Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.08.2017 20:59 Chop etish versiyasi

Ekoharakat faoliyati qanday samara bermoqda?

Joriy yil 2-avgust kuni O‘zbekiston Ekologik harakati tashkil etilganiga 9-yil to‘ldi. O‘tgan davrda mazkur jamoat tashkiloti qanday faoliyat yuritdi? Harakatning ishi samaradorligi nimalarda namoyon bo‘lmoqda?

Poytaxtimizdagi Xalqaro press-klubda bo‘lib o‘tgan navbatdagi muloqot shu mavzuga bag‘ishlandi. Unda O‘zbekiston Ekologik harakati mas’ul xodimlari, Ekoharakatning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi deputatlar guruhi a’zolari, Yevropada hamkorlik va xavfsizlik tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda ekologiya yo‘nalishidagi qator xalqaro tashkilotlar vakillari jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

O‘zbekiston Ekologik harakati o‘tgan davr mobaynida amaldagi qonunchilikni takomillashtirish, davlat dasturlarini amalga oshirish, tabiiy resurslardan oqilona va unumli foydalanish, aholini atrof-muhit ishlariga jalb etish, ekologik madaniyatni, ta’lim-tarbiyani kuchaytirish hamda bu borada xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Ekoharakatning deputatlik guruhi faoliyat olib bormoqda. O‘tgan davr mobaynida ularning tashabbusi bilan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi salomatligini mustahkamlashga oid 12 qonun qabul qilindi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 12-iyul kuni parlament palatalari, siyosiy partiyalar, O‘zbekiston Ekologik harakati, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari faoliyatining tahlili va istiqboldagi vazifalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Ekoharakat faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tdi. Davlatimiz rahbari ushbu Harakat tomonidan yurtimizda atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha qonunchilik bazasini mustahkamlash, shu sohada qabul qilinayotgan qonun va qarorlar ijrosi yuzasidan parlament nazoratini joriy etish borasida muayyan ishlar amalga oshirilganini qayd etib, hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarga alohida e’tibor qaratdi. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, maishiy chiqindilarni to‘plash, qayta ishlash va utilizatsiya qilish, aholining ekologik madaniyatini oshirish, yosh avlod qalbida ona tabiatga mehr-muhabbat, unga daxldorlik hissini tarbiyalash kabi masalalar bugungi kunda dolzarb hisoblanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Ekologik harakati faollari hamkorlar bilan birga, jumladan, yoshlarni jalb etgan holda umumiy maydoni 88 gektar bo‘lgan 20 dan ortiq ekobog‘ barpo etgan. Yoshlar o‘rtasida “Global iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha eng yaxshi g‘oya”, “Onajonim tabiat” tanlovlari muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Harakat muassisligida “Buloqcha” (“Rodnichok”) bolalar ekologik jurnali chop etiladi.

O‘zbekiston Ekologik harakati xalqaro hamkorlik sohasida ham faol ish olib boradi. Xususan, 2016-yilda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda Namangan shahrida aholining ekologik xabardorligini oshirish maqsadida Axborot-resurs markazi ochildi. Endilikda bu kabi resurs markazlari mamlakatimizning boshqa hududlarida ham tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Tadbirda O‘zbekiston Ekologik harakati va “SEMAK Equipment’s and Technology” tashkiloti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

– Memorandumdan ko‘zlangan asosiy maqsad chiqindilarni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish, – deydi O‘zbekiston Ekologik harakati markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Sanginov. – Unga ko‘ra chiqindilarni xalqaro standartlarga to‘la javob beradigan qayta ishlash texnologiyalari olib kelinadi, Toshkent, Jizzax viloyatlarida korxonalar barpo etiladi. Bu atrof-muhit musaffoligini ta’minlashga, milliy mahsulotlarimiz turlari oshishiga, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
2 075






Все о погоде - Pogoda.uz