Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.01.2018 19:31 Chop etish versiyasi

Ekspertlar yosh fermerlarga zamonaviy mevali bog‘larni yaratish bo‘yicha mahorat darslari o‘tmoqda

Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda O‘zbekiston yosh fermerlari kengashi hamkorligida bog‘dorchilikka qiziqqan fermer va tomorqa egalari uchun zamonaviy mevali bog‘lar yaratish bo‘yicha mahorat darslari tashkil etilmoqda.

Shu oyning oxirigacha har bir hududda amalga oshirilishi rejalashtirilgan mazkur loyiha ishtirokchilari yangi bog‘lar tashkil etish, tuproq unumdorligini oshirish va o‘g‘itlardan unumli foydalanish, daraxtlarga to‘g‘ri shakl berish, suv resurslaridan unumli foydalanish, bog‘ yuzasiga to‘g‘ri ishlov berish, begona o‘tlarga qarshi kurashish, changlanish va uning foydasi hamda meva terish jarayonini avtomatlashtirish singari mavzularda jahon tajribasidan voqif bo‘ladi.

Ushbu mahorat darslarini zamonaviy mevali bog‘lar yaratish bo‘yicha dunyoning mashhur ekspertlaridan biri AQShlik Timoti Mitchal hamda o‘zbek eksperti Umid Sayfiddinov o‘tmoqda.

Qashqadaryolik fermer va bog‘bonlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan seminarda ham hududda tashkil qilinayotgan yangi bog‘lar, ularning parvarishi bo‘yicha yangi bilimlar o‘zlashtirildi va sohadagi istiqbolli navlar bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘lindi.

O‘zbekiston yosh fermerlari kengashi matbuot xizmatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, yosh fermerlarning sohadagi mahoratini oshirish uchun yil davomida AQSh, Gollandiya, Italiya, Germaniya va boshqa davlatlardan qishloq xo‘jaligining barcha yo‘nalishlarida dunyoga mashhur mutaxassislar ishtirokida mahorat darslari o‘tkazish rejalashtirilgan.

Mohigul Qosimova, O‘zA
8 925