Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.08.2017 17:27 Chop etish versiyasi

Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati

O‘zbekiston Ekologik harakati Toshkent shahar hududiy bo‘linmasi hamda Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamkorligida sohadagi davlat dasturlarining joylardagi ijrosi yuzasidan davra suhbati tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Toshkent shahar hududiy bo‘linmasi, davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi xodimlari, ishlab chiqarish korxonalaridan vakillar hamda ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish va aholi salomatligini himoyalash borasida fuqarolik jamiyati institutlari, jamoat tashkilotlari va davlat organlari o‘rtasidagi ijtimoiy sherikchilikni yanada kengaytirishga alohida ahamiyat qaratilayotgani ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 12-iyulda Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishidagi ma’ruzasida yechimini kutayotgan, bartaraf etilishi lozim bo‘lgan ekologik muammolar haqida fikr yuritildi. Jumladan, aholini, ayniqsa, qishloq joylarda toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, maishiy chiqindilarni to‘plash, qayta ishlash va utilizatsiya qilish masalalari dolzarb ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi. Soha xodimlari oldiga qator vazifalar qo‘yildi.

Tadbirda ana shunday vazifalar ijrosi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Ishtirokchilarga ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga oid qonunlar hamda ushbu sohadagi davlat dasturlari haqida ma’lumot berildi. Jumladan, deputatlarning O‘zbekiston Respublikasining «O‘rmon to‘g‘risida»gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan fikrlari, ishtirokchilarning takliflari tinglandi. Davra suhbatida qayd etilganidek, ushbu qonunning maqsadi o‘rmonlarni muhofaza qilish, qo‘riqlash, qayta tiklash, mahsuldorligini oshirish hamda undan oqilona va tejamli foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdir.

Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, atrof-muhitni muhofaza qilish ishlarida jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish, jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishda NNTning tajribalari kabi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
2 031






Все о погоде - Pogoda.uz