O‘zA O`zbek

20.08.2019 Chop etish versiyasi

Eksportni ko‘paytirish uchun nima xalaqit beryapti?

Eksportni ko‘paytirish uchun nima xalaqit beryapti?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida joriy yilning 12 va 14 avgust kunlari o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishlarida hududlarning eksport salohiyatini oshirish, bu borada tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularga amaliy yordam berish yuzasidan vazifalar belgilangan edi.

Bu bejiz emas albatta. Chunki, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni eksport qilish orqali kiritiladigan valyuta tushumi ortadi, jahon bozoriga raqobatbardosh mahsulot chiqarishga erishiladi, korxona iqtisodiy barqarorligi ta’minlanadi va eng muhimi, yurtimizda yangi ish o‘rinlari yaratiladi, ishsizlik darajasi kamayadi. Dunyo tajribasi ham shunday – hech bir davlat import bilan rivojlanmaydi, eksport orqali jahon davlatlari orasida o‘z o‘rniga ega bo‘ladi, iqtisodiyoti barqarorligiga erishadi.

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimovning Urgut tumanidagi eksportyor korxonalar rahbarlari, tadbirkorlar bilan uchrashuvi ham ana shu mezondan kelib chiqib tashkil etildi.

Uchrashuvda davlatimiz rahbarining 2018 yil 20 dekabrdagi “Eksportga ko‘maklashish va uni rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Eksportni qo‘llab-quvvatlash milliy tizimi yaratilgani ta’kidlandi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida Eksportni rag‘batlantirish agentligi tashkil etildi. Shuningdek, 205 nomdagi tovarlarni eksport qilishda transport xarajatlarining 50 foizini qoplab berish yo‘lga qo‘yildi.

– Bunday real, amaliy chora-tadbirlar albatta o‘z samarasini bermoqda – dedi E.Turdimov. – Eksport bilan shug‘ullanadigan sub’ektlar safiga yangi korxonalar qo‘shilmoqda, eksport geografiyasi kengaymoqda. Joriy yilning birinchi yarim yilligida viloyatimizdan dunyoning 62 davlatiga tovar va xizmatlar eksport qilindi. Eng yirik eksport hamkorlarimiz qatorida Rossiya (27 foiz), Qozog‘iston (11,6 foiz), Turkiya (8,2 foiz), Xitoy (7,1 foiz), Eron (5,9 foiz) hamda Afg‘oniston (5,1 foiz) o‘rin oldi. Shu va boshqa davlatlarga yil boshidan buyon 133,7 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Lekin bizda bu ko‘rsatkichlarni yanada oshirish imkoniyat mavjud bo‘la turib, bundan samarali foydalanmayotganimiz ham haqiqat. Albatta, buning ob’ektiv va sub’ektiv sabablari bor. Ana shu sabablar haqida fikrlashish, yuzaga kelayotgan muammolarga yechim topish maqsadida ushbu uchrashuv tashkil etildi.

HOK_8940.JPG

Uchrashuvda 300 nafarga yaqin tadbirkor, eksportyor korxonalar vakillari ishtirok etib, faoliyatlarida duch kelayotgan muammolar yuzasidan viloyat hokimiga murojaat qildi. Har bir masala viloyatdagi mutasaddi idoralar rahbarlari ishtirokida muhokama etilib, yechim izlandi. Eksportbop mahsulotlar zaxirasini ko‘paytirish, eksport hajmini oshirish, kreditlar ajratish bo‘yicha mas’ul mutasaddilarga aniq muddat bilan vazifalar yuklandi.

– Bu shunchaki uchrashuv, muammolar aytildi, endi bir vaqti bilan unga yechim topiladi-da, degani emas, – dedi tadbir yakunida E.Turdimov. – Qayd etilgan har bir masala yechim topishi shart, bunga barcha rahbarlar mas’ul. G‘ayrat bilan ishlayotgan tadbirkorning ishtiyoqini so‘ndirmay, qo‘llab-quvvatlash ana shu rahbarlarga bog‘liq. Shaxsan men hamma vaqt sizlarni eshitishga, muammolaringizga yechim topishga tayyorman va bundan keyin bunday uchrashuvlarni tez-tez o‘tkazib turamiz. Chunki, ko‘p masalalar yuzma-yuz suhbatda ochiqchasiga aytiladi, real holat oydinlashadi. Bundan siz ham, biz ham manfaatdormiz.

492
G‘.HASANOV, O‘zA