimizning joriy yil 27-martdagi “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Buxoro viloyati musiqali drama teatrida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda bu alohida ta’kidlandi.

Viloyat hokimligi vakillari, "O‘zbekneftgaz" aksiyadorlik jamiyati, turli davlat tashkilotlari mutasaddilari, nuroniylar, yoshlar va keng jamoatchilik ishtirok etgan tadbirda Sharof Rashidov har qancha murakkab sharoit bo‘lmasin, yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivoji, xalqimiz farovonligini oshirish yo‘lida fidokorona xizmat qilgani qayd etildi.

O‘tgan asrning 60-80-yillarida O‘zbekistonda amalga oshirilgan yirik bunyodkorlik loyihalari bevosita Sharof Rashidov nomi bilan bog‘liq. Buni Buxoro viloyati misolida ham ko‘rish mumkin. U kishining bevosita rahbarligida viloyat hududidagi ko‘plab yerosti qazilma boyliklari aniqlangan. Neft va gaz konlari o‘zlashtirilib, soha infrastrukturasi mustahkamlangan. Buxoro davlat universiteti, Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi (hozirgi muhandislik-texnologiya) institutining ilmiy salohiyatini oshirish, mutaxassis-kadrlar sifatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilgan.

6.jpg

Sharof Rashidovning sa’y-harakati bilan 1962-yilda Amudaryodan suv oladigan viloyatlararo Amu-Buxoro mashina kanali bunyod etildi. Undagi kuchli nasos stansiyalari orqali suv ikki bosqichda 110-120 metrgacha balandlikda ko‘tarilib uzatilmoqda. Viloyat ekin maydonlari suv ta’minotining 98 foizdan ziyodi hozirgacha ushbu mashina kanali hissasiga to‘g‘ri keladi.

Tadbir ishtirokchilari orasida Sharof Rashidov rahbarlik qilgan davrda turli sohalarda mehnat qilgan faxriylar ham bor edi. Romitan tumanida yashovchi 87 yoshli Istam ota Tursunov shulardan biri.

– Men 30 yildan ziyod paxtachilik brigadasi boshlig‘i bo‘lib ishladim, – deydi Istam ota. – Sharof Rashidov tumanimizga kelganida ikki marta bizning dalamizda ham bo‘lgan. U kishi g‘oyat oddiyligi va samimiyligi bilan ajralib turardi. Faqat dala ishlariyu kamchiliklar bilan qiziqib qolmay, oilamiz, farzandlarimiz, umuman, turmushimiz haqida ham so‘rardi, surishtirardi. Hozirgacha uyimning to‘rida Sharof otaning suratlari osig‘liq turadi. Nabirayu evaralarga bu inson haqida faxrlanib gapirib beraman.

Buxoro shahridagi "Shirbudin” to‘yxonasida Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlab xotira oshi berildi.

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi O‘.Barnoyev so‘zga chiqdi.

Erkin Yodgorov,Tohir Istatov (surat), O‘zA
2 348






Все о погоде - Pogoda.uz