O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

02.09.2018 11:18 Chop etish versiyasi

Elim deb, yurtim deb, yonib yashaganni el ulugʻlaydi


Mustaqilligimiz asoschisi, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning xotirasi qalbimizda mangu yashaydi. U kishining ezgu ishlarini esga olish, porloq xotirasi oldida taʼzim bajo keltirish barchamiz uchun farz. Zero, bu ulugʻ inson yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yoʻlida amalga oshirgan ishlar qadri vaqt oʻtgan sayin oshib boraveradi.

Mustaqilligimiz meʼmori, buyuk davlat arbobi Islom Karimovdan xalqimizga ozod va obod Vatan qoldi. Birinchi Prezidentimizning mardlik, vatanparvarlik, adolatparvarlik, fidoyilik, samimiylik va mehribonlik kabi olijanob fazilatlari barchamiz uchun yorqin ibrat maktabi boʻlib qoldi. U kishi mangu qoʻnim topgan Samarqanddagi Hazrati Xizr majmuasi bugun nafaqat yurtdoshlarimiz, balki dunyodagi barcha tinchliksevar insonlarning ziyoratgohiga aylandi.

Fargʻonaliklar yurtimizning barcha hududlaridagi singari vodiyning mustaqillik yillaridagi gullab-yashnashi, insonlar turmush farovonligining yuksalishini aynan Islom Karimov nomi bilan bogʻlaydilar. Ayniqsa, u kishining fargʻonaliklarga mehri boʻlakcha edi.

Fargʻona shahridagi muhtasham Teatr-konsert saroyiga Birinchi Prezidentimizning nomi berilgani butun Fargʻona ahlini behad quvontirdi.

Sharq va Gʻarb meʼmorchiligi anʼanalarini uygʻunlashtirgan ushbu ulugʻvor koshona uzoqdan koʻlda suzib yurgan oqqushni eslatadi. Uning milliy uslubda bezatilgan eshik va ustunlari, sahna tegrasidagi rango-rang yoritgichlar, tomosha zali uzra osmon gumbazining bir parchasi tasvirlangan manzara, boshqa yana bir qancha qulayliklar bu saroy yaxlit bir muhtasham sanʼat asari ekanini namoyon etadi. Saroy joylashgan maydonda toʻrtta favvora, sugʻorish va tashqi yoritish tizimlari, noyob daraxtlar va anvoyi gullar hamisha atrofga chiroy baxsh etib turadi.

Fargʻonadagi ulkan bunyodkorlik ishlarining bosh meʼmori – Islom Karimovdir. 2011 yilda boshlangan Fargʻona shahrining bosh rejasini amalga oshirish ishlari shahar qiyofasini butunlay oʻzgartirib, odamlar dunyoqarashini kengaytirdi. Bugun fargʻonaliklar Birinchi Prezidentimizning ezgu ishlarini faxr bilan tilga oladi.

2 sentyabr kuni erta tongda mazkur Teatr-konsert saroyi xiyobonida Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga ehson oshi berildi. Bu yerga tashkilotlar, korxona va muassasalarda ishlab bugungi kunda qarilik gashtini surayotgan tabarruk otaxonlar, jamoatchilik vakillari keldi. Islom Karimovning xotirasi yodga olinib, Qurʼon tilovat qilindi.

M.Sulaymonov, OʻzA