O‘zA O`zbek

30.01.2020 Chop etish versiyasi

Elektr energiya ishlab chiqarish miqdori 620,66 million kVt.soatga ortdi

Elektr energiya ishlab chiqarish miqdori 620,66 million kVt.soatga ortdi

Prezidentimizning 2017-yil 29-dekabrdagi Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida energobloklarni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi farmoyishiga muvofiq 2018-2021-yillarda issiqlik stansiyasida 6 ta energobloklarni modernizatsiya qilish belgilangan. Oʻtgan 2019-yilda birinchi bosqichi 3-, 4-energobloklarda modernizatsiya qilish yakuniga yetkazildi.

Natijada energobloklarning oʻrnatilgan har birining nominal quvvati 300 MVt dan 325 MVtga ortib, loyihada belgilangan 325 MVt quvvat bilan elektr energiya ishlab chiqarilib, yagona energiya tizimiga uzluksiz uzatmoqda. Shuningdek, energobloklarning mustahkamligi taʼminlanib, har bir kilovatt ishlab chiqargan elektr energiyasi uchun sarflanayotgan yoqilgʻi sarfini 35-40 gramm tejashga erishildi.

Energobloklar ishga tushirilgandan buyon hozirgi kunga qadar stansiyada elektr energiyasi ishlab chiqarish miqdori 620,66 million kVt.soat ortgan.

Mazkur energobloklarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish uchun Rossiyaning energetika uskunalarini ishlab chiqarish sohasida nufuzli salohiyatga ega boʻlgan “Silovыye mashini” kompaniyasi bilan hamkorlikda modernizatsiya ishlari olib borilmoqda. Ushbu hamkorlik negizida umumiy qiymati 177,11 mln. AQSH dollari boʻlgan shartnoma boʻyicha 6 ta energoblokni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.

Shartnomaga asosan bosh pudratchi zimmasidagi qurilish va montaj ishlari nafaqat xorijiy, balki mahalliy korxonalar yordamida amalga oshirilmoqda. Tegishli masʼul pudratchi korxonalar tomonidan 3-, 4-energobloklarni ishga tushirish uchun sozlash ishlarini oʻrnatilgan muddatda sifatli yakunladi.

Issiqlik stansiyasi ishchi xodimlari yangi zamonaviy uskunalarga sifatli texnik xizmat koʻrsatish va ularni ishonchli ekspluatatsiya qilishini taʼminlash maqsadida “Silovыye mashini” kompaniyasining yetuk muhandislari tomonidan oʻqitish ishlari olib borilmoqda.

Energobloklardagi texnologik jarayonlarni avtomatik boshqaruv tizimida boʻlgan oʻzgarishlar xodimlar faoliyati tezkorligini oshirib, energoblokdagi har bir jarayonni toʻliq nazorat qilish imkonini beradi.

Hozirgi kunda loyihaning ikkinchi bosqichi, yaʼni 2020-yil davomida oʻtkazilishi rejalashtirilgan 5- va 6-energobloklar modernizatsiyasi uchun tayyorgarlik ishlari davom etmoqda. Hamkorlarimiz tomonidan energobloklar modernizatsiyasi uchun kerakli uskunalar issiqlik stansiyaga olib kelinmoqda.

Bundan tashqari, modernizatsiya va rekonstruksiya qilinayotgan energobloklarda nafaqat issiqlik-mexanik va elektr qurilmalari, shu bilan birga, energobloklardagi texnologik jarayonlarni avtomatik boshqaruv tizimi ham takomillashtiriladi.

Maʼlumot uchun, mamlakatimizdagi elektr energiyaning qariyb 85-90 foizi issiqlik elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqariladi. Shundan Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasining ulushi 30-35 foizni tashkil qiladi.

Jahongir USMONOV,
“Oʻzenergoinspeksiya” Sirdaryo boʻlimi boshligʻi

29 720
OʻzA