Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.02.2018 08:40 Chop etish versiyasi

Ekologik muammolar va NNTlar faoliyati

Andijonda “Ekologik muammolarni hal etishda nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirokining huquqiy asoslari, tabiatni muhofaza qilish qonunchiligi normalarini amaliyotga tatbiq etish mexanizmlari” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Ekologik harakati hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamkorligida amalga oshirilayotgan “Atrof-muhit muhofazasiga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda O‘zbekiston Ekologik harakatiga ko‘maklashish” loyihasi doirasida o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, O‘zbekiston Ekologik harakati hamda uning hududiy bo‘limlari faollari, olimlar, ekologiya sohasida faoliyat olib borayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan seminarda mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, inson salomatligini mustahkamlash, sohaga oid qonunlar ijrosini ta’minlash, qonunlar mazmun-mohiyatini aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish, fuqarolarning ekologiyaga oid bilimi va madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

– Mamlakatimizda ekologik musaffolikni ta’minlash, tabiatni asrab-avaylash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi O‘zbekiston Ekologik harakati Andijon viloyati hududiy bo‘limi rahbari H.Maxsumov. –Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi, “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi qonunlari va boshqa ko‘plab qonunosti me’yoriy hujjatlari qabul qilingani, sohaga oid huquqiy asoslar to‘la shakllangani bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Seminarda mavzuga oid ma’ruzalar tinglandi. Targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish, fuqarolarning ekologik bilim va madaniyatini yuksaltirish yuzasidan fikr almashildi.

– Bugungi tadbirda viloyatimizdagi ekologik holat, uning hayotimizga ta’siri, mavjud muammolar, ularni bartaraf etishda qilinishi zarur bo‘lgan ishlar xususida keng ma’lumotlar oldik, – deydi Andijon shahridagi 4-mahalla fuqarolar yig‘ini raisi T.Isroilova. – Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizda ekologik musaffolikni saqlashda har bir fuqaro, keng jamoatchilik faol va hamjihat bo‘lsagina kutilgan natijaga erishish mumkinligini angladik.

Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Fahriddin Ubaydullayev, O‘zA
6 540