Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.09.2017 20:22 Chop etish versiyasi

Elchilar “Elchilar xonasi” taqdimotida

Elchilar “Elchilar xonasi” taqdimotida Samarqanddagi shahar tarixiga oid noyob eksponatlar jamlangan “Afrosiyob” muzeyida VII-VIII asrlarga mansub “Elchilar xonasi” devoriy suratlari restavratsiyasi ishlarining yakuniga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Ya.G‘ulomov nomidagi Arxeologik tadqiqotlar instituti mas’ul xodimlari, AQSh, Fransiya, Janubiy Koreya va Shveytsariyaning mamlakatimizdagi elchixonalari, Samarqand viloyati va shahar hokimligi vakillari, san’atshunoslar ishtirok etdi.

Samarqand shahridagi Afrosiyob xarobalarida olib borilgan arxeologik tadqiqot ishlari davomida 1965-yilda topilgan ushbu devoriy suratlar noyob tarixiy ashyo sifatida muzey zallaridan o‘rin olgan. Uni nafaqat yurtdoshlarimiz, balki dunyoning turli davlatlaridan kelgan sayyohlar, tarixchi va arxeolog olimlar, san’atshunoslar katta qiziqish bilan tomosha qilmoqda.

Devoriy suratlar sifatiga yillar o‘z ta’sirini ko‘rsatishi hisobga olinib, 2014-yilda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan AQSh, Fransiya, Shveytsariya, Janubiy Koreya davlatlari hamda YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi ko‘magida uni restavratsiya qilishga kirishildi.

– Restavratsiya ishlari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Ya.G‘ulomov nomidagi Arxeologik tadqiqotlar instituti restavratorlari va fransuz mutaxassislari ishtirokida olib borildi, – deydi Afrosiyob muzeyi direktori Samariddin Mustafoqulov. – Eng zamonaviy texnologiyalar yordamida noyob tarixiy eksponat to‘liq alyumin profilga ko‘chirildi. Endi “Elchilar xonasi” devoriy suratlari yana bir necha asrlar davomida o‘z jilosini yo‘qotmay, kelajak avlodlarga ham tariximizning yorqin sahifalari haqida ma’lumot beradi. Bundan tashqari, o‘tgan yili Janubiy koreyalik mutaxassislar yordamida “Elchilar xonasi” devoriy suratlari ham qadimiy Afrosiyob shahrining VI-VII asrlardagi holati ilmiy asoslangan holda 3D formatdagi videolavha yaratildi va ayni paytda muzeyga keluvchi sayyohlar, nufuzli delegatsiyalarga namoyish etilmoqda.

2.JPG

Tadbir ishtirokchilari restavratsiya yakunlari bilan tanishdilar. Ularga topilma va uning dunyo tarixini o‘rganishdagi ahamiyati xususida so‘zlab berildi.

– Ushbu devoriy suratlar Samarqand, umuman, o‘zbek xalqi tarixining salmoqli qismini qaytadan ochib berdi, – deydi Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Violen Biyyet de Vilmor. – Topilma ilk o‘rta asrlarning nodir san’at asari sifatida o‘sha davr madaniyati, So‘g‘diyona hukmdorining boshqa davlatlar bilan do‘stona aloqalari haqida ma’lumot beradi. O‘zbekiston Madaniyat vazirligi hamkorligida So‘g‘diyona fransuz-o‘zbek arxeologik missiyasi tashabbusi bilan Afrosiyob devoriy suratlarini asrab-avaylash uyushmasiga asos solingani davlatlarimiz o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA
1 852






Все о погоде - Pogoda.uz