O‘zA O`zbek

05.09.2018 12:32 Chop etish versiyasi

Ekologik barqarorlikni taʼminlash Orolboʻyi mintaqasi uchun dolzarbdir

Ekologik barqarorlikni taʼminlash Orolboʻyi mintaqasi uchun dolzarbdir

Orol dengizi boy tabiiy resursi bilan mashhur boʻlgan. Bu dengiz biologik jihatdan boy ekotizim sifatida eʼtirof etilgan. 1964-yilgacha dengiz hududi 68,9 ming kvadrat kilometrni tashkil etgan. Yiliga 30-35 ming tonnagacha baliq yetishtirilgan. Noyob flora va faunasi dunyoga mashhur edi. Afsuski, suvdan notoʻgʻri va tartibsiz foydalanish natijasida soʻnggi 50-55 yil ichida suv hajmi 15 barobarga tushib, sathi 29 metrga pasaydi. Dengizning qurigan hududini oq tuz konlari egalladi. Hayvonot va oʻsimlik dunyosi tobora yoʻqolib bormoqda.

Dengizning qurib qolgan tubida vaqti-vaqti bilan chang va shoʻr boʻronlar kuzatiladi. Jumladan, har yili 100 million tonnaga yaqin qum-tuz boʻronlari boʻlib, 400 kilometrdan ortiq masofaga tarqaladi. Bu esa insonlarning sogʻligʻiga jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda. Hududda nafas yoʻllari, onkologik, surunkali bronxit kabi kasalliklar kuzatilmoqda. Atrof-muhitning buzilishi iqtisodiy koʻrsatkichlar pasayishiga ham sabab boʻladi. Hududda chorvachilik va baliqchilik sohasi oqsamoqda. Iqtisodiy zarar koʻrsatkichi ortib bormoqda.

Orol dengizi fojiasi natijasida yuzaga kelgan suv resurslari tanqisligi, yer degradatsiyasi, choʻllanishning kuchayishi, bioxilma-xillikning keskin kamayishi va boshqa jiddiy iqlim oʻzgarishlari jiddiy tashvish uygʻotmoqda.

Orol halokati oqibatlarini yumshatish boʻyicha mintaqa hududida 500 dan ortiq keng miqyosli loyihalar amalga oshirildi, qurigan dengizning 350 ming gektar maydoniga saksovul va shoʻrga chidamli oʻsimliklar ekilib, butazorlar barpo etildi. Bugun bunday hududlarning umumiy maydoni qariyb 700 ming gektarga yetdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2017-2021-yillarda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi qabul qilindi. Moliya vazirligi huzurida Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish jamgʻarmasi tuzildi va unga 200 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirildi. Hozirda ushbu mablagʻlar hisobidan amaliy ishlar qilinmoqda. Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisining suv taʼminoti, turmush sharoitini yaxshilashga koʻmaklashilmoqda.

Davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Orol dengizining qurishi bilan bogʻliq oqibatlarni bartaraf etish xalqaro miqyosdagi saʼy-harakatlarni faol birlashtirish, BMT tomonidan Orol fojiasidan jabr koʻrgan aholiga amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha 2017-yil qabul qilingan maxsus dastur toʻliq amalga oshirilishi masalasiga jahon hamjamiyati eʼtiborini qaratgan edi.

Shuningdek, joriy yilning 7-8-iyun kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan “Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish boʻyicha hamkorlikdagi harakatlar: yangi yondashuvlar, innovatsion yechimlar va investitsiyalar” mavzusidagi xalqaro anjumanda qabul qilingan rezolyutsiya bu borada amaliy yechim sifatida xizmat qilishi shubhasiz.

Darhaqiqat, hozirgi kunda Orolboʻyi hududida ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, mintaqaning suv va ekologiya bilan bogʻliq muammolariga yechim topish boʻyicha qoʻshni davlatlarning saʼy-harakatlarini birlashtirish lozimligi yanada yaqqolroq namoyon boʻlmoqda.

Yaqinda Turkmanistonning Turkmanboshi shahrida boʻlib oʻtgan Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashining majlisida Prezidentimiz ushbu masalaga jiddiy eʼtibor qaratdi. Oʻz navbatida, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatishda mintaqadagi davlatlarning oʻzaro hamkorligi borasida ustuvor ahamiyatga molik konstruktiv yoʻnalishlar Markaziy Osiyo davlat rahbarlari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Prezidentimiz Orol muammosi mintaqa hayoti va kelajagiga daxldor dolzarb masala ekani, muzokaralarda anchadan buyon toʻplanib qolgan savollar ochiq va konstruktiv muhokama qilinganini, endi qogʻozdan amaliy ishga oʻtilishini alohida taʼkidlab oʻtdi. Ayniqsa, mintaqa davlatlari umumiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda, ushbu fojia oqibatlarini bartaraf etish va Orolboʻyidagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, mintaqaning suv va ekologiya bilan bogʻliq muammolariga yechim topish boʻyicha barcha saʼy-harakatlarni birlashtirish lozimligi qayd etildi. Darhaqiqat, mintaqa davlatlarining barchasi Jamgʻarma faoliyatida, jumladan, Orol dengizi havzasidagi mamlakatlarga yordam koʻrsatish boʻyicha toʻrtinchi Dasturni ishlab chiqish va oʻzaro kelishish jarayonida toʻlaqonli qatnashishi bu boradagi umumiy muammolarni hal etish va tahdidlarni bartaraf qilishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasizdir.

Davlatimiz rahbari tomonidan Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish yuzasidan taklif etilgan konstruktiv yoʻnalishlar xalqaro jamoatchilik tomonidan ham eʼtirof etilmoqda.

Ana shu konstruktiv yoʻnalishlardan kelib chiqib, biz – deputatlar parlamentimizda sohaga doir qonunchilikni yanada takomillashtirish, davlat dasturlariga amaliy takliflar berish, dasturlar ijrosini taʼminlashda parlament nazoratini yanada kuchaytirishimiz lozim.

Boriy ALIXONOV,
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
Spikerining oʻrinbosari.

OʻzA
2 469