O‘zA O`zbek

28.09.2019 Chop etish versiyasi

Elektorati noaniq boʻlgan qorishiq partiya raqamlarga yopishib oldi

Elektorati noaniq boʻlgan qorishiq partiya raqamlarga yopishib oldi

Tan olib aytamanki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda boʻlgani kabi siyosiy jarayonlarda ham sezilarli oʻzgarishlar roʻy bermoqda. Bunday islohotlarni barchamiz kuzatib, ayrim jabhalarida faol ishtirokchi ham boʻlyapmiz. Ayniqsa, xalqimizda bu yilgi siyosiy jarayon – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga boʻlib oʻtadigan saylovlar katta qiziqish uygʻotmoqda. Aytish mumkinki, bugun yurtimizda faoliyat koʻrsatayotgan siyosiy partiyalarning saylovchilar muammolarini oʻrganish borasidagi ijobiy faoliyati ham koʻzga tashlanmoqda.

Ammo, bu yilgi saylovlarda gʻalaba qozonishni istagan har qanday partiya uchun bu kabi tashabbuslarning oʻzini yetarli deb boʻlmaydi. Chunki bugungi saylovchi bundan besh yil oldingi saylovchi emas. Bunga birgina joriy yil may oyida mahalla raisligiga (oqsoqoli) boʻlib oʻtgan saylovlar ham yorqin misol boʻla oladi.

Bugungi saylovchilar yangilanayotgan Oʻzbekiston tarixi uchun siyosiy partiyalardan yangidan-yangi, xalqimizning dilidagi va tilidagi gʻoya va tashabbuslarni ilgari surishini kutayotgan bir vaqtda ayrim siyosiy maydondagi raqiblarimizning bir-biriga koʻr-koʻrona “loy chaplash“ga harakat qilishlari, elektorat va aʼzo talashishlari saylovchilar hafsalasini pir qilmoqda. Chunki siyosiy partiya nafaqat elektorat manfaatlaridan kelib chiqqan holda, balki xalqimiz manfaatini koʻzlab faoliyat olib borishi kerak. Chunki Oʻzbekiston bugun beshta siyosiy partiyaga aʼzo boʻlgan jami 2 157 531 nafar fuqarodangina iborat emas. Siyosiy maydonda gʻalabaga erishgan partiya 33 milliondan ortiq xalqimiz ishonchini oqlash uchun faoliyat olib boradi. “Milliy tiklanish” DP rasmiy nashri boʻlgan “Milliy tiklanish” ijtimoiy-siyosiy gazetasining 2019-yil 25-sentyabrdagi 37-sonida “Tadbirkorlar qatlami OʻzLiDePni tark etayaptimi?” sarlavhasi ostida maqola eʼlon qilingan. Maqolada “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan tayyorlangan maʼlumotlar asosida raqobatdosh partiyalar aʼzolari soni ortishiga shubhasi borligini iddao qilishgan.

Mazkur maqolada Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” DP raqobatdosh partiya aʼzolarining soni keskin oʻsganligiga shubha qilishi, ular raqamlar ketidan quvib, aʼzolar sonini oshirganini, aslida partiyaga aʼzo boʻlganlar oʻzlari aʼzoligidan xabardor emasligi taʼkidlangan.

Shu oʻrinda partiyada faoliyat olib borayotganim uchun emas, “Milliy tiklanish” DP “bayroq” sifatida ilgari surayotgan partiya aʼzolarining bugungi kunda 46,9 foizini tashkil etadigan talabalarning qanday qilib partiyaga aʼzo boʻlib qolganliklarini bilganim uchun oʻz fikrlarimni bildirib oʻtishni burchim, deb bildim. Binobarin, qolgan partiyalar ham bir-birining aʼzolari shaxsini aniqlashtirish bilan emas, shaxsi va fuqaroligi aniq boʻlgan yurtdoshlarimiz manfaati yoʻlida xizmat qilishini istaymiz.

Birinchidan, maqolada urgʻu berib taʼkidlangandek, “Milliy tiklanish” DP ilm-fan ahli va ziyoli yoshlar partiyasi boʻlsa, nega aʼzolarining qariyb 46,9 foizini yoshlar tashkil etadiyu, ziyolilar atigi 14,3 foiz? Men taʼlim olgan oliygohda “Milliy tiklanish” DP faollaridan boʻlgan ikki fakultetning oʻqituvchilarini bilaman. Fakultetga qabul qilinib, oʻzi kuratorlik sifatida biriktirilgan har bir kursni oʻquv yilining boshidan roʻyxat boʻyicha toʻliq partiya aʼzoligiga qabul qilar edi. Shu boisdan bugungi kunga kelib partiya safida talaba-yoshlar soni sunʼiy ravishda 46,9 foizga yetgan. Asosiy elektoratimiz deya taʼkidlagan, majburiy aʼzolikni ongli ravishda istamaydigan ziyolilar esa 14,3 foizni tashkil etmoqda.

Ikkinchidan, “Milliy tiklanish” DP 2014-yilgi saylovlardan keyin bugungi kun holatiga aʼzolari soni eng kam oʻsgan partiyalardan biri hisoblanadi. Shundan ham koʻrinib turibdiki, bugun partiya tomonidan koʻtarib chiqilayotgan gʻoya va tashabbuslar xalqimiz manfaatlari uchun toʻlaqonli mos emas. Bu holatni qolgan partiyalar aʼzolari soni sunʼiy ravishda oʻsmoqda deb oqlash ham, menimcha, adolatdan emas.

Uchinchidan, “Milliy tiklanish” DP parlamentda aʼzolari soni jihatidan ikkinchi oʻrinda boʻlishiga qaramasdan, xalqimizni oʻylantirayotgan muammolar yechimiga qaratilgan qonunchilik tashabbusida ham anchayin ortda.

Toʻrtinchidan, “Adolat” SDP qaysidir partiyalar aʼzolari statistikasini tahlil etish oʻrniga oʻz saylovchilariga bergan vaʼdalarini bajarish borasida ishlarni amalga oshirib, qonunchilik tashabbusi, qaror va farmonlarga oʻz dasturidagi vazifalarni bajarish uchun hukumatga takliflar kiritish orqali yillar davomida aholini qiynab kelayotgan muammolarning toʻlaqonli yechimiga erishish tarafdoridir.

Amaliy ishlar, xususan, oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun kvotalar sonini oshirish, hududlarda ularning filiallarini ochish, diplomlarning nostrifikatsiyasini soddalashtirish, ayollarning reproduktiv salomatligi, inson aʼzolari va toʻqimalari transplantatsiyasi, arxivlar faoliyatini takomillashtirish, Maktabgacha taʼlim hamda Innovatsion rivojlanish vazirliklarini tashkil etish kabi tashabbuslardir.

Birgina misol – “Milliy tiklanish” DP 2014-yilgi saylovoldi dasturida ham Davlat tili masalasidagi muammolarni ilgari surgan edi. Ammo, eng achinarlisi, bu borada biror yechimga erishish u yoqda tursin, oʻsha tanqidiy maqolasini eʼlon qilgan oʻz nashrini ham lotin alifbosida chop etayotgani yoʻq. Agar 4 sahifasini lotin alifbosida chop etishini dastlabki qadam deb bilsalar, bu xato. Bu koʻngilga taskin berishdan boshqa narsa emas. Vaholanki, hech bir bosma nashrni lotin alifbosida chop etish taqiqlanmagan.

Beshinchidan, davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishni qaysidir soha vakillari yo boʻlmasa, maʼlum bir raqamlarni birlashtirish orqali amalga oshirib boʻlmaydi. Bunga tarix ham guvoh. Gʻalabaga erishishni istagan har bir partiya Vatanimiz taraqqiyoti, fuqarolarimizning turmush farovonligiga raqamlar orqali emas, amaliy ishlar va xalqimiz birdamligi orqaligina erishishi mumkin.

Kezi kelganda aytib oʻtish joizki, “Adolat” SDP oʻz safini aʼzolarning jimjimador shaklda oʻsishiga erishishga emas, faol aʼzolarni birlashtirish orqali oʻz dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga intiladi. Partiya tomonidan bugungi kunda ilgari surilayotgan gʻoya va tashabbuslar jamiyatning qaysidir qatlami manfaatlariga emas, butun bir xalqimizni yillar davomida oʻylantirib kelayotgan muammolar yechimiga qaratilgan. Bular, birinchi galda, xalqimizning odil sudlovga boʻlgan ishonchini mustahkamlash uchun hududlarda faoliyat koʻrsatayotgan sudlarni birlashtirish. Hozirgi kunda hududlarda va tuman (shahar)larda fuqarolik, jinoiy, maʼmuriy, iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlar faoliyat yuritmoqda. Fuqarolik va iqtisodiy ishlar boʻyicha 2 ta yoki 3 ta tuman uchun bitta tumanlararo sud faoliyat yuritmoqda. Amaliyotda shunday holatlar ham mavjudki, oylar davomida sudda maʼlum bir ish koʻriladi-da va yakunda bizga emas, boshqa sudga taalluqli ekan, deb qaytarib yuboriladi. Tabiiyki, bularning barchasi fuqarolarimizning sarsongarchiliklariga sabab boʻlmoqda. Partiya tashabbusi natijasida fuqarolik, jinoiy, maʼmuriy, iqtisodiy ishlar boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarini birlashtirish orqali bitta maʼmuriy hududda bitta sud idorasi tashkil etiladi. Natijada fuqarolarimizning sarsongarchiliklariga chek qoʻyiladi.

Shuningdek, Sud mustaqilligini hamda sud jarayonida prokuror va advokat vakolati tengligi prinsipini taʼminlash borasida amaldagi qonunlardagi qarama-qarshi holatlarni bartaraf etish lozim. Misol uchun, amaldagi qonunda prokurorning suddan koʻrilgan ishlarni talab qilib olish va chaqirib olish vakolati belgilangan modda mavjud.

Ushbu modda, birinchidan, prokurorning sudyadan ustunligini, ikkinchidan, prokuror va advokatning tenglik prinsipi taʼminlanmaganini koʻrsatmoqda. Chunki suddan ishlarni prokuraturaga olib kelishni talab qilganda, sudya ishlarni qoʻltiqlab olib boryapti. Advokat esa sudga ish bilan tanishish haqida ariza berib, natijasini kutadi, ruxsat berilganda ham tanishish uchun maʼlum vaqt belgilanadi. Prokuror esa vaqt chegaralanmagani sababli ish bilan oylab tanishishi mumkin.

Amaldagi qonunlarga asosan ish boʻyicha prokuror kiritgan protest sud instansiyalarida, shu jumladan, nazorat bosqichida ham toʻgʻridan-toʻgʻri tegishli sudlov hayʼatida koʻriladi. Advokat va ish boʻyicha taraflarning sud nazorat bosqichiga bergan arizasi avval sudya tomonidan oʻrganib chiqilib, sudlov hayʼatiga oʻtkazish haqida qaror chiqarilgan taqdirda sudlov hayʼatida koʻriladi, boʻlmasa, arizangiz asossiz degan javob xati berilaveradi. Natijada fuqarolarning haqli eʼtirozi yuzaga keladi. Partiya oʻz saylovoldi dasturida sud jarayonida prokuror va advokatlar huquqlarini tenglashtirish, qonunchilikdagi qarama-qarshiliklarni toʻlaqonli bartaraf etish yuzasidan ham qator amaliy takliflarni ilgari surmoqda.

Respublikamizning olis hududlarida aholi bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda fuqarolarimiz tomonidan bugungi kunda oliy taʼlim muassasalariga kirishdagi muammolar, abituriyentlar soni va qabul kvotalari oʻrtasidagi tafovutning kattaligi, xorijiy davlatlardagi sifati kafolatlanmagan muassasalarga yoshlarimiz oqimining ortayotgani kabi koʻplab fikrlar bildirildi.

Mazkur masalalarni eʼtiborga olgan holda partiya ekspertlari tomonidan tayyorlanayotgan saylovoldi dasturiga oliy taʼlim muassasalariga kirishni osonlashtirish, oliy maʼlumotlilar safini kengaytirish, ammo oʻquv jarayonida haqiqiy bilim olishga talablarni kuchaytirish kabi kechiktirib boʻlmaydigan ustuvor vazifalar kiritildi.

Partiya Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda 2020-yildan har bir oliy taʼlim muassasasiga davlat buyurtmasi asosida oʻqishga qabul qilish parametrlari aks etgan normativ hujjatlarni belgilash, sirtqi taʼlim qamrovini kengaytirish, kechki taʼlim tizimini joriy qilish hamda olis hududlardagi oʻqish ishtiyoqi boʻlgan, ammo iqtisodiy imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz uchun masofaviy taʼlimni yoʻlga qoʻyishga erishadi. Natijada oliy taʼlim muassasalari bosqichma-bosqich oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkaziladi, bu esa, tabiiyki, kontraktlar miqdori sezilarli kamayishiga olib keladi.

Bugungi kunda aholimizni qiynayotgan muammolardan yana biri – jamiyatda uchrayotgan korrupsiya tizimidir. Partiya tomonidan ilgari surilayotgan takliflar orqali kelgusi besh yillikda korrupsiyaga qarshi kurashda jamiyatda ushbu illatga nisbatan mutlaqo toqatsizlik huquqiy madaniyatini shakllantirishga erishiladi. Partiya bunday ijobiy natijaga erishishda eng samarali usul – xalqimizning faol fuqarolik pozitsiyasi deb biladi.

Azaldan xalqimiz uchun yurtimiz tinchligi va xalqimiz salomatligi eng ulugʻ neʼmatdir. Shu bois partiya saylovoldi dasturida Bosh qomusimizda belgilab berilgan bepul malakali tibbiy xizmatga toʻlaqonli erishish, hududlarda zarur yoʻnalishlarda aholiga tibbiy xizmat koʻrsatayotgan ixtisoslashgan tibbiyot markazlarining filiallarini tashkil etish, fuqarolarning salomatliklari borasidagi hujjatlarini elektron shakllantirish uchun “Aqlli tibbiyot” tizimini keng joriy qilish belgilangan. Shuningdek, aholi salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan qalbaki va samarasiz dori vositalari faoliyatiga chek qoʻyish hamda dori vositalarining elektron roʻyxatini shakllantirib, shahar va qishloqlarda dorilar bir xil narxda sotilishiga erishish partiya uchun eng muhim yoʻnalishlardan biridir.

Xulosa oʻrnida shuni aytmoqchimanki, bugungi saylovchilar oʻz haq-huquqlaridan toʻlaqonli foydalanadigan saylovchilardir. Ular qonunda belgilab qoʻyilgan huquqlaridan unumli foydalangan holda qaysidir partiyaga aʼzoligi uchun emas, oʻz hayoti va mamlakatimiz kelajagini koʻra olgan partiya gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlab ovoz berishadi.

Men raqamlar ortidan quvadiganlarni yoqtirmasam-da, maʼlumot oʻrnida aytib oʻtishni joiz topdim. “Milliy tiklanish” DP bugungi kundagi aʼzolari soni aslida 3 ta siyosiy partiyaning birlashishi natijasida tashkil topganini bilarmikin?! Menimcha, raqamlarga qiziqadigan partiya uchun bu juda muhim. Ochiq va oshkoralik ruhida boʻlib oʻtadigan bu yilgi saylovlarda songa qarab emas, har bir saylovchi ovozi uchun kurashadigan siyosiy partiyalar bilan raqobat qilish biz uchun sharaflidir.

Farrux ABDUHAMIDOV,

Oʻzbekiston “Adolat” SDP

Matbuot xizmati masʼul xodimi

2 304
OʻzA