O‘zA O`zbek

12.02.2020 Chop etish versiyasi

Eksport salohiyatiga bojxonachilar ulushi...

Eksport salohiyatiga bojxonachilar ulushi...

Mamlakatimizda barcha sohalar qatorida bojxona sohasida ham keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shuning natijasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bojxona boshqarmasi tomonidan 2019-yilda bojxona toʻlovlaridan 206 milliard soʻmdan ortiq pul mablagʻi davlat byudjetiga oʻtkazilgan.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha 2019-yilda tovarlar tashqi savdo aylanmasi 660 million AQSH dollarini tashkil etgan. Shundan tovarlar eksporti 407 million, import esa 253 million AQSH dollari boʻlgan. Eksport tashqi savdo operatsiyalarining 61,6 foiziga, import esa 38,4 foiziga teng boʻldi. Bu esa oldingi yilga nisbatan eksport ulushi 0,2 foizga ortganidan, import hajmi esa 0,2 foizga kamayganidan dalolat beradi.

Eksport qilingan tovarlarning asosiy salmogʻi “Plastmassadan yasalgan buyumlar (polietilen)”, “Ip kalava”, “Soda kalsinirovannaya”, “Paxta tolasi” va boshqa tovarlarga, import hajmi asosan “Dastgoh va asbob-uskunalar”, “Kimyoviy mahsulotlar”, “Transport va uning ehtiyoj qismlari”, “Yogʻoch va taxta mahsulotlari”, “Qora metalldan tayyorlangan buyumlar”, “Neft va neft mahsulotlari” va boshqa tovarlarga toʻgʻri keladi.

Dunyo mamlakatlari kesimida eksport qilingan tovarlarning katta ulushi Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Qozogʻiston, Turkiya, Latviya mamlakatlariga toʻgʻri kelgan boʻlsa, tovarlar importi amalga oshirilgan mamlakatlar kesimida Xitoy 22,5 foiz ulush bilan birinchi oʻrinni, Rossiya, Janubiy Koreya, Singapur, Qozogʻiston, Turkiya, AQSH, Latviya mamlakatlari keyingi oʻrinlarni egallaydi.

photo5332580130440195326.jpg

– Davlatimiz eksport salohiyatini kuchaytirish, importni optimallashtirish borasida TIF bojxona postlari tomonidan oʻtgan yilda 25 mingdan ziyod bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bojxona boshqarmasi jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar guruhi inspektori Yulduz Qudiyarova. – Tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida hukumatimiz tomonidan yaratilayotgan qonunchilik talablariga bojxona boshqarmasi tomonidan qatʼiy rioya qilinmoqda. Jumladan, oʻtgan 2019-yilda TIF qatnashchilariga 1 trillion soʻmdan ortiq bojxona toʻlovlaridan imtiyoz va preferensiyalar berilganligi, davlatimizning tashqi iqtisodiy aloqalar boʻyicha islohotlari ijrosi bojxona organlari tomonidan soʻzsiz taʼminlanayotganligining isbotidir.

Shuningdek, bojxona organlarining ilgʻor nazorat texnik vositalari, rentgen apparatlari va inspeksion koʻrik majmualari bilan taʼminlanganligi, xalqaro aeroportlarda “qizil” va “yashil” yoʻlaklarning tashkil etilganligi chegara bojxona postlari orqali fuqarolar va transport vositalari harakatlanishida ancha qulayliklar yaratib, vaqt tejalishi va ish samaradorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi chegara bojxona postlari orqali oʻtgan yilda jami 62861 ta yuk va 77116 ta yengil avtomobil harakatlanishi kuzatilgan boʻlsa, ularning har biri bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtishi uchun yengil avtomobillarga 5 daqiqadan 10 daqiqigacha, yuk avtomobillari esa 20-26 daqiqagacha vaqt sarflangan.

Yaratilgan imkoniyatlar va taqdim qilingan imtiyozlarga qaramasdan, ayrim fuqarolar va TIF qatnashchilarining bojxona qonunchiligini chetlab oʻtib, taʼqiqlangan giyohvand modda va psixotrop vositalar, diniy ekstremizm va aqidaparastlikni targʻib qiluvchi manbalar, shuningdek, davlat byudjetiga tushadigan, el-u yurtimiz rizqiga aylanadigan bojxona toʻlovlarini toʻlamaslik uchun qingʻir yoʻllardan foydalangan holda bojxona qonun buzilishlarini sodir etayotgani achinarlidir. Yuqoridagi kabi qonunbuzarlik holatlarini aniqlash borasida boshqarma xodimlari tomonidan qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida oʻtgan yilda giyohvandlik moddalari bilan bogʻliq 4 ta holatda 112 gramm (geroin, koʻknor boshogʻi, marixuana), psixotrop moddalar noqonuniy olib oʻtilishining oldini olish bilan bogʻliq 2 ta holatda 1455 dona psixotrop tabletkalar aniqlangan. Shuningdek, 2019-yil davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bojxona boshqarmasi tomonidan jami 1353 ta holatda 5 milliard soʻmdan ortiq miqdordagi tovar-moddiy boyliklari aniqlangan boʻlib, koʻrsatkichlar oldingi yilning shu davri bilan solishtirilganda 254 ta holatga oshgan.

photo5332522590763330989.jpg

Aniqlangan 9 ta holat boʻyicha Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlari talablarini hamda bojxona qonunchiligida yuz berayotgan oʻzgarishlar bilan keng ommani tanishtirish, ularni yaratilayotgan imkoniyatlar, sodir boʻlayotgan voqeliklardan boxabar qilish maqsadida boshqarma shaxsiy tarkibining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan bevosita aloqalari yoʻlga qoʻyilgan.

Oʻtgan davr mobaynida “Bojxona organlarida xavfni boshqarish tizimi” va “Mamlakatimiz iqtisodiyotiga faol investitsiyalarni jalb etish orqali tadbirkorlik faoliyatini yana-da rivojlantirish maqsadida ushbu yoʻnalishda bojxona sohasida yaratilgan qulayliklar” mavzularida tadbirkorlik subyektlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumanlari oʻtkazilgan.

2 084
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA