O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

12.09.2018 18:25 Chop etish versiyasi

Elliginchi mavsum boshlandi

Elliginchi mavsum boshlandi Oʻzbekiston davlat drama teatrining 50 yillik yubileyi hamda yangi mavsum ochilishiga bagʻishlab Abdulla Qahhor asari asosida sahnalashtirilgan “Ayajonlarim” spektakli namoyish etildi.

Unda taniqli teatr arboblari, sanʼatshunoslar, aktyorlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻz olganlar uzoq tarix va ulkan mahorat maktabiga ega teatrning 50 yillik yubileyi bilan qutlab, ijodiy jamoa faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

– Teatr olis oʻtmish maskanlaridan biri sanaladi, – deydi Oʻzbekiston davlat drama teatri direktori oʻrinbosari Sardor Mansurov. – Bu teatr binosi 1892 yil hashar yoʻli bilan qurilgan, 1926 yilda xalq uyi nomi bilan ish boshlagan. 1968 yildan mashhur rejissyor Ergash Masafayev boshchiligida truppa faoliyat yuritgan. Teatrimizning 50 mavsumi boshlandi. Tayyorgarlik avjida. Sh.Boshbekovning “Yer baribir aylanaveradi”, K.Goldonining “Truffaldino” va Oʻzbekiston xalq artisti B.Yoʻldoshev tomonidan Zulfiya asari asosida sahnalashtirilgan “Yodim siniqlari” spektakllarini repertuarimizga kiritdik.

“Ayajonlarim” spektakli tomoshabinlar tomonidan olqishlar bilan kutib olindi.

Shuningdek, yangi mavsum repertuaridan S.Ahmad qalamiga mansub “Vafodor”, U.Hamdamning “Muvozanat”, Z.Qurolboy qizining “Ayol” kabi asarlari asosida sahnalashtirilgan spektakllar ham oʻrin olgan.

I.Ahatova, OʻzA