O‘zA O`zbek

20.09.2018 Chop etish versiyasi

Ekologik toza hududning qonuniy kafolati qanday boʻladi?

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi huzuridagi ishchi guruhining “Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, shu jumladan, ichimlik suvidan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Qonunda “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartish, qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Jumladan, mazkur kodeksga suv xoʻjaligi inshootlari va qurilmalarini shikastlantirganlik, ulardan foydalanish qoidalarini buzganlik kabi masalalarga tegishli chora koʻrish tartibi oʻrin olgan. Bundan tashqari, sanoat, roʻzgʻor chiqindilari va boshqa chiqindilarni tashish, joylashtirish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, koʻmib tashlash chogʻida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun choralar kuchaytirilishini nazarda tutuvchi qoʻshimchalar ham kiritilgan.

– Davlatimiz tomonidan aholini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash tizimini yaxshilash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Vazirlar Mahkamasi huzurida Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbari oʻrinbosari Gʻayrat Rahimov. – Biroq ichimlik suvi sifatini nazorat qilish, foydalanilgan suvlarni oqizish (kanalizatsiya) hamda oqova suvni tozalash xizmatlarini tashkil etish sohasida davlat nazoratini amalga oshirish bilan bogʻliq hal etilmagan qator muammolar mavjud. Bugun muhokama etilayotgan qonun ham sohadagi koʻplab kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etishga xizmat qiladi.

1 418
Abdulaziz Musayev, OʻzA