Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.01.2018 17:24 Chop etish versiyasi

Ekobozor – zamonaviy savdo markazlari qulayligi, tanlash va savdolashish imkoniyati

Respublikamizda birinchi marta Ekobozor (Ecobozor) loyihasi amalga oshirilmoqda.

Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida (Chimgan chorrahasi, eski tramvay deposi o‘rnida) 12 gektar maydonda barpo etilayotgan mazkur yangi tipdagi savdo-sotiq majmuasida ayni kunlarda qurilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

Xo‘sh, aholi o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otayotgan mazkur loyiha nimasi bilan mavjud bozorlardan farq qiladi, yangiligi, afzalligi nimada? Ushbu savollarga javob topish maqsadida loyiha tashkilotchilari bilan bog‘langanimizda "Ekobozor supermarket hamda dehqon bozorining uyg‘unlashgan shaklidir" – deya sodda qilib izoh berishdi.

Bunda qishloq xo‘jaligi va sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga 3 mingta savdo-sotiq joylari ijara shartnomasi asosida berilib, yuqori sifatli meva-sabzavotlar, ko‘katlar, sut, non va go‘sht mahsulotlari, ichimliklar, qandolat muhsulotlari pishiriqlar va yana shunga o‘xshash ko‘plab mahsulotlar sotuvi amalga oshiriladi. Shuningdek, ekobozor hududida maishiy xizmat ko‘rsatish shahobchalari, 400 ta avtomobillar uchun turar joy bunyod etiladi.

Umumiy maydoni 10 ming kvadrat metrdan oshiq bo‘lgan usti yopiq, keng va yorug‘ savdo zalida xaridor hamda sotuvchilar uchun kerakli barcha qulayliklar yaratiladi. Mahsulotning sifatini nazorat qilish imkoni yaratilib, aholi sifatli oziq ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanadi. Keng turdagi mahsulotlar xaridorga tanlash hamda aholimiz xarid qilish madaniyatiga mos tarzda savdolashish imkoni yaratiladi. Barcha turdagi mahsulotlarning bir joydaligi ortiqcha ovoragarchilik tug‘dirmaydi. Savdoning ushbu butunlay yangi turi ya’ni ishlab chiqaruvchi bilan xaridorning to‘g‘ridan to‘g‘ri munosabatga kirishishi narxlarning asossiz oshishidan himoyalaydi.

Ekobozor konsepsiyasi mamlakat iqtisodiyotining agrosanoat sektorini hamda tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, loyihaning ishga tushirilishi mingga yaqin doimiy ish o‘rni yaratadi.

Loyiha tashkilotchisi "GRADIENT" xususiy firmasi mas’ul xodimlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, 16 dekabr kuni Chilonzor tumanida ham tajriba tariqasida kichik ekobozor ochilgan va faoliyat yuritmoqda...

Odatiy oziq-ovqat bozorlari va supermarketlardan sezilarli darajada farq qiluvchi mazkur loyiha hayotga tadbiq etilishi natijasida O‘zbekistonda yangi shakldagi ekobozorlar tarmog‘i yaratiladi. Kelgusida ekobozor loyihasini O‘zbekiston bo‘ylab amalga oshirish rejalashtirilgan.

Ob’ektning ochilishi bahorning ilk kuni – 1 martda ochilishi rejalashtirilmoqda.

Mohigul Qosimova, O‘zA
1 167